Oʻzbekiston xalqaro oltin-valyuta zaxiralari may oyida ham oʻsishda davom etdi
Shunga qaramay, zaxiralardagi oltinning jismoniy hajmi ketma-ket toʻrtinchi oy kamayishda davom etmoqda.

Markaziy bank hisobotiga koʻra, 1 iyun holatida Oʻzbekistonning xalqaro oltin-valyuta zaxiralari $49,66 mlrdga yetdi. Bu aprel oyiga nisbatan $410,2 mlnga koʻpdir.
Zaxiralarning katta qismini tashkil etuvchi oltin qiymati deyarli oʻzgarmay, 37,65 milliard dollarni tashkil qildi. Ammo uning hajmi 12,4 million troya unsiyagacha kamaydi. Bu zaxiralardagi oltin hajmining ketma-ket toʻrtinchi oy kamayishidir.
Koʻrsatkichlar | 1 yanvar 2025 | 1 may 2025 | 1 iyun 2025 |
Rasmiy zaxira aktivlari (mlrd $) | 41,2 | 49,2 | 49,66 |
Oltin (mlrd $) | 32,03 | 37,65 | 37,65 |
Sof hajmi (mln troya unsiya) | 12,3 | 11,5 | 11,4 |
Xorijiy valyutadagi zaxira aktivlari (mlrd $) | 8,6 | 11,03 | 11,44 |
Izoh: koʻrsatkichlar yaxlitlangan.
Xorijiy valyutadagi zaxiralar esa $411,9 mlnga oshib, $11,44 mlrdga yetgan. Qimmatli qogʻozlar miqdori $706 mln atrofida qolgan. Naqd valyuta va depozitlar esa 409 million dollarga ortib, $10,74 mlrdni tashkil etmoqda.
Bundan tashqari, mazkur boʻlim boʻyicha boshqa markaziy banklar va Xalqaro valyuta jamgʻarmasidagi hisoblarda $550 mln, xorijiy banklardagi hisoblarda esa $10,18 mlrd mavjud.
Eslatib oʻtamiz, aprel oyida Oʻzbekiston oltin-valyuta zaxiralari ketma-ket uchinchi marta rekord darajaga yetib, 49,2 milliard dollarga chiqqan edi.
Shuningdek, Oʻzbekiston uch oydan beri (fevral-aprel) dunyoda eng koʻp oltin eksport qilgan davlat boʻlib qolmoqda. Aprel oyida 11 tonna oltin sotilgan. Yil boshidan beri esa oltin zaxiralari hajmi 26 tonnaga kamaygan.