Oʻqituvchilar uchun yangi imtiyozlar: ipoteka, kredit va kontrakt yengilliklari
Endilikda 15 yil stajga ega oliy toifali pedagoglarning ipoteka krediti boshlangʻich badalining 25 foizi qoplab beriladi.
Davlat oliygohlariga oʻqishga kirgan pedagoglar farzandlarining kontrakt summasiga 30 foiz chegirma qoʻllanadi.
Shuningdek, oʻqituvchilar uchun kompyuter xaridiga 10 mln soʻmgacha imtiyozli kredit ajratiladi va davlat xizmatlari toʻlovlari ikki baravarga kamaytiriladi.

15 sentabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻqituvchi va murabbiylar kuni arafasida soha xodimlari bilan muloqot oʻtkazdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Prezident pedagoglarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan yangi tashabbuslarni taqdim etdi. Jumladan:
- kelgusi yildan kamida 15 yil stajga ega oliy toifali pedagoglarning ipoteka krediti boshlangʻich badalining 25 foizi davlat hisobidan qoplab beriladi;
- davlat oliygohlariga oʻqishga kirgan pedagoglar farzandlarining kontrakt toʻlovlariga 30 foiz chegirma qoʻllanadi;
- oʻqituvchilar uchun yangi taʼlim texnologiyalarini keng joriy etish maqsadida 10 mln soʻmgacha imtiyozli kredit asosida kompyuter xarid qilish imkoniyati yaratiladi;
- pedagoglar uchun davlat xizmatlari toʻlovlari ikki baravarga kamaytiriladi.
Shuningdek, malaka va ragʻbatlantirish tizimiga oid yangiliklar ham eʼlon qilindi. Xususan:
- boshlangʻich taʼlim oʻqituvchilari uchun milliy sertifikatlash tizimi joriy qilinib, sertifikat olganlarga har oy 15 foizlik ustama beriladi;
- bakalavr bosqichini imtiyozli diplom bilan tamomlab, maktabga ishga kirganlarga avtomatik tarzda 2-malaka toifasi, magistrlarga esa 1-malaka toifasi beriladi;
- dunyoning TOP-300 talik oliygohlariga oʻqishga kirgan pedagoglarga 20 ming dollargacha imtiyozli taʼlim krediti ajratiladi.
Bundan tashqari, reytingda yuqori oʻrinlarni egallagan taʼlim muassasalarida ishlayotgan pedagoglar uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratiladi. Xususan, TOP-100 talikka kirgan maktab va bogʻchalar, TOP-20 talik texnikumlar hamda TOP-10 ta oliygoh pedagoglariga yiliga bir marta Oʻzbekiston boʻylab sayohat qilish uchun samolyot va poyezd chiptalariga 15–20 foizlik chegirma beriladi.