Oʻzbekiston davlat banklarini xususiylashtirishni tezlashtirishi kerak — XVJ
Xalqaro valyuta jamgʻarmasi Oʻzbekiston hukumatiga davlat banklarini xususiylashtirishni jadallashtirishni va Markaziy bankka inflyatsiya 5 foizlik maqsadga erishmaguncha pul-kredit siyosatini qatʼiy saqlashni tavsiya qilmoqda.

Xalqaro valyuta jamgʻarmasi (XVJ) Oʻzbekiston hukumatiga davlat ulushidagi tijorat banklarini isloh qilish va ularni xususiylashtirish jarayonini tezlashtirishni tavsiya qilmoqda. Bu haqda tashkilotning 2025-yilgi maslahatlashuvlar yakunlari boʻyicha yakuniy bayonotida keltirib oʻtilgan.
Jamgʻarma fikricha, bu mamlakatda moliyaviy barqarorlikni taʼminlash, resurslarni samarali taqsimlash hamda xususiy sektorga arzon va barqaror moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish uchun zarurdir.
Shuningdek, XVJ davlat banklarining tijoratga asoslangan faoliyat yuritishini taʼminlash zarurligini taʼkidlab, ijtimoiy yoki noxarakteristik operatsiyalar uchun byudjetdan aniq va shaffof tarzda kompensatsiya toʻlanishi kerakligini bildirdi. 2020–2025 yillar uchun moʻljallangan bank islohotlari strategiyasida hukumatning bank tizimidagi ulushini 40 foizgacha kamaytirish rejalashtirilgani bois, bu maqsad sari faolroq qadamlar tashlash lozim.
Qatʼiy pul-kredit siyosati davom etishi kerak
XVJ inflatsiya bosimlari va kutilayotgan inflyatsiyani jilovlash yoʻlida Markaziy bank tomonidan yaqinda foiz stavkasining oshirilishini ijobiy baholadi.
Jamgʻarma inflyatsiya 5 foizlik maqsad darajasiga yaqinlashmaguncha qatʼiy pul-kredit siyosatini davom ettirishni, siyosatni maʼlumotlarga asoslangan holda olib borishni va zaruriyat tugʻilsa uni yanada qatʼiylashtirishni tavsiya qilmoqda.
Valyuta kursini bosqichma-bosqich kengaytirilgan oraliqlarda erkinlashtirish bozor sharoitlariga moslashish, zaxiralarni saqlash, tashqi zarbalarga barqaror javob qaytarish va iqtisodiy subʼektlarni valyuta xatarlaridan sugʻurtalashga undash uchun muhim omil sifatida koʻrilmoqda. XVJ valyuta bozorida yil davomida neytrallik prinsipiga amal qilinishi kursning moslashuvchanligini taʼminlashda muhim rol oʻynashini qayd etdi.
Bundan tashqari, XVJ moliyaviy sektor barqarorligini taʼminlash maqsadida bank nazoratini xalqaro standartlarga muvofiq kuchaytirishni, tavakkalchilikka asoslangan nazoratni joriy etishni, aktivlar sifati va muammoli kreditlarni hal qilish mexanizmlarini takomillashtirishni ham tavsiya qilmoqda.