12 712.090 so‘m

increase

35.360

14 927.810 so‘m

increase

52.940

162.640 so‘m

increase

1.610

12 712.090 so‘m

increase

35.360

1 kun avval
Bank

Oʻzbekistonda banklar taklif etayotgan VISA kartalar qanday qulayliklarga ega?

Xorijga chiqqanda eng asosiy hamroh — toʻlov kartalaridir. Pinkod banklar tomonidan taklif etilayotgan VISA kartalarning afzalliklari va ularning oʻziga xos jozibadorligini jamladi.

Shuningdek, tahririyat jamoatchilik faollari va blogerlardan xorijga chiqqanda qaysi bankning VISA kartasidan foydalanishlarini ham oʻrgandi.

Oʻzbekistonda banklar taklif etayotgan VISA kartalar qanday qulayliklarga ega?
Foto: AI / Pinkod.uz

Nima uchun sayohat davomida xorijiy kartalar kerak boʻladi?

Sayohat davomida xorijiy bank kartalarining boʻlishi zamonaviy va xavfsiz moliyaviy boshqaruvning muhim bir qismidir. Chet elga chiqqan odam oʻzi bilan katta miqdorda naqd pul olib yurishga majbur boʻlishi mumkin, bu esa xavfli, noqulay va baʼzida amaliy jihatdan ham imkonsiz hisoblanadi. Aynan shunday holatlarda xorijiy toʻlov tizimlariga mos keladigan bank kartalari katta yordam beradi.

Birinchidan, xorijiy kartalar orqali har qanday davlatda bemalol toʻlovlarni amalga oshirish mumkin. Bu kartalar VISA yoki boshqa xalqaro toʻlov tizimlariga ulangan boʻlib, deyarli barcha mehmonxonalar, restoranlar, doʻkonlar va transport xizmatlarida qabul qilinadi. Ayniqsa, sayohat davomida xarajatlar oldindan rejalashtirilmagan holatlarda, masalan, qoʻshimcha tunash, shoshilinch tibbiy xizmat, aviachiptani oʻzgartirish yoki yangi chiptalarni xarid qilish kabi zaruratlar yuzaga kelsa, karta orqali toʻlov qilish tez, qulay va ishonchli hisoblanadi.

Ikkinchidan, xorijiy kartalar valyuta ayirboshlash muammosini osonlashtiradi. Chet elda mahalliy valyutani topish yoki almashtirish har doim ham foydali kursda boʻlmasligi mumkin. Xalqaro karta orqali toʻlov qilinsa, bank oʻsha kungi kurs boʻyicha avtomatik ravishda valyutani konvertatsiya qilib beradi, bu esa ortiqcha toʻlovlar va pul yoʻqotishlarning oldini oladi.

Uchinchidan, xavfsizlik jihatidan ham xorijiy karta naqd pulga nisbatan ancha afzal. Kartani yoʻqotish holatida uni tezda bloklab qoʻyish, bank bilan bogʻlanib yordam olish mumkin. Ammo katta miqdorda naqd pul yoʻqolsa, uni qaytarib olish imkonsiz boʻlishi mumkin.

Toʻrtinchidan, zamonaviy davlatlarda raqamli toʻlovlar juda keng tarqalgan. Ayniqsa, Yevropa mamlakatlari, AQSh, Kanada, Yaponiya va Janubiy Koreya kabi rivojlangan davlatlarda odamlar asosan karta, telefon yoki boshqa raqamli qurilmalar orqali toʻlov qiladi. Naqd puldan foydalanish esa tobora kamayib bormoqda. Shu sababli xorijiy karta bilan qulaylik darajasi yanada ortadi.

Va nihoyat, xorijiy bank kartasi orqali ota-ona, yaqinlaringiz sizga osonlik bilan pul yuborishi mumkin. Ayniqsa, sayohat uzoq davom etsa yoki rejalashtirilmagan xarajatlar paydo boʻlsa, bu juda muhim ahamiyatga ega boʻladi.

Sayohat uchun eng yaxshi xalqaro kartalar

Visa Classic kartalari

Ushbu turdagi kartalar oʻz mijozlariga premium imkoniyat va imtiyozlarni taqdim etmaydi. Biroq, ular asosiy xalqaro toʻlovlarni amalga oshirish, onlayn xaridlar qilish, chet elda naqd pul yechib olish va sayohat davomida kundalik ehtiyojlar uchun yetarlicha qulaylik yaratadi.

Visa Classic kartalari xalqaro toʻlov tizimiga ulangan boʻlib, koʻplab davlatlarda keng tarqalgan terminal va bankomatlarda foydalanish mumkin. Ular arzonroq narxda chiqariladi va xizmat haqi nisbatan past boʻlib, oddiy foydalanuvchilar uchun tejamkor variant hisoblanadi.

Shuningdek, bu kartalar orqali onlayn xizmatlar — mehmonxona bron qilish, aviachiptalar xarid qilish, raqamli platformalarda toʻlovlar amalga oshirish kabi amallar bajarilishi mumkin. Shu sababli, Visa Classic kartalari premium xizmatlarga ehtiyoji yoʻq boʻlgan, lekin ishonchli va universal xalqaro karta izlayotgan foydalanuvchilar uchun maqbul tanlovdir.

Banklardagi Visa Classic kartalari

Visa rasmiy sayti maʼlumotlariga koʻra, hozirda Oʻzbekistondagi 23 ta bankda Visa Classic kartalarini ochtirish mumkin. Quyida ayrim banklardagi eng qulay shartlar keltiriladi.

Infinbank — Visa Classic Zero

Ushbu kartani bankdan chiqarish bepul amalga oshiriladi.

Afzalliklari:

  • Oʻzbekiston Respublikasi tashqarida yoki hududida tovarlar va xizmatlar uchun toʻlovlarni karta orqali amalga oshirish — komissiyasiz.
  • InFinBank AJ bankomatlarida yoki naqd pul berish shahobchalari naqd pul mablagʻlarini yechib olish — komissiyasiz*.
  • Xorijdagi bankomatlardan naqd pul yechish (oʻsha davlat banki komissiyasini hisobga olmaganda) — komissiyasiz.
  • 1 000 dollargacha Visa Direct xizmati orqali istalgan kartalarga komissiyasiz pul oʻtkazish.
  • Barcha konvertatsiya amaliyotlari komissiyasiz amalga oshiriladi.

* — UZCARD toʻlov tizimining dasturiy jamlanmasi orqali nazorat qilinadigan bankomatlardan naqd pul yechib olishda 1,5 foiz komissiya undiriladi.

Noqulayligi:

  • Minimal depozit (kamaymaydigan qoldiq talabi) — $10.

Ipak Yo‘li Bank — Visa Start valyuta

Ushbu kartani bankdan chiqarish bepul amalga oshiriladi.

Afzalliklari:

  • Minimal depozit talabi mavjud emas.
  • Karta orqali toʻlovlar — komissiyasiz.
  • Ipak Yo‘li Bank bankomatlarida va kassalarida naqd pul yechish va kiritish — komissiyasiz.

Noqulayligi:

  • Boshqa banklar bankomatlarida va kassalarida naqd pul yechishda — 2,5 foiz komissiya undiriladi.

Kapitalbank — Visa Classic

Makzur bankda ushbu turdagi kartalarni chiqarishda 25 000 soʻm toʻlov amalga oshiriladi.

Afzalliklari:

  • Visa Classic beruvchi imkoniyatlar.
  • Minimal depozit talabining mavjud emasligi.
  • Bepul xizmat koʻrsatish.
  • Tovar va xizmatlar uchun toʻlov komissiyasiz.
  • Kapitalbank tizimida naqd pul yechish komissiyasiz.

Noqulayligi:

  • Boshqa bank ATMlari orqali pul yechishda 3 foizlik komissiya olinadi

Mikrokreditbank — Visa Classic

Makzur bankda ushbu turdagi kartalarni chiqarishda 30 000 soʻm toʻlov amalga oshiriladi.

Afzallliklari:

  • Minimal depozit talabi mavjud emas.
  • Bankning bankomatlari yoki shahobchalari orqali naqd pul yechish — komissiyasiz.

Noqulayligi:

  • Milliy valyutada boshqa bankomatlarda pul yechishda 1,5 foizlik komissiya mavjud.
  • Internet orqali naqdsiz toʻlovlarda 0,5 foiz komissiya bor.

Orient Finans Bank (OFB) — Visa Classic

Ushbu kartani bankdan chiqarish bepul amalga oshiriladi.

Afzalliklari:

  • OFB bankomatlari orqali naqd pul yechish — foizsiz.
  • Oʻzbekiston hududida tovar va xizmatlar uchun foizsiz.

Noqulayligi:

  • Xalqaro toʻlovlarda 0,5 foiz komissiya ushlab qolinadi.
  • Oʻzbekiston va boshqa davlatlarda naqd pul yechishda 1,5 foiz komissiya ushlab qolinadi.

Shuningdek, Xalq bankida Visa Classic kartasini ochish narxi 20 000 soʻmni tashkil qiladi. Shuningdek, $10 minimal depozit talabi ham mavjud.

Bundan tashqari, Universalbank, Mybank, Octobank, Uzumbank va yana boshqa banklarda Visa Classic kartasini tekinga chiqarish mumkin.

Qaysi bankning Visa Classic kartasini tanlash kerak?

Agar siz xorijga tez-tez chiqadigan boʻlsangiz yoki xalqaro toʻlovlarni koʻp amalga oshirsangiz – Infinbank Visa Classic Zero sizga mos keladi. 

Agar siz koʻp sayohat qilmasangiz va karta orqali asosan Oʻzbekiston hududida toʻlov qilmoqchi boʻlsangiz – Ipak Yo‘li Bank Visa Start eng qulay variant.

Visa Infinite kartalari

Visa Infinite kartalari – bu xalqaro miqyosda eng yuqori darajadagi bank kartalaridan biri boʻlib, doimiy ravishda safar qiladigan, moliyaviy erkinlikni qadrlaydigan va premium xizmatlardan foydalanishni istovchi mijozlar uchun moʻljallangan. Ushbu kartalarni hozirda Oʻzbekistonning koʻplab banklarida ochish mumkin va ular egasiga qulaylik, xavfsizlik hamda eksklyuziv xizmatlar paketini taklif etadi.

Visa Infinite egalariga birinchi navbatda sayohat bilan bogʻliq bir qator imtiyozlar taqdim etiladi. Ularga dunyo boʻylab 1000 dan ortiq aeroportlardagi VIP biznes-zallarga yiliga 6 martagacha bepul kirish, Toshkent xalqaro aeroportidagi CIP-zaldan yiliga 10 martagacha foydalanish, Fast Track xizmatidan navbatsiz oʻtish, yiliga 6 martagacha bepul bagaj oʻrash va biznes-klass taksi xizmati kiradi. Koʻplab kartalarda xalqaro rouming uchun 3 GB trafik ham taqdim etiladi.

Shuningdek, karta egalariga 1 milliondan 2,5 million AQSh dollarigacha boʻlgan sayohat sugʻurtasi, yoʻqolgan bagaj va reys kechikishi uchun kompensatsiya, 24/7 konserj xizmati, bron qilish, avtomobil ijarasi, restoran buyurtmasi kabi xizmatlar koʻrsatiladi. Bular bilan birga, mehmonxonalar, restoranlar, butiklar va sayohat xizmatlarida eksklyuziv chegirmalardan foydalanish imkoniyati ham mavjud.


Karta imtiyozlari bilan toʻliqroq bu yerda batafsil tanishib chiqish mumkin.


Turli banklardagi Visa Infinite kartalari

“Oʻzmilliybank” (NBU) — Visa Infinite

Karta chiqarish narxi ish haqi loyihasida qatnashuvchilar uchun — 2,5 mln soʻmni, norezidentlar uchun esa 5 mln soʻmni tashkil qiladi.

Afzalliklari:

  • Sayohat va xaridlar uchun toʻliq sugʻurta — 2,5 million AQSh dollarigacha.
  • 24/7 konserj xizmati va virtual yordamchi.
  • Turkiya va Yevropa aeroportlarida Fast Track xizmatidan cheksiz foydalanish.
  • Dunyo boʻylab 1 200 ta biznes zalga yiliga 6 marta bepul kirish.
  • Toshkent xalqaro aeroportida yiliga 10 marta Fast Track va biznes-zal xizmati.
  • Yiliga 6 marta bepul bagaj oʻrash va biznes-klass taksi xizmati.

Noqulayligi:

  • Boshqa banklardagi Visa Infinite kartalariga nisbatan yuqoriroq narx.
  • Minimal depozit (kamaymaydigan qoldiq talabi) — $200.

“Agrobank” — Visa Infinite

Karta chiqarish va xizmat koʻrsatish narxi 200 000 soʻm. Agar individual dizayn tanlansa — qoʻshimcha 75 000 soʻm toʻlanishi kerak.

Oylik abonent toʻlovi 6 AQSh dollari (QQS bilan). Agar bir oy ichida xaridlar aylanmasi 4 000 AQSh dollaridan oshsa — bepul.

Afzalliklari:

  • Safar davomida tibbiy yordam va yoʻqotilgan bagaj sugʻurtasi.
  • 24/7 shaxsiy yordam (Concierge Service): mehmonxona bron qilish, restoran buyurtma qilish, avtomobil ijarasi va boshqa xizmatlar.
  • 900+ premium mehmonxonada bepul kechalar, kechiktirilgan chiqish va xonani yangilash imkoniyati.
  • Dunyo boʻylab 1 000+ VIP-aeroport zallaridan foydalanish.
  • Ayrim aeroportlarda tezlashtirilgan bojxona va xavfsizlik nazorati.
  • Restoranlar, butiklar va sayohat xizmatlarida eksklyuziv chegirmalar.

Noqulayligi:

  • Karta chiqarishda $200 miqdorida sugʻurta depoziti talab qilinadi.

“Oʻzsanoatqurilishbank” (SQB) — Visa Infinite

Kartani chiqarish Oʻzbekiston fuqarolari uchun — 1,200,000 soʻm.

Afzalliklari:

  • Konserj xizmati: bron qilish, yetkazib berish, tadbirlarni tashkil etish — rus va ingliz tillarida yordam. Dunyo boʻylab 6 000 dan ortiq xizmat koʻrsatuvchilarga kirish.
  • Toshkent aeroportidagi CIP-zal: yiliga 10 marotaba foydalanish.
  • DragonPass orqali xalqaro VIP-zallar: yiliga 6 marotaba kirish.
  • Bepul bagaj oʻrash: yiliga 6 marotaba.
  • Tibbiy sugʻurta: butun oila uchun, 2 500 000 AQSh dollarigacha.
  • Xaridlarni 90 kungacha himoya qilish: (yoʻqotish yoki shikastlanish holatlarida).
  • Reys yoki bagaj kechikishida kompensatsiya: 4 soatdan boshlab.
  • SQB seyf hujayrasi karta egasiga bepul taqdim etiladi.
  • Kamroq kamaymaydigan depozit miqdori: $50.

Noqulayligi:

  • Xorijda bank kassalari, bankomatlar va mahalliy banklarning xalqaro toʻlov terminallari orqali naqd pul yechishda 2 foizlik komissiya mavjud.


Eslatma: deyarli barcha banklar imtiyozlardan foydalanish uchun 35 kun ichida (oxirgi 5 kun hisobga olinmaydi) kamida 6 mln soʻmlik (yoki ekvivalent valyutadagi) xarid talab etiladi.

Aloqabank — Ferz Card

Kartani chiqarish narxi 200 000 soʻm.

Afzalliklari:

  • Xizmat koʻrsatish uchun alohida premial ofis, shaxsiy yondashuv va yuqori darajadagi servis.
  • Toshkent xalqaro aeroportidagi CIP-zalga cheksiz kirish imkoniyati.
  • 2 500 000 AQSh dollarigacha qoplanuvchi sayohat sugʻurtasi.
  • Sayohat uchun 3GB rouming.
  • Bankning turli hamkorlaridan imtiyozlar.
  • Toshkent shahri aeroportida premial taksi xizmatidan yiliga 6 marta foydalanish imkoniyati.
  • Minimal depozit talabi mavjud emas.
  • Aloqabank kassalarida naqd pul yechish — 0%.

Noqulayligi:

Karta hisobvaragʻiga xizmat koʻrsatish:

  • Milliy valyutada — oyiga 200 000 soʻm*.
  • Xorijiy valyutada — oyiga 15 AQSh dollari*.

*Oyiga 12 000 000 soʻm miqdorida naqd pulsiz hisob-kitob amalga oshirilganda komissiya olinmaydi.

Kapitalbank — Visa Infinite

Kartani chiqarish narxi 200 000 soʻm.

Afzalliklari:

  • Kapitalbank bankomatlari orqali foizsiz naqd pul yechish.
  • Minimal depozit talabi mavjud emas.
  • Kapitalbank tarmogʻida bank Visa kartalari boʻyicha naqd pul mablagʻlarini olish boʻyicha tranzaksiyalarni amalga oshirishda komissiya undirilmaydi.
  • GCAS — global mijozlarni qoʻllab-quvvatlash xizmati.
  • Xaridlarni himoya qilish (Purchase Protection).
  • Aeroportga yetib kelish/ketishda yordam (Meet & Assist xizmati).
  • LoungeKey dasturi orqali xalqaro biznes zallariga kirish.
  • Sayohat uchun toʻliq sugʻurta — $1 000 000 gacha.
  • Toshkent xalqaro aeroportidagi CIP-zalga bepul kirish.
  • Dragon Pass orqali biznes-zallarga bepul kirish.
  • $2 500 000 gacha sayohat sugʻurtasi.
  • Aeroportdan biznes-klass taksida yetkazib berish xizmati.
  • Bagajni bepul oʻrash xizmati.
  • Xalqaro aeroportlarda Fast Track — navbatsiz oʻtish imtiyozi.
  • Internet rouming uchun chegirmalar yoki trafik imtiyozlari.

Noqulayligi:

  • P2P oʻtkazmalarda 0,5 foiz komissiya mavjud.

“Davrbank” — Visa Infinite

Kartani chiqarish narxi 200 000 soʻmni tashkil etadi.

Afzalliklari:

  • Konserj xizmati: bron qilish, yetkazib berish, tadbirlarni tashkil etish — rus va ingliz tillarida yordam. Dunyo boʻylab 6 000 dan ortiq xizmat koʻrsatuvchilarga kirish. 
  • Toshkent aeroportidagi CIP-zal: yiliga 10 marotaba foydalanish.
  • DragonPass orqali xalqaro VIP-zallar: yiliga 6 marotaba kirish.
  • Bepul bagaj oʻrash: yiliga 6 marotaba.
  • Tibbiy sugʻurta: butun oila uchun, 2 500 000 AQSh dollarigacha.
  • Visa Infinite doirasidagi qolgan imtiyozlar.
  • Yillik bepul xizmat koʻrsatish.

Noqulayligi:

  • Nisbatan yuqori boʻlgan minimal depozit (kamaymaydigan qoldiq) talabi — $200.
  • Kartaning amal qilish muddati 3 yilni tashkil qiladi. Misol uchun, Aloqabank va Kapitalbank’da bu muddat 5 yil.

Eslatma: barcha banklardagi sayohat bilan bogʻliq imtiyozlar 2025 yil oxirigicha amal qiladi. Ushbu muddat tugagandan soʻng hamkorliklar yana uzaytirilishi yoki tugashi mumkin.

Ipak Yo‘li Bank — Visa Infinite

Kartani onlayn chiqarish narxi 187 500 soʻmni, bankka borib chiqarish esa 375 000 soʻmni tashkil qiladi.

Afzalliklari:

  • Ipak Yo‘li Bank bankomatlarida komissiyasiz naqd pul yechib olish va toʻldirish.
  • 3 GB rouming trafik(boshqa banklardagi Infinite kartalarida ham mavjud).
  • DragonPass orqali biznes-zallarga 6 martagacha bepul kirish.
  • Yiliga 10 marta Toshkent Xalqaro Aeroportida CIP-zalga bepul kirish.
  • $2 500 000 gacha sayohat sugʻurtasi.
  • Xalqaro aeroportlarda Fast Track.
  • Toshkent Xalqaro Aeroportida Anjir biznes-lounjga bepul kirish.
  • Yiliga 6 marta Toshkent Xalqaro Aeroportidan bepul biznes-klass taksi.
  • Xizmatlar va toʻlovlarda komissiya yoʻq.

Noqulayligi:

  • Kartaga xizmat koʻrsatish narxi — $4.99/oy.
  • Nisbatan yuqori boʻlgan minimal depozit (kamaymaydigan qoldiq) talabi — $200.

Asia Alliance Bank — Visa Infinite

Mazkur bankda ham kartani chiqarish narxi 200 000 soʻmni tashkil etadi.

Afzalliklari:

  • Bepul CIP-zalga kirish - yiliga 10 marotabagacha 35 kun ichida 6 000 000 soʻmdan ortiq xaridlar amalga oshirilganda.
  • Aeroportdan bepul transfer - yiliga 6 marta.
  • Visa Infinite doirasidagi barcha imtiyozlar(mashina va mehmonxona ijarasida, Amirsoy maskanida chegirma vahokazo).
  • Bankning valyuta terminallari orqali naqd pul yechib berishda komissiya olinmaydi.
  • Tovar va xizmatlar uchun toʻlovlarda komissiya mavjud emas.

Noqulayligi:

  • Boshqa bank bankomatlari yoki naqd pul berish shahobchalaridan pul yechishda 1 foiz komissiya ushlab qolinadi (boshqa bank komissiyasini hisobga olmaganda).
  • Humo va Uzcard tizimiga ulangan bankomatlarda pul yechishda 1,5 foiz komissiya mavjud.
  • Sugʻurta depoziti $150.

KDB Uzbekistan — Visa Infinite

Mazkur kartani bankdan emmisiya qilish bepul tarzda amalga oshiriladi.

Afzalliklar:

  • VIP zallarga yiliga 6 marta bepul kirish.
  • $1 000 000 gacha shaxsiy va $2 500 000 gacha oilaviy sayohat sugʻurtasi.
  • Visa Infinite kartalariga xos boshqa barcha xalqaro imtiyozlar va xizmatlar.

Noqulayligi:

  • Kartani olish uchun $200 miqdorida depozit talabi mavjud.

Orient Finans Bank — Visa Infinite

Kartani bankdan chiqarish narxi 200 000 soʻmni tashkil qiladi.

Afzalliklari:

  • Visa Infinite doirasidagi barcha imkoniyat va chegirmalar, jumladan:
    Bepul CIP-zalga kirish - yiliga 10 marotabagacha 35 kun ichida 6 000 000 soʻmdan ortiq xaridlar amalga oshirilganda.
  • 3 GB rouming trafik(boshqa banklardagi Infinite kartalarida ham mavjud).
  • DragonPass orqali biznes-zallarga 6 martagacha bepul kirish.
  • Yiliga 10 marta Toshkent Xalqaro Aeroportida CIP-zalga bepul kirish.

Noqulayligi:

  • Kamroq amal qilish muddati — 3 yil.
  • $200 minimal sugʻurta talabi mavjud.
  • Abonent toʻlovi (yil) — 60 AQSh dollari.
  • Chet elda naqd pul olishda 1,5 foizlik komissiya undiriladi.

“Biznesni rivojlantirish banki” (BRB) — Visa Infinite

Kartani bank xizmatlari markazlari orqali chiqarganda 200 000 soʻm komissiya olinadi. Masofaviy bank xizmatlari orqali buyurtma qilinganda bu miqdor 160 000 soʻmni tashkil qiladi.

Afzalliklari:

  • Kamroq minimal depozit talabi — $50 yoki 500 000 soʻm.
  • BRB Visa kartalaridan bank tizimidagi Visa xalqaro toʻlov tizimi terminallari orqali naqd mablagʻlarini yechish bepul.

    Visa Infinite doirasidagi barcha imtiyozlar, jumladan:

  • 3 GB rouming trafik(boshqa banklardagi Infinite kartalarida ham mavjud).
  • DragonPass orqali biznes-zallarga 6 martagacha bepul kirish.
  • Yiliga 10 marta Toshkent Xalqaro Aeroportida CIP-zalga bepul kirish. 
  • $2 500 000 gacha sayohat sugʻurtasi.
  • Xalqaro aeroportlarda Fast Track.
  • Toshkent Xalqaro Aeroportida Anjir biznes-lounjga bepul kirish.
  • Yiliga 6 marta Toshkent xalqaro aeroportidan bepul biznes-klass taksi.

Noqulayligi:

  • Kartaga xizmat koʻrsatish oylik 5 AQSh dollari (Savdo terminallari va internet savdo doʻkonlaridan oyiga 500 AQSh dollari undan ortiq naqdsiz operatsiya bajarilsa bepul).
  • Boshqa banklarga qarashli bankomat va terminallari orqali naqd pul yechishda 2 foiz komissiya olinadi.

Mikrokreditbank — Visa Infinite
Kartani chiqarish narxi koʻplab banklardagi kabi 200 000 soʻmni tashkil qiladi.

Afzalliklari:

  • Kamroq minimal depozit talabi — $30.
  • Oylik abonent toʻlovi yoki xizmat koʻrsatish haqqi mavjud emas.
  • 3 GB rouming trafik(boshqa banklardagi Infinite kartalarida ham mavjud).
  • DragonPass orqali biznes-zallarga 6 martagacha bepul kirish.
  • Yiliga 10 marta Toshkent Xalqaro Aeroportida CIP-zalga bepul kirish.
  • $2 500 000 gacha sayohat sugʻurtasi.
  • Xalqaro aeroportlarda Fast Track.
  • Toshkent Xalqaro Aeroportida Anjir biznes-lounjga bepul kirish.
  • Yiliga 6 marta Toshkent Xalqaro Aeroportidan bepul biznes-klass taksi.

Noqulayligi:

  • Xorij bank kassalari va bankomatlardan naqd pul olish — 1,5 foiz.
  • Oʻzbekiston hududiy banklari kassalari, mahalliy toʻlov tizimlari terminallari va bankomatlari orqali naqd pul yechish (milliy valyutada) — 1 foiz.
  • Internet va chet el mamlakatlarida tovarlar va xizmatlar uchun naqdsiz toʻlovlar — 0,5 foiz.

Shuningdek, Pinkod tahririyati bir qancha jamoatchilik faollari va blogerlarning xorijga chiqqanda qaysi bankning VISA kartalaridan foydalanishi bilan ham qiziqdi.


Qobil Xidirov, bloger, Davletovuz Telegram kanali asoschisi:

Kapitalbank’ning VISA debet kartasidan va InfinBank’ning VISA debet kredit kartasidan foydalanadi.

Nurbek Alimov, bloger, Alimoff Telegram kanali asoschisi:

Hamkorbank’ning VISA kartasidan foydalanadi va boshqalarga ham shuni tavsiya etadi.

Yunus Boʻronov, bloger, Platformauzb Telegram kanali asoschisi:

Aloqabank’ning VISA kartasidan foydalanib keladi.

Bank va moliya yangiliklariga ixtisoslashgan Bankxabar  Telegram kanali asoschisi:

Asakabank’ning Mastercard kartasini ishlatadi va boshqalarga ham shuni tavsiya etadi.

Muhrim Aʼzamxoʻjayev, jurnalist, Muhrim Telegram kanali asoschisi:

2017 yildan beri Infinbank’ning VISA-kartalarini ishlataman. Boshqalardan nima afzalligi bor, aniq bilmayman, qiziqmaganman ham. Shunchaki, valyuta konvertatsiyasi ochilganida shu bankdan VISA-karta ochtirganman va shundan beri shu bank vizalarini ishlataman.

Shuhrat Qurbonov, Kurbanoff.net Telegram kanali asoschisi, HUMO’ning sobiq rahbari:

Chet elda asosan multikartani - HUMO-Visa kartasidan foydalanaman. Keyin aviabilet sotib olish, premium xizmatlardani foydalanish (straxovka, biznes launj) uchun Orient Finasn Bank’dan Visa Infinite ishlataman, ayolim Ipak yuli bankidan Visa Platinum ishlatadi. Lekin chet elda kunlik tulovlarga tepada aytgan Humo-Visa kobeydj kartasi ishlatib kelayabman 2-3 yildan beri.

Ismoil Turopov, Bankers.uz nashri asoschisi va rahbari:

“Byudjetnыy”roq variant:

Ipak Yo‘li Bank’dan VISA klassik, ochish ham tekin, ortiqcha depozit yoʻq, lekin hech qanaqa premium imkoniyatlar bermaydi. Yoki Kapitalbank va Hamkorbank’da ham VISA’ning eng oddiy turlarini ochsa ham shu shartlar. Yuqoridagi 3 ta bankda ilovalar nisbatan qulay.

Sal premium variant:

“Oʻzsanoatqurilishbank”dan VISA Infinite yoki Mastercard World Elite (ochish 100 dollar) yoki AloqaBank’ning FERZ kartasi. Bular premium imkoniyatlar beradi: aeroportda tekin zaldan oʻtish, bepul kofe ichish va taksilar tekin.

Gulnoza Alimova, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi matbuot kotibi:

Soʻnggi 3 yilda faqat Xalq bankining VISA kartasidan foydalanganman. Biror marta uyaltirmadi. Xazna ilovasi orqali konvertatsiya qilish ham juda oson va valyuta kursi arzonroq.

Biroq boshqa bank VISA yo Mastercard kardlari beradiganidek premium servislari yoʻq hozircha.

Akmal Nazarov, Oʻzbekiston stol tennisi federatsiyasi matbuot kotibi, Markaziy bank raisining sobiq matbuot kotibi:

A.Nazarov VISA kartalar boʻyicha oxirgi yillarda barcha banklarda tizim yaxshi yoʻlga qoʻyilganini bildirdi. Shaxsan oʻzi esa 3-4 yildan beri Ipak Yo‘li Bank’ning VISA kartasidan foydalanishini maʼlum qildi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2025 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+