Oʻzbekiston qayerdan qancha qarz olgan?
Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistonning jami davlat qarzi 40,2 milliard dollarni tashkil etmoqda. Pinkod ushbu qarzning qaysi tashkilotlardan olingani va mablagʻlar qaysi yoʻnalishlarga sarflangani bilan qiziqdi.

Iqtisodiyot va Moliya vazirligi maʼlumotlariga koʻra, 2024 yil davomida Oʻzbekistonning davlat qarzi 2023 yilga nisbatan $5,27 mlrdga oshib, $40,19 mlrdni tashkil etdi. Ushbu oʻsishning asosiy qismi tashqi qarz hisobiga toʻgʻri kelib, uning hajmi $33,72 mlrdga yetdi. Ichki qarz esa yil davomida $1,19 mlrdga ortib, $6,47 mlrdni tashkil qildi.
Oʻzbekistonning asosiy kreditorlari kimlar?
Hozirgi kunda Oʻzbekiston davlat tashqi qarzining $19,1 mlrd qismi xalqaro moliyaviy tashkilotlardan jalb qilingan. Asosiy kreditorlar quyidagilar:
- Jahon banki – $7,64 mlrd
- Osiyo taraqqiyot banki – $7,41 mlrd
- Osiyo infratuzilma investitsiya banki (AIIB) – $1,65 mlrd
- Islom taraqqiyot banki – $0,9 mlrd
- Xalqaro valyuta jamgʻarmasi (IMF) – $0,7 mlrd
- Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (EBRD) – $0,3 mlrd
Tashqi qarzning $10,44 mlrdi xorijiy hukumatlarning moliyaviy tashkilotlari orqali jalb etilgan. Jumladan:
- Xitoy taraqqiyot banki va Eksimbank – $3,76 mlrd
- Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) – $2,88 mlrd
- Fransiya taraqqiyot agentligi – $977 mln
- Koreya Eksimbanki va Koreya iqtisodiy taraqqiyot jamgʻarmasi – $740 mln
- Germaniya davlat banki (KfW) – $415 mln
- Saudiya taraqqiyot jamgʻarmasi – $139 mln
- Ispaniya davlat banki – $66 mln
- Boshqa manbalar – $1,45 mlrd
Qarzdorlik mablagʻlari qaysi sohalarga yoʻnaltirilgan?
Oʻzbekiston davlat qarzining taqsimoti quyidagicha:
- 45% ($15,29 mlrd) — Davlat byudjetini qoʻllab-quvvatlash
- 17% ($5,74 mlrd) — Yoqilgʻi-energetika sanoati
- 9% ($2,91 mlrd) — Qishloq va suv xoʻjaligi
- 8% ($2,85 mlrd) — Uy-joy kommunal xoʻjaligi
- 8% ($2,85 mlrd) — Transport va transport infratuzilmasi
- 7% ($2,4 mlrd) — Sogʻliqni saqlash, taʼlim, axborot va kommunikatsiya texnologiyalari
- 2% ($841 mln) — Tadbirkorlik faoliyati va sanoat ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlash
- 2% ($764 mlln) — Kimyo sanoati
Maʼlumot uchun, yuqoridagi raqamlar faqat davlat tomonidan olingan tashqi qarzga tegishlidir. Agar xususiy sektor jalb qilgan tashqi qarzlar ham inobatga olinsa, Oʻzbekistonning umumiy tashqi qarzi 64,1 milliard dollarni tashkil etadi.