Oʻzbekiston dunyoda sayyohlar oqimi eng tez oʻsayotgan davlatlar qatoriga kirdi
2025 yilning yanvar–sentabr oylarida Oʻzbekistonga kelgan xalqaro turistlar soni 2019 yilga nisbatan 73 foizga oshdi. Ushbu koʻrsatkich bilan mamlakat dunyo miqyosida eng tez oʻsayotgan sayyohlik yoʻnalishlari orasida 6-oʻrinni egalladi. Oʻzbekiston shuningdek Yevropada eng yuqori oʻsish qayd etilgan davlatlar qatoridan joy oldi.

Butunjahon turizm tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston 2025 yilning yanvar–sentabr oylarida xorijiy sayyohlarni jalb qilish boʻyicha dunyo miqyosida eng yuqori oʻsish qayd etilgan top-20 davlat qatoridan joy oldi.
Hisobotda qayd etilishicha, mamlakatga kelgan xalqaro turistlar soni 2019 yilga nisbatan 73 foizga oshgan. Ushbu koʻrsatkich bilan Oʻzbekiston dunyo boʻyicha eng tez oʻsayotgan sayyohlik yoʻnalishlari reytingida 6-oʻrinni egalladi.

Reytingning yuqori pogʻonalaridan Butan (+203%), Qatar (+138%), Salvador (+88%), Albaniya (+83%) va Bahrayn (+76%) joy oldi.
Shuningdek, Oʻzbekiston joriy yilning toʻqqiz oyida Yevropada eng tez oʻsish qayd etilgan 10 ta sayyohlik yoʻnalishidan biri boʻldi. Yanvar–sentabr oylarida mamlakatga kelgan xalqaro turistlar soni 2024 yilga nisbatan 13 foizga oshdi. Bu koʻrsatkich Yevropa mintaqasida Isroil (+23%), Finlyandiya (+15%) va Norvegiya (+14%)dan keyingi toʻrtinchi eng yuqori natija hisoblanadi.

2019 yilga nisbatan 73 foizlik oʻsish bilan Oʻzbekiston Yevropadagi eng yaxshi koʻrsatkich qayd etgan davlatlar orasida 2-oʻrinni egalladi. Birinchi pogʻona Albaniya (+83%)ga toʻgʻri keldi.
2025-yilning 11 oyida O‘zbekistonga 10,7 milliondan ortiq xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. Aprel oyidan boshlab tarixda birinchi marta har oyda 1 milliondan ortiq turist mamlakatga kelmoqda. Turistik xizmatlar eksportidan olingan daromadlar 4,4 milliard dollardan oshdi.









