Oʻzbekistonda AQSh moliya institutlari ishtirokida raqamli bank ochilishi mumkin
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida AQSh Eksimbanki va Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi rahbarlari bilan uchrashdi. Muzokaralarda Oʻzbekistonda raqamli bankni ishga tushirish, yangi xalqaro aeroport, data-markazlar va quruq portlar qurish kabi yirik loyihalarni moliyalashtirish masalalari muhokama qilindi.

Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev AQSh Eksimbanki prezidenti va raisi Jon Yovanovich hamda Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi (DFC) bosh ijrochi direktori Ben Blek bilan uchrashdi.
Uchrashuv avvalida AQSh vakillari davlat rahbariga Prezident Donald Trampning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Muzokaralarda AQSh moliya institutlarining Oʻzbekistonda infratuzilmani rivojlantirish, muhim minerallarni oʻzlashtirish, energetika tarmogʻini modernizatsiya qilish, sunʼiy intellektni joriy etish va iqtisodiyotni raqamlashtirishga qaratilgan strategik loyihalarni moliyalashtirishdagi ishtiroki muhokama qilindi.
AQSh Eksimbanki bilan energetika sohasidagi qoʻshma loyihalarni jadallashtirish boʻyicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, mahalliy tadbirkorlarning ustuvor yoʻnalishlardagi loyihalari uchun eksport kreditlari ajratishni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.
DFC tomonidan sogʻliqni saqlash, energetika va infratuzilma loyihalarini qoʻllab-quvvatlash uchun qoʻshma investitsiya platformasini ishga tushirish tashabbusi bildirildi. Oʻzbekiston tomoni ushbu taklifni qoʻllab-quvvatladi.
Tomonlar quyidagi yirik loyihalarni amalga oshirishning amaliy bosqichiga oʻtish zarurligini qayd etdi:
- Toshkentda yangi xalqaro aeroport qurish;
- Fargʻona viloyatida zamonaviy tibbiyot majmuasini tashkil etish;
- raqamli bankni ishga tushirish;
- data-markazlar barpo etish;
- quruq portlar infratuzilmasini yaratish.
Uchrashuv yakunida muhokama qilingan investitsiyaviy va texnologik loyihalarni ilgari surish boʻyicha qoʻshma “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish va qabul qilishga kelishib olindi.









