Oʻzbekistonda bank kreditlari boʻyicha foiz stavkalari qanday oʻzgarmoqda?
Oʻzbekistonda kreditlar boʻyicha oʻrtacha foiz stavkalari aprel oyidagi eng past darajadan soʻng ketma-ket toʻrt oy davomida oshib, avgust oyida 24,1 foizga yetdi.
Shu bilan birga, mikroqarzlar boʻyicha oʻrtacha stavka 33,8 foizgacha tushib, kuzatuvlar boshlanganidan beri eng past darajaga yetdi, avtokreditlar boʻyicha esa bu koʻrsatkich 24 foizni tashkil etmoqda.
Banklar kesimidagi oʻrtacha foiz stavkalari haqida batafsil:

Oʻzbekistonda aholiga ajratiladigan kreditlar boʻyicha oʻrtacha foiz stavkasi ketma-ket toʻrt oy davomida koʻtarilmoqda. 2025 yil aprel oyida milliy valyutadagi kreditlarning oʻrtacha stavkasi soʻnggi yillardagi eng past darajaga — 22,6 foizgacha tushgan edi.
Shundan buyon foizlarda bosqichma-bosqich oʻsish kuzatilmoqda. Jumladan koʻrsatkich may oyida 23,1 foiz, iyunda 23,7 foiz, iyulda 23,8 foiz, avgustda esa 24,1 foizga yetdi.

Markaziy bank sentabr uchun umumiy oʻrtacha stavkani hali eʼlon qilmagan. Ammo 29 sentabrda eʼlon qilingan maʼlumotga koʻra, jismoniy shaxslarga ajratilayotgan kreditlar boʻyicha oʻrtacha stavka 23,7 foizni tashkil qilgan. Bu esa sentabr oyida foizlarning biroz pasayishi mumkinligini koʻrsatmoqda.
Mikroqarzlar
29 sentabr holatiga koʻra, mikroqarzlar boʻyicha banklar kesimidagi oʻrtacha foiz stavkasi kuzatuvlar boshlanganidan beri eng past darajaga — 33,8 foizgacha tushdi. Bu oʻtgan oyga nisbatan 2,1 foizga kam.

Banklar ichida eng past stavkani hali ham Aloqabank taklif qilmoqda — 24,8 foiz. Biroq bu koʻrsatkich bir oy ichida 2 foizga oshgan. Keyingi oʻrinlarda Trastbank (25,9 foiz) va OFB (26 foiz) qayd etilgan.
Eng yuqori stavka esa TBC bankda kuzatildi — 44,5 foiz. Bu oʻtgan oyning shu davriga nisbatan qariyb 2,2 foiz punktga oshganini bildiradi. Shuningdek, Anorbank (40,5 foiz), Tenge bank (39,7 foiz) va Apex bank (39,6 foiz) ham nisbatan yuqori foizlar bilan ajralib turibdi.
Avtokreditlar
Avtokreditlar boʻyicha oʻrtacha foiz stavka hozirda 24 foizni tashkil qilmoqda. Bu oʻtgan oyga nisbatan 0,3 foiz yuqori.
Banklar orasida eng past foizli avtokreditni Ipoteka bank taqdim etmoqda — 19,7 foiz (oʻtgan oyga nisbatan 1 punktga kamaygan). OFB, BRB va Garant bank’larda ham oʻrtacha stavkalar nisbatan pastligicha qolmoqda.

Nisbatan yuqori koʻrsatkichlar Hamkorbank, Infinbank va Madad Invest banklarda kuzatilib, bu yerda oʻrtacha stavka 27,6 foizdan 27,9 foizgacha yetmoqda.