12 581.970 so‘m

increase

84.220

14 698.260 so‘m

increase

39.650

157.750 so‘m

increase

0.960

12 581.970 so‘m

increase

84.220

29-iyul, 15:25
Iqtisodiyot

Oʻzbekiston 1,68 milliard dollarlik aktivlar boʻyicha London va Toshkentda qoʻshma IPO oʻtkazmoqchi — Bloomberg

Oʻzbekistonning 1,68 milliard dollarlik aktivlarni boshqarayotgan Milliy investitsiya jamgʻarmasi (UzNIF) London va Toshkent fond birjalarida qoʻshma IPO oʻtkazishni rejalashtirmoqda.

Oʻzbekiston 1,68 milliard dollarlik aktivlar boʻyicha London va Toshkentda qoʻshma IPO oʻtkazmoqchi — Bloomberg
Foto: AI / Pinkod.uz

Oʻzbekistonning Milliy investitsiya jamgʻarmasi (UzNIF) London va Toshkent fond birjalarida qoʻshma IPO (boshlangʻich ommaviy taklif) oʻtkazish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda. Bu haqda Bloomberg holatga yaqin manbalariga tayanib xabar berdi.

Franklin Templeton kompaniyasi joriy yilda jamgʻarma boshqaruvini oʻz zimmasiga olgan va hozirda STJ Advisors kabi xalqaro moliyaviy maslahat firmalari bilan hamkorlikda ishlamoqda.

2023 yilda tashkil etilgan UzNIF jamgʻarmasi hozirda 18 ta davlat ulushi boʻlgan korxonalarda kam ulushga egalik qiladi. 

Jamgʻarma xorijiy investorlarni jalb etish maqsadida Londonda global depozit sertifikatlarini (GDR) chiqarishni rejalashtirayotgani, shuningdek, Yaqin Sharqdagi banklar bilan muzokaralar olib borayotgani maʼlum qilindi.

Ushbu reja Oʻzbekiston hukumati tomonidan olib borilayotgan xususiylashtirish siyosatining bir qismi boʻlib, davlat aktivlarini bozorga chiqarish orqali investitsiyalar oqimini kuchaytirish maqsadini koʻzlaydi.

Shuningdek, dunyodagi yirik oltin ishlab chiqaruvchilardan biri boʻlgan Navoiy kon-metallurgiya kombinati ham Londonda IPO oʻtkazish imkoniyatini oʻrganmoqda. Hozircha bu ikki loyihadan qaysi biri birinchi boʻlib amalga oshirilishi, IPO hajmi va sanasi haqida yakuniy qaror qabul qilinmagan.

Franklin Templeton vakilining maʼlum qilishicha, UzNIF aksiyalari Toshkent fond birjasida va xorijiy birjalardan birida joylashtiriladi, ammo hozircha qaysi xalqaro fond birjasi tanlanishi aniq emas.

Bloomberg maʼlumotlariga koʻra, London birjasi soʻnggi yillarda sustlashgan boʻlib, joriy yilning birinchi yarmida IPO orqali atigi 200 million funtdan kam mablagʻ jalb etilgan. Agar Oʻzbekiston kompaniyalari aynan Londonda listingdan oʻtsa, bu mazkur bozorda jonlanish yuzaga kelishiga turtki boʻlishi mumkin.


Eslatib oʻtamiz, 1 may kunidan boshlab Oʻzbekiston Milliy investitsiya jamgʻarmasi boshqaruvi AQShning Franklin Templeton investitsiya guruhiga oʻtkazilgan edi. 

Bugungi kunda UzNIF taxminan 1,7 milliard dollarlik aktivlarni boshqaradi. Ular orasida “Xalq banki”, “Mikrokreditbank” va “Biznesni rivojlantirish banki”ning asosiy boʻlmagan qismlari mavjud.

Shuningdek, 2025 yil 9 iyun kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Universal Mobile Systems (Mobiuz) kompaniyasi ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushini xususiylashtirish jarayonini boshlaganini maʼlum qildi.

Maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekiston Mobiuz mobil aloqa operatorini 300 mln dollarga sotishni rejalashtirmoqda. Bloomberg manbalarining maʼlum qilishicha, jarayonga Yaqin Sharq va Yevropadan investorlar jalb qilinishi mumkin.

Shuningdek, agar Mobiuz boshqa operatorlar bilan birlashish ehtimoli yuzaga kelsa, davlat potensial xaridorni qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirgan.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2025 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+