Oʻzbekiston banklari 2026 yil birinchi choragida qancha sof foyda oldi?
Oʻzbekiston banklari 2026 yilning birinchi choragida 5,52 trln soʻm sof foyda oldi. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 59 foizga koʻproq.
Banklar orasida eng koʻp sof foydani 846,4 mlrd soʻm bilan “Ipoteka bank” qayd etdi.

Oʻzbekiston banklari 2026 yilning birinchi choragida 5,52 trln soʻm sof foyda oldi. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 59 foizga yuqoriroqdir.
Yanvar-mart oylarida banklar orasidagi eng kutilmagan oʻzgarish “Ipoteka bank”da kuzatildi. Oʻtgan yilning shu davrida zararda boʻlgan bank bu safar 846,4 mlrd soʻm sof foyda oldi. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 877,2 mlrd soʻmga koʻproqdir.
Soʻnggi yillarda eng koʻp sof foyda olgan bank maqomini bermay kelgan “Oʻzmilliybank” sof foyda koʻrsatkichi boʻyicha bu safar ikkinchi oʻrinni qayd etdi. Bank sof foydasi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 28,9 foizga oʻsib, 603,2 mlrd soʻmni tashkil etdi.
Kuchli uchlikni 550 mlrd soʻmlik sof foyda bilan yana bir davlat banki “Oʻzsanoatqurilishbank” yakunlab bergan (+36,2%).
Shuningdek, “Xalq banki” — 326 mlrd soʻm (+723,5%), “Kapitalbank” — 324,9 mlrd soʻm (+17,6%) sof foyda qayd etdi.
Keyingi oʻrinlarni Orient Finans Bank (265,7 mlrd soʻm) va Ipak Yuli Bank (234,4 mlrd soʻm) egalladi. Biroq bu banklarning sof foydasi mos ravishda 5,8 foiz va 16,4 foizga kamaygan.

Shuningdek, “Poytaxt bank”da sof foyda koʻrsatkichi 47,2 foizga, Anorbankda 28,1 foizga, MK Bank’da 25,3 foizga, “Biznesni rivojlantirish banki”da 20,4 foizga kamaygan.
Shu bilan birga, Uzum Bank 105,3 mlrd soʻm (+178,8%), TBC Bank 92,9 mlrd soʻm (+191,4%) sof foyda olib, avvalgi yilga nisbatan sezilarli oʻsish qayd etganini taʼkidlash kerak. Undan tashqari, 2025 yilning I choragida 26,7 mlrd soʻm zarar koʻrgan Apex Bank bu chorakda 56,4 mlrd soʻm sof foyda oldi.
Oʻzbekistonda hozirda mavjud 34 ta bankdan 33 tasi chorakni foyda bilan yakunlagan. Faqatgina AVO bank birinchi chorakda 3 mlrd soʻm sof zarar qayd etgan. Shunga qaramay, bank zarari 2 mlrd soʻmga qisqargan. Shuningdek, Open Bank (1,2 mlrd soʻm), Poytaxt bank (2,6 mlrd soʻm) va My Bank (2,9 mlrd soʻm) nisbatan kam sof foyda qayd etgan.
Davlat banklari orasida eng kam sof foydani Turonbank qayd etdi — 7,5 mlrd soʻm.
Banklar sof foydasi haqidagi maʼlumotlar Korporativ maʼlumotlar yagona portali hamda operativ hisobotlarga asoslanib, “Ahbor-reyting” agentligi tomonidan eʼlon qilingan.









