Oʻzbekiston suveren islomiy obligatsiyalar chiqaradi — Shavkat Mirziyoyev
Oʻzbekiston investitsiya manbalarini diversifikatsiya qilish uchun suveren islom obligatsiyalari — sukuk dasturini ishga tushiradi. Kapital bozoridagi yangi islohotlar kelgusida mahalliy korxonalarga kamida 10 mlrd dollar qoʻshimcha kapital jalb qilish imkonini berishi kutilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisida kapital bozorini rivojlantirish va muqobil moliya vositalariga keng yoʻl ochish boʻyicha yangi tashabbuslarni eʼlon qildi.
Davlat rahbarining maʼlum qilishicha, oʻtgan davrda Oʻzbekiston tomonidan xalqaro bozorlarda 16 mlrd dollardan ziyod obligatsiyalar joylashtirilgan. Shuningdek, milliy valyutadagi korporativ yevroobligatsiyalar ham muomalaga kiritilgan.
Ilk bor 13 ta strategik korxona aktivlarini birlashtirgan Milliy investitsiya jamgʻarmasining 30 foiz aksiyalari Toshkent va London fond birjalariga chiqarildi. Prezident bu joylashtirish London fond birjasida soʻnggi besh yildagi eng yirik IPO boʻlganini taʼkidladi.
Ayni paytda yana qator yirik kompaniyalarni mahalliy va xalqaro fond bozorlariga olib chiqishga tayyorgarlik koʻrilmoqda.
Kapital bozoridagi islohotlarning huquqiy asosini mustahkamlash maqsadida “Kapital bozori toʻgʻrisida”gi hamda “Muqobil investitsiya jamgʻarmalari toʻgʻrisida”gi qonunlarni qabul qilish rejalashtirilgan.
Shuningdek, Oʻzbekistonda xalqaro kliring kompaniyalarining faoliyat yuritishi uchun keng imkoniyatlar yaratiladi. Bu mahalliy qimmatli qogʻozlar bozorining xalqaro moliya tizimiga integratsiyalashuvini tezlashtirishi mumkin.
Investitsiya oqimlarini diversifikatsiya qilishning yana bir yoʻnalishi sifatida suveren islom obligatsiyalari — sukuk dasturini amalga oshirish boshlanadi. Sukuk anʼanaviy obligatsiyalardan farqli ravishda foiz toʻloviga emas, muayyan aktiv yoki loyihadan olinadigan daromadga asoslanadi.
Prezidentning taʼkidlashicha, kapital bozori, kliring tizimi va muqobil moliya vositalari boʻyicha rejalashtirilayotgan choralar mahalliy korxonalarga kelgusida kamida 10 mlrd dollar qoʻshimcha kapital olib kelishi mumkin.
Bundan tashqari, xususiylashtirish dasturi doirasida 2026 yilning oʻzida 6 mlrd dollarlik koʻchmas mulk obʼektlari, korxonalardagi davlat ulushlari va yer uchastkalari auksion savdolariga chiqariladi.
Davlat rahbari mahalliy va xorijiy investorlarni Oʻzbekiston kapital bozori va xususiylashtirish jarayonida yaratilayotgan yangi imkoniyatlardan faol foydalanishga chaqirdi.









