Oʻzbekiston pasportining jahon reytingidagi oʻrni yuqoriladi
Oʻzbekiston pasporti xalqaro reytingda sakkiz pogʻona yuqorilab, 2025 yilda 72-oʻrinni egalladi.
Reytingda birinchi oʻrin Singapurga, undan keyingi oʻrinlar Yaponiya va Janubiy Koreyaga nasib etdi.
Markaziy Osiyo davlatlari ichida esa Qozogʻiston 79 ta mamlakatga vizasiz kirish imkoniyati bilan yetakchilik qildi.

Henley & Partners investitsion kompaniyasi eʼlon qilgan 2025-yilgi xalqaro pasportlar reytingida Oʻzbekiston 72-oʻrinni egalladi.
Bu koʻrsatkich oʻtgan yilga nisbatan sakkiz pogʻona yuqori. Shunga qaramay, oʻzbekistonliklar avvalgidek 62 ta mamlakatga vizasiz yoki borib viza olish tartibida kirish huquqiga ega.
Reytingda birinchi oʻrin Singapurga nasib etdi. Bu davlat fuqarolari 193 mamlakat va hududga hech qanday oldindan ruxsat olmasdan, vizasiz yoki kelgach viza olish imkoniyatiga ega (oʻtgan yili 195 ta edi). Ikkinchi pogʻonada Yaponiya va Janubiy Koreya joylashib, ularning fuqarolari 190 ta mamlakatga vizasiz safar qila oladilar.
Uchinchi oʻrinni esa bir vaqtning oʻzida yetti davlat — Daniya, Finlyandiya, Fransiya, Germaniya, Irlandiya, Ispaniya va Italiya egalladi. Ularning pasport egalari dunyoning 189 mamlakatiga vizasiz borish imkoniyatiga ega. Kuchli beshlikka shuningdek Yevropaning boshqa davlatlari va Yangi Zelandiya ham kirdi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida eng yuqori natija Qozogʻistonga tegishli boʻlib, uning fuqarolari 79 ta mamlakatga vizasiz kira oladi. Mintaqada Qirgʻiziston 71-oʻrinda, Oʻzbekiston 72-oʻrinda, Tojikiston 78-oʻrinda, Turkmaniston esa 84-oʻrinda qayd etildi.
Roʻyxatning oxirgi oʻrinlarida Afgʻoniston, Iroq va Suriya joylashdi.