Oʻzbekiston aholisi qanday maqsadlar uchun kredit olmoqda?
Oʻzbekiston aholisi kredit mablagʻlarini asosan uy-joy, avtomobil va isteʼmol tovarlari xaridiga yoʻnaltirmoqda.
Markaziy bank soʻrovnomasiga koʻra, aholining 73 foizi kredit majburiyatiga ega boʻlib, ularning 64 foizi toʻlovda moliyaviy qiyinchilikka duch kelmoqda.
Oylik kredit toʻlovi aksariyat hollarda 6 million soʻmgacha boʻlsa-da, qarz muddati koʻpincha 2−5 yilni tashkil qiladi.

Aholining katta qismi kredit qarzlarini oʻz vaqtida toʻlashda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Bu haqda Markaziy bankning 2024 yil uchun eʼlon qilingan moliyaviy barqarorlik sharhida maʼlumot berilgan.
Joriy yil boshida Markaziy bank tomonidan oʻtkazilgan soʻrovnoma orqali aholining bank va bankdan tashqari qarz majburiyatlari boʻyicha moliyaviy yuklama darajasi aniqlangan.
Soʻrovda jami 3 546 nafar respondent ishtirok etgan. Ularning yarmida oiladagi aʼzolar soni 4−5 kishini tashkil qiladi. Soʻrov ishtirokchilari asosan moliya, taʼlim, qishloq xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash, savdo va boshqa sohalarda mehnat faoliyatini olib boradi.
Ular orasida oʻrtacha oylik daromadi 12 million soʻmgacha boʻlgan oilalarning ulushi 78 foizni tashkil etadi. Shulardan 24 foizi qoʻshimcha daromadga ega boʻlib, ularning 56 foizi qoʻshimcha daromad sifatida oyiga 4 million soʻmgacha mablagʻ topadi.

Soʻrov natijalariga koʻra, ishtirokchilarning 73 foizi oʻzi yoki oila aʼzolari orqali bank yoki bankdan tashqari kredit majburiyatlariga ega ekanini bildirgan. Ularning 64 foizi banklardan qarzdor boʻlsa, 19 foizida bankdan tashqari manbalardan olingan qarzlar ham mavjud.
Qarz mablagʻlari asosan uy-joy sotib olish yoki taʼmirlash, avtomobil xaridi hamda isteʼmol tovarlarini sotib olish uchun jalb qilingan boʻlib, bu maqsadlar uchun qarz olganlar ulushi 43 foizni tashkil etadi. Toʻy, davolanish yoki xususiy tadbirkorlik uchun qarz olganlar esa 5 foizga ham yetmaydi.

Soʻrovda qatnashganlarning 70 foizi oylik kredit toʻlovi 6 million soʻmgacha ekanini bildirgan. Ularning chorak qismi esa har oy 2−4 million soʻm toʻlaydi. Respondentlarning 55 foizida kredit muddati 2−3 yil, 5 yil va undan ortiqni tashkil etadi.
64 foiz aholining taʼkidlashicha, ular kredit majburiyatlarini belgilangan muddatda toʻlashda moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Shuningdek, ularning yarmiga yaqini yaqin 6 oy ichida toʻlov qobiliyati yaxshilanishini kutayotganini bildirgan. 41 foiz ishtirokchi hech qanday oʻzgarish boʻlmasligiga ishonadi, 11 foizi esa vaziyat yomonlashadi deb hisoblaydi.
Soʻrovdan maʼlum boʻlishicha, aholi orasida kelgusi 6 oyda yana qarz olish ehtiyoji borligini bildirganlar ulushi 20 foizni tashkil etgan. Ular oladigan mablagʻlarni asosan uy-joy xaridi yoki taʼmirlashga yoʻnaltirishni rejalashtirmoqda.
Markaziy bank maʼlumotiga koʻra, bankdan tashqari qarzlar ham inobatga olingan holda, banklarga kredit majburiyatiga ega respondentlarning oʻrtacha qarz yuklama darajasi 73 foizga teng.