Oʻzbekistonda banklar kesimidagi mikroqarzlar boʻyicha oʻrtacha foiz stavkasi pasaydi
8 sentabr holatiga koʻra, Oʻzbekistonda mikroqarzlar boʻyicha oʻrtacha foiz stavkasi 35,3 foizni tashkil etib, oʻtgan oyga nisbatan 1 foizga pasaydi. Eng past foizlar asosan davlat banklari hissasiga toʻgʻri kelmoqda.

Markaziy bank odatiy ravishda, banklar kesimida mikroqarzlar boʻyicha oʻrtacha foiz stavkasini eʼlon qildi.
2025 yil 8 sentabr holatiga koʻra, mikroqarzlar boʻyicha oʻrtacha foiz stavkasi 35,3 foizni tashkil etib, oʻtgan oyning ayni shu davriga nisbatan 1 foizga pasaygan.
Banklar orasida eng past foiz stavkalarini asosan davlat banklari taqdim qilmoqda. Jumladan, Aloqabank bu haftada ham eng past foiz stavkada kredit beruvchi bank boʻlib turibdi. Bankda oʻrtacha stavka 22,7 foizni tashkil qilayotgan boʻlsa-da, bu koʻrsatkich oʻtgan oyga nisbatan 2,1 foizga koʻproqdir.

Keyingi past oʻrtacha stavkalar OFB, NBU va Trastbankda kuzatildi — ularning har birida mikroqarzlar boʻyicha foiz stavkasi 26,1 foizni tashkil etdi. Shuningdek, Ziraat bank (27,7 foiz), Agrobank (27,7 foiz), MKbank (27,4 foiz) va BRB (27,3 foiz) ham eng qulay shartlarni taklif qilayotgan banklar qatoriga kiradi.
Eng yuqori foiz stavkasi esa xususiy banklarda qayd etilgan. Jumladan, TBC bankda mikroqarzlarning oʻrtacha foizi 42,5 foiz(oʻtgan oyga nisbatan +0,6%), Anor bankda 41,2 foiz, Tenge bankda esa 39,7 foizni tashkil etmoqda.
Taqqoslash uchun, mikroqarzlardan tashqari, jismoniy shaxslarga ajratilayotgan kreditlarning oʻrtacha foiz stavkasi 23,7 foiz, yuridik shaxslarga ajratilayotgan kreditlar boʻyicha esa 23,1 foizni tashkil qilmoqda.