11 997.830 so‘m

increase

18.190

13 967.870 so‘m

increase

66.700

167.310 so‘m

decrease

-0.210

11 997.830 so‘m

increase

18.190

6 soat avval
Iqtisodiyot
53

Oʻzbekiston olti oylik tanaffusdan soʻng oltin eksportini qayta tikladi

Aprel oyida Oʻzbekiston 2025 yil sentabridan beri ilk bor oltin eksportini amalga oshirdi. Hisobot oyida tashqi bozorlarga chiqarilgan oltin hajmi qariyb $1,5 mlrdni tashkil etdi.

Oʻzbekiston olti oylik tanaffusdan soʻng oltin eksportini qayta tikladi
Foto: AI/Pinkod.uz

Oʻzbekiston 2026 yil aprel oyida olti oylik tanaffusdan soʻng oltin eksportini qayta tikladi.

Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, yanvar–aprel oylarida nomonetar oltin eksporti $1,5 mlrdni tashkil etdi. Bu jami eksportning 15,1 foiziga teng.

Oxirgi marta oltin eksporti 2025 yil sentabr oyida amalga oshirilgan boʻlib, oʻshanda ham hajm qariyb $1,5 mlrdni tashkil etgan edi.

Yanvar–aprel oylarida mamlakatning umumiy eksporti $9,97 mlrdni tashkil etdi. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 16,8 foizga kam. Eksportdagi pasayishda oltin eksporti hajmining oʻtgan yilga nisbatan ancha past shakllangani muhim omillardan biri boʻldi. 2025 yil yanvar–aprel oylarida nomonetar oltin eksporti $5,48 mlrd boʻlgan boʻlsa, joriy yilning mos davrida bu koʻrsatkich $1,5 mlrdga teng boʻldi.

Shu bilan birga, oltinsiz eksport dinamikasida ijobiy oʻsish saqlanib qoldi. Hisobot davrida oltinsiz tovarlar eksporti $5 mlrddan oshib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 28,7 foizga koʻpaydi. Bu oltin eksporti qisqargan sharoitda boshqa eksport yoʻnalishlari faollashganini koʻrsatadi.

Shu bilan birga, aprel oyida Markaziy bankning xalqaro zaxiralari tarkibidagi oltin qiymati $743,6 mlnga oshib, $61,6 mlrdga yetdi. Bunda oltin zaxiralarining jismoniy hajmi 13,4 mln troya unsiyasidan 13,3 mln troya unsiyasigacha qisqargan.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+