Oʻzbekiston 2025 yilda Yevropa va Markaziy Osiyoda eng tez oʻsayotgan beshta iqtisodiyotdan biri boʻladi
Jahon bankiga koʻra, mamlakat yalpi ichki mahsuloti 2025 yilda 6,2 foizga, 2026 yilda esa 6 foizga oshishi kutilmoqda. Bu koʻrsatkichlar mintaqadagi oʻrtacha oʻsish surʼatlari (2025-yilda 2,4%, 2026-yilda 2,6%)dan ikki baravar yuqoriroqdir.

Jahon bankining “Yevropa va Markaziy Osiyo iqtisodiyoti: bandlik va farovonlik” nomli soʻnggi hisobotiga koʻra, Oʻzbekiston 2025 yilda Yevropa va Markaziy Osiyo (YeMO) mintaqasida eng tez oʻsayotgan beshta mamlakat qatoriga kiradi.
Hisobotda taʼkidlanishicha, bozorlari shakllanayotgan va iqtisodiyoti rivojlanayotgan YeMO davlatlarida iqtisodiy oʻsish surʼatlari biroz sekinlashgan. Shunga qaramay, global va mintaqaviy tahdidlarga qaramasdan, ushbu mamlakatlar iqtisodiyotida barqarorlik tendensiyalari saqlanib qolmoqda.
Mintaqada 2025-yilgi iqtisodiy oʻsish surʼati 2024 yildagi 3,7% koʻrsatkichdan past boʻlishi, yaʼni 2,4% atrofida qayd etilishi kutilmoqda. 2026–2027 yillarda esa bu koʻrsatkich oʻrtacha 2,6% boʻlishi prognoz qilinmoqda. Oʻsish asosan isteʼmol, ish haqlari, pul oʻtkazmalari, infratuzilma investitsiyalari va savdo hajmining tiklanishi hisobiga taʼminlanadi.
Biroq tuzilmaviy islohotlarning sustligi, geosiyosiy xatarlar, savdo ziddiyatlari va inflyatsiya mintaqa iqtisodiyotlari uchun asosiy xavf boʻlib qolmoqda.
Markaziy Osiyo mamlakatlarida yalpi ichki mahsulot (YaIM) oʻsish surʼatlari YeMO mintaqasida ketma-ket uchinchi yil eng yuqori boʻlib qolmoqda. Prognozlarga koʻra, 2025 yilda submintaqada oʻsish 5,9 foizni tashki etadi, biroq 2026 yilda bu koʻrsatkich 5 foizgacha pasayishi mumkin.
Oʻzbekiston 2025 va 2026 yillarda ham YeMO mintaqasida eng yuqori oʻsish surʼatlariga ega boʻlgan beshta iqtisodiyotdan biri boʻlib qoladi. Mamlakat YaIMining oʻsishi 2025 yilda 6,2%, 2026 yilda esa 6% boʻlishi kutilmoqda. Bu koʻrsatkichlar Jahon bankining iyun oyidagi prognozlariga nisbatan mos ravishda 0,3 va 0,1 foizga yuqori.
Hisobotda qayd etilishicha, Markaziy Osiyo davlatlarida iqtisodiyotning ayrim tarmoqlarida mavjud toʻsiqlarni bartaraf etish yangi ish oʻrinlarini yaratishga yordam beradi. Oʻzbekiston uchun ustuvor yoʻnalishlar sifatida kimyo sanoati, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) va meva-sabzavotchilik sohasi koʻrsatilgan.
Kimyo sanoatida raqobatbardoshlik va energiya samaradorligini oshirish ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, tartibga solish va tijorat faoliyatini ajratish, shuningdek, subsidiyalar, narx cheklovlari va eksport nazoratini bosqichma-bosqich bekor qilishga bogʻliq.
AKT sektorining rivojlanish salohiyati keng polosali internet qamrovining cheklanganligi va foydalanish imkoniyatlarining yetarli emasligi bilan toʻxtab qolmoqda.
Meva-sabzavotchilik sohasida esa xalqaro standartlarni joriy etish, sertifikatlash tizimini rivojlantirish, eksportda oldindan toʻlov talablarini bekor qilish, zamonaviy sugʻorish texnologiyalariga investitsiyalar kiritish, shuningdek, ilmiy-tadqiqot ishlarini kuchaytirish orqali eksport hajmini oshirish mumkin.