Oʻzbekistonda bank omonat va kreditlari boʻyicha foiz stavkalari qanday oʻzgarmoqda?
Milliy valyutadagi muddatli depozitlar oʻrtacha stavkasi 19% gacha, jami kreditlar boʻyicha stavkalar esa 20,1% gacha pasaydi. Dekabr oyi holatiga koʻra esa, mikroqarzlar boʻyicha oʻrtacha stavka 31,7%ni, avtokreditlar boʻyicha oʻrtacha yillik stavka 23,5%ni tashkil etadi. banklar kesimidagi stavkalar boʻyicha batafsil:

Markaziy bank bank tizimidagi oʻrtacha tortilgan foiz stavkalari boʻyicha yangi maʼlumotlarni eʼlon qildi. Yangilangan koʻrsatkichlar kredit va depozitlar bozorida pasayish tendensiyasi davom etayotganini koʻrsatmoqda.
Milliy valyutadagi omonatlar
Oktabr oyida milliy valyutadagi muddatli depozitlar boʻyicha oʻrtacha tortilgan foiz stavkasi 19,0 foizni tashkil etdi. Bu sentabr oyidagi 19,3 foizga nisbatan biroz past. Yil boshidan buyon esa umumiy pasayish 0,6 foiz bandni tashkil qilmoqda.

1 yildan ortiq muddatli omonatlar uchun banklar oʻrtacha 20,9% taklif qilmoqda. Ushbu koʻrsatkich yil boshidan beri 1,4 foizga kamaygan.
Jismoniy shaxslar uchun depozit stavkalarida pasayish kuzatilgan. Mazkur koʻrsatkich oy davomida 0,4 foizga tushib, 20,9 foizni tashkil etgan.
Inflyatsiya hisobga olinganda, aholi omonatlarining real daromadliligi 8,2 foizni tashkil qilmoqda.
Kreditlar
Milliy valyutadagi jami kreditlar boʻyicha oʻrtacha stavka 20,1% foizgacha tushdi. Bu nafaqat sentabr oyidagi (21,2%) balki yil boshidagi (21,6%) darajaga nisbatan ham sezilarli pasayishdir.

Jismoniy shaxslarga yoʻnaltirilgan kredit turlari (isteʼmol, avtokredit, ipoteka va boshqalar) boʻyicha foizlar asta-sekin pasayishda davom etmoqda. Oktabr oyida oʻrtacha stavka 22,6 foizni tashkil etgan boʻlib, oʻtgan oyga nisbatan 0,1 foizga pastlagan.
Kreditlarning muddatiga qarab farq saqlanib qolmoqda:
- Qisqa muddatli kreditlar (1 yilgacha) — 27,2%
- Uzoq muddatli kreditlar — 22,5% atrofida
Mikroqarzlar
8 dekabr holatiga koʻra, banklar kesimidagi mikroqarzlar boʻyicha oʻrtacha foiz stavkasi 31,7 foizni tashkil qilmoqda. Bu oʻtgan haftadagi eng past darajadan 0,3 foiz yuqori.

Banklar boʻyicha eng past foizli mikroqarzlar:
- Madad Invest Bank — 22,6%
- Aloqabank — 23,0%
- Trastbank — 23,9%
Eng yuqori foiz taklif qilayotgan banklar:
- Anorbank — 40,9%
- Tenge Bank — 40%
- Ipoteka bank — 38%
Avtokreditlar
1 dekabr holatiga koʻra, banklardagi avtokreditlar boʻyicha oʻrtacha yillik foiz stavkasi 23,5 foizni tashkil etmoqda.

Eng past stavkalar:
- Ipoteka Bank — 20%
- Garant Bank — 20,3%
- Davr Bank — 20,3%
Yuqori stavkalar:
- Trastbank — 26,6%
- Mikrokreditbank — 25,9%
- Asakabank — 25,5%









