Oʻzbekiston Yevroosiyo taraqqiyot banki aksiyalari uchun $168 mln toʻlaydi
Prezidentning 16-sentabrdagi qaroriga koʻra, Oʻzbekiston YoTB ustav kapitalidagi 777 mingdan ortiq aksiyani sotib oladi. Ulardan 168 ming donasiga ($168,4 mln) 2025–2027 yillarda bosqichma-bosqich toʻlov amalga oshiriladi, qolgan qismi esa talab qilinganda toʻlanadi.

Prezidentning 16-sentabrdagi qarori bilan Oʻzbekistonning Yevroosiyo taraqqiyot banki (YoTB) aksiyalarini sotib olish jadvali tasdiqlandi.
Unga koʻra, Oʻzbekiston bank ustav kapitalidagi har biri $1000 qiymatga ega 777 777 dona aksiyani sotib oladi. Shundan 168 411 tasi (21,7%) uchun haq toʻlanadi, qolganlari esa talab qilinganda toʻlanadi.
Umumiy toʻlov summasi $168,411 mln etib belgilandi. Dastlabki $10 mln mablagʻ qaror kuchga kirganidan bir hafta oʻtib — 23-sentabrgacha toʻlanadi. Qolgan qismi esa 2026–2027 yillar davomida teng ulushlarda ($79,205 mln dan) amalga oshiriladi.
Shuningdek, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi YoTB bilan hamkorlik boʻyicha vakolatli organ etib tayinlandi. Bosh vazir oʻrinbosari Jamshid Xoʻjayev hamkorlik boʻyicha muxtor vakil, investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri oʻrinbosari Xurram Teshaboyev esa uning oʻrinbosari etib belgilandi.
YoTB — xalqaro moliyaviy institut boʻlib, aʼzo davlatlarning iqtisodiy oʻsishini qoʻllab-quvvatlash, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va investitsiyalar orqali Yevroosiyo mintaqasida integratsiya jarayonlarini rivojlantirishni maqsad qiladi.
Bank 2006 yilda Rossiya va Qozogʻiston tomonidan tashkil etilgan. Keyinchalik unga 2009 yilda Armaniston va Tojikiston, 2010 yilda Belarus, 2011 yilda Qirgʻiziston aʼzo boʻlgan. YoTBning ustav kapitali $7 mlrdni tashkil qiladi.