11 765.760 so‘m

decrease

-17.710

13 638.870 so‘m

decrease

-49.990

139.710 so‘m

increase

0.010

11 765.760 so‘m

decrease

-17.710

33 daqiqa avval
Bozor
46

Oʻzbekiston kapital bozori kapitallashuvi bir yilda 76% oshib, $35,7 mlrdga yetdi

Oʻzbekiston kapital bozorining umumiy kapitallashuvi 2026 yil 1 iyul holatiga $35,7 mlrdni tashkil etdi. Bir yil ichida koʻrsatkich 76,3%ga oshgan, korporativ obligatsiyalar chiqarilishi esa ikki baravardan koʻproq oʻsgan.

Oʻzbekiston kapital bozori kapitallashuvi bir yilda 76% oshib, $35,7 mlrdga yetdi

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi maʼlumotiga koʻra, 2026 yil 1 iyul holatiga Oʻzbekiston kapital bozorining umumiy kapitallashuvi $35,7 mlrdga yetgan. Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 76,3% koʻp.

Bundan kelib chiqib, bir yil avval kapital bozorining kapitallashuvi qariyb $20,2 mlrd boʻlgan. Yaʼni 12 oy ichida bozor qiymati taxminan $15,5 mlrdga oshgan.

Qimmatli qogʻozlar chiqarilishining umumiy hajmi esa $23,1 mlrdni tashkil etgan. Ayniqsa korporativ obligatsiyalar segmentida keskin oʻsish kuzatilgan: ularning emissiyasi bir yil ichida 129,3%ga oshib, $587 mlnga yetgan. Bu bir yil avvalgi qariyb $256 mlnlik hajmdan 2,3 baravar koʻp.

Ayni paytda korporativ obligatsiyalarga egalik qiluvchi chakana investorlar soni ham 131,5%ga koʻpaygan. Bu obligatsiyalar bozorining nafaqat emissiya hajmi, balki investorlar bazasi boʻyicha ham kengayayotganini koʻrsatadi.

Kapital bozoridagi yirik voqealardan biri UzNIF Milliy investitsiya fondining London va Toshkent birjalaridagi ikki tomonlama listingi boʻldi. Joylashtirish orqali $603,6 mln jalb qilindi, investorlar buyurtmalari esa $2,8 mlrdga yetdi. Yaʼni talab taklif qilingan hajmdan qariyb 4,6 baravar yuqori boʻlgan.

Shu bilan birga, “Toshkent” fond birjasi maʼlumotlarida 2026 yilning birinchi yarmi yakunida listingdagi kompaniyalar kapitallashuvi 428,06 trln soʻm yoki qariyb $35,7 mlrd ekani qayd etilgan. Bu koʻrsatkich 2025 yil oxiriga nisbatan 50,4%ga oshgan. Farq taqqoslash davrida: ILMA 76,3%lik oʻsishni yillik, fond birjasi esa 50,4%lik oʻsishni 2025 yil oxiriga nisbatan hisoblagan.

Kapital bozorining kengayishi fonida yangi instrumentlar ham paydo boʻlmoqda. Xususan, sentabr oyida “Asia Alliance Bank”ning $20 mlnlik dollarda nominallangan korporativ obligatsiyalari davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. Bu Oʻzbekistonda xorijiy valyutada chiqarilgan ilk korporativ obligatsiya emissiyasi boʻldi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+