Oʻzbekiston aholisi 37,5 milliondan oshdi
Oxirgi ikki oy ichida mamlakat aholisi 180 ming kishiga ortgan.
Statistika agentligi maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistonning doimiy aholisi 37,5 milliondan oshgan. Mamlakat aholisi yil boshidan beri 700 mingdan koʻproqqa oʻsdi. Yil boshida aholi soni 36,8 mln kishini tashkil etgan boʻlsa, 9 dekabr soat 15:30 holatiga koʻra, bu koʻrsatkich 37 million 535 ming kishini tashkil etmoqda.
Aholi oʻsishi boʻyicha maʼlumotlar (hisob-kitoblar nashr tomonidan amalga oshirilgan)
1 oktabr — 9 dekabr oraligʻida:
- Umumiy oʻsish: 180 249 kishi
- Oʻrtacha kunlik oʻsish: 2 574 kishi
1 yanvar — 9 dekabr davrida:
- Umumiy oʻsish: 735 849 kishi
- Oʻrtacha oylik oʻsish: 65 119 kishi
- Oʻrtacha kunlik oʻsish: 2 139 kishi
1 yanvar — 1 oktabr oraligʻida aholi oʻrtacha 2 035 kishiga kunlik oʻsgan boʻlsa, 1 oktabr — 9 dekabr davrida bu koʻrsatkich sezilarli darajada oshgan va kunlik oʻsish 2 574 kishini tashkil etgan. Bu esa yil boshidan 1 oktabrgacha boʻlgan oʻrtacha kunlik oʻsishdan yuqori.
9 dekabrgacha boʻlgan umumiy oʻsish davomida oylik oʻsish ham oshgan — yil boshidan hisoblangan oʻrtacha oylik oʻsish 65 119 kishini tashkil etmoqda. Bu esa kuz-qish mavsumida tugʻilish surʼati jadallashganini koʻrsatadi.
Jins boʻyicha aholi tarkibi:
- Ayollar soni: 18,6 million
- Erkaklar soni: 18,9 million
Jins boʻyicha tarkibda erkaklar soni ayollar soniga nisbatan 300 ming kishiga koʻp boʻlib, umumiy aholining 50,3%ini tashkil etmoqda.