12 053.460 so‘m

decrease

-63.890

14 026.610 so‘m

decrease

-42.850

152.430 so‘m

increase

2.940

12 053.460 so‘m

decrease

-63.890

5 kun avval
Iqtisodiyot
94

Oʻzbekistonda chakana savdodagi chegirmalar uchun yangi qoidalar joriy qilindi

Yangi qoidalarga koʻra, sotuvchilar chegirma eʼlon qilishdan oldin narxlar tarixini yuritishi, soʻnggi 30 kun ichidagi eng past narxni asos sifatida koʻrsatishi va soliq organlariga oldindan xabar berishi shart boʻladi. Shu bilan birga, sunʼiy chegirmalar yaʼni narxni avval oshirib, keyin tushirish orqali isteʼmolchining ishonchini suiisteʼmol qilish holatlari qatʼiyan taqiqlanadi.

Oʻzbekistonda chakana savdodagi chegirmalar uchun yangi qoidalar joriy qilindi
Foto: AI / Pinkod.uz

Oʻzbekistonda chakana savdoda oʻtkaziladigan aksiyalar va chegirmalar uchun yangi huquqiy tartib belgilandi. Bu hukumatning ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisidagi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlandi.

Mazkur qarorga koʻra, savdo qoidalari “ragʻbatlantiruvchi aksiya”, “narxnoma”, “chegirma narx” va “chegirma narxgacha” kabi yangi tushunchalar bilan toʻldirildi.

Shuningdek, sotuvchilar isteʼmolchilar qiziqishini oshirish yoki savdo hajmini koʻpaytirish maqsadida oʻz tovarlariga ragʻbatlantiruvchi aksiyalar yoki chegirmalar qoʻllashlari mumkin. Biroq bu tartib alkogol, pivo, vino, tamaki mahsulotlari hamda nikotin vositalariga tatbiq etilmaydi.

Chegirmalar eʼlon qilinishida quyidagi talablar belgilandi:

  • Avvalgi narx — soʻnggi 30 kun ichidagi eng past narx boʻlishi kerak (qishloq xoʻjaligi mahsulotlaridan tashqari);
  • Chegirma narxi odatdagi narxdan katta shriftda yozilishi mumkin emas (agar narxnoma mavjud boʻlsa);
  • Sunʼiy chegirma — narxni avval oshirib, keyin tushirib koʻrsatish orqali isteʼmolchini chalgʻitish qatʼiyan taqiqlanadi;
  • Soliq organlariga xabar — aksiya yoki chegirma haqida kamida 10 kun oldin taqdim etilishi shart;
  • Hisob yuritish — sotuvchi chegirma eʼlon qilishdan oldin tovar va narxlar hisobini yuritishi hamda soʻnggi 30 kun ichidagi amaldagi narxlarni qayd etishi lozim;
  • Shaffoflik — aksiya muddati, shartlari, tovar nomlari, narxi va imtiyozlar haqida isteʼmolchiga aniq va tushunarli maʼlumot berilishi kerak;
  • Tovar zaxirasi — aksiya amal qiladigan muddat davomida yetarli miqdorda boʻlishi taʼminlanishi zarur;
  • Shaxsiy maʼlumotlar — agar chegirma uchun isteʼmolchidan shaxsiy maʼlumotlar talab qilinsa, sotuvchi ularni qonun talablariga muvofiq qayta ishlashi va maqsadi haqida xabardor qilishi shart.

Ragʻbatlantiruvchi aksiya va chegirmalar boʻyicha belgilangan talablarni buzganlik uchun javobgarlik choralari qoʻllaniladi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2025 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+