12 067.760 so‘m

decrease

-70.910

14 141.000 so‘m

decrease

-35.750

145.640 so‘m

increase

0.280

12 067.760 so‘m

decrease

-70.910

22-sentabr, 16:37
Iqtisodiyot

Oʻzbekiston tashqi savdo aylanmasi 8 oyda $51 mlrddan oshdi

Eksport hajmi 22,9 mlrdga yetgan boʻlsa, import 28,4 mlrdni tashkil qildi. Shu davrda Xitoy va Qozogʻistonga eksport qisqargan boʻlsa, Afgʻoniston va Turkiyaga eksport keskin oʻsdi. Umumiy savdo aylanmasida eng yirik hamkor Xitoy va Rossiya boʻlib turibdi.

Oʻzbekiston tashqi savdo aylanmasi 8 oyda $51 mlrddan oshdi
Foto: AI / Pinkod.uz

Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, joriy yilning dastlabki sakkiz oyida Oʻzbekiston tashqi savdo hajmi $51,4 mlrdni tashkil etdi. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 19,8 foizga yuqori boʻlib, qariyb $8,4 mlrdlik oʻsishga tengdir.

Tashqi savdo balansida salbiy farq saqlanib qoldi. 8 oy yakunida defitsit $5,4 mlrd darajasida qayd etildi.

Eksport hajmi $22,9 mlrdni tashkil etdi va oʻtgan yilga nisbatan 31,3 foizga koʻpaydi. Eksport tarkibida asosiy ulush oltin hissasiga toʻgʻri kelib, 8 oy davomida $8,4 mlrdlik oltin sotildi (2024 yilda bu koʻrsatkich $5 mlrd edi). Faqat avgust oyida oltin eksporti $836 mlnni tashkil qildi.

Oltindan tashqari eksport tarkibida sanoat mahsulotlari (11,1 foiz), oziq-ovqat mahsulotlari (7,8 foiz), kimyoviy mahsulotlar (5,9 foiz) hamda yoqilgʻi-moylash mahsulotlari (4,4 foiz) yetakchi oʻrinda turdi.

Eksport boʻyicha asosiy hamkor mamlakatlar ichida Rossiya (12,5 foiz), Xitoy (5,4 foiz) va Qozogʻiston (4 foiz) yetakchilik qildi. Biroq oylik eksport koʻrsatkichlari mamlakatlar kesimida turlicha boʻldi. 

Jumladan, Xitoyga eksport 23,5 foizga, Qozogʻistonga 29,3 foizga, Qirgʻizistonga esa 16,2 foizga kamaydi. Aksincha, Afgʻonistonga eksport 55,4 foizga oshib, eng yuqori oʻsish surʼatini qayd etdi. Shuningdek, Turkiyaga eksport 40 foizga, Rossiyaga esa 13,8 foizga oʻsdi.

Import hajmi ham ortib, 11,8 foizga koʻpaydi va $28,4 mlrdni tashkil etdi. Import tarkibida mashina va transport uskunalari (33,8 foiz), sanoat mahsulotlari (16,1 foiz) hamda kimyoviy mahsulotlar (12,6 foiz) eng katta ulushni egalladi.

Import boʻyicha asosiy hamkorlar qatorida Xitoy (29,7 foiz), Rossiya (19,1 foiz) va Qozogʻiston (7,4 foiz) yetakchi boʻlib qolmoqda. 

Umumiy tashqi savdo aylanmasida ham eng yirik hamkor mamlakat Xitoy hisoblanadi — uning ulushi 18,9 foizni tashkil qilmoqda. Keyingi oʻrinlarda Rossiya (16,1 foiz) va Qozogʻiston (5,9 foiz) qayd etilgan.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2025 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+