Oʻzbekiston yoki Qozogʻiston: 2025 yilda qayerdagi banklar koʻproq sof foyda oldi?
2025 yil yakunlariga koʻra, Qozogʻiston bank sektorining jami sof foydasi 2,7 trln tenge yoki 5,2 mlrd AQSh dollarini tashkil etdi.
Bu koʻrsatkich Oʻzbekiston banklarining 15,5 trln soʻmlik (1,2 mlrd dollar) umumiy foydasidan 4,3 barobar yuqori boʻldi.
Qozogʻistondagi birgina Halyk Bank’ning oʻzi butun boshli Oʻzbekiston bank tizimidan (35 ta bank) ham koʻproq sof foyda qayd etgan.

Qozogʻiston Respublikasi Milliy banki maʼlumotlariga koʻra, 2025 yil yakunlari boʻyicha Qozogʻiston bank sektorining jami sof foydasi 2,7 trln tengeni tashkil etdi. 2025 yilda kuzatilgan oʻrtacha valyuta kursi boʻyicha bu 5,2 mlrd AQSh dollariga teng.
Bu koʻrsatkich Oʻzbekiston bank sektorining umumiy sof foydasidan 4,3 barobar koʻp.
Shu bilan birga, Qozogʻiston banklarining sof foydasi 2024 yilga nisbatan atigi 6,7 foizga oshgan. Taqqoslash uchun: 2024 yilda bu oʻsish surʼati 17 foizni tashkil etgan edi.
Sektor foydasining qariyb 91 foizi mamlakatdagi 10 ta eng yirik bank hissasiga toʻgʻri kelgan.
Qozogʻistonda eng koʻp foyda koʻrgan TOP-5 bank
- Halyk Bank — 976,9 mlrd tenge (+15,6% yilma-yil)
- Kaspi Bank — 571,5 mlrd tenge (+7,7%)
- Bank CenterCredit (BCC) — 240,2 mlrd tenge (+23,1%)
- ForteBank — 182,3 mlrd tenge (+14%)
- Alatau City Bank — 144,8 mlrd tenge (−7,6%)
Korporativ hisobotlarga koʻra, 2025 yilda Oʻzbekiston banklari jami 15,5 trln soʻm sof foyda koʻrdi. Bir yil ichida sektor foydasi 2,3 barobarga oshgan.
2025 yildagi oʻrtacha kurs boʻyicha bu tahminan 1 trln 234 mln dollarni tashkil qiladi.
Oʻzbekistonda 2025 yilda eng koʻp foyda olgan banklar:
- Oʻzmilliybank — 1,9 trln soʻm ($152,6 mln)
- Oʻzsanoatqurilishbank — 1,8 trln soʻm ($149,5 mln)
- Kapitalbank — 1,79 trln soʻm ($147,7 mln)
- Hamkorbank — 1,7 trln soʻm ($142,2 mln)
- Orient Finans Bank — 1,04 trln soʻm ($83 mln)
Qozogʻistonda eng koʻp foyda olgan bank — Halyk Bank. Bankning 2025-yilgi sof foydasi AQSh dollarida qariyb 2 mlrd dollarni tashkil etadi. Bu koʻrsatkich Oʻzbekistondagi barcha banklarning jami foydasidan ham yuqori.
Halyk Bank uchun Oʻzbekiston bozori ham begona emas. Bank 2019 yilda Oʻzbekistonda Tenge Bank nomli shoʻba bankini ochgan. Bank 2025 yilda 54,9 mlrd soʻm sof foyda olgan.
Avvalroq Click va Qozogʻistonning yirik banki Halyk bank’i oʻrtasida kelishuv imzolangan edi.
Kelishuvga koʻra, Halyk Bank Click kompaniyasining 49 foiz aksiyalarini $176,4 million evaziga sotib oladi. Oʻz navbatida, Click aksiyadorlari Halyk Bankʼning Oʻzbekistondagi shoʻba banki — Tenge Bank ATBning 49 foiz aksiyalarini $60,76 million evaziga xarid qiladi. Mazkur bitim 7 oydan beri regulyatorlar tomonidan tasdiqlanishni kutmoqda.









