OpenAI 2027 yilda 1 trln dollarlik baholash bilan IPO’ga chiqishi mumkin
ChatGPT yaratuvchisi OpenAI 2027 yilda aksiyalarini birjaga chiqarishga tayyor boʻlishi mumkin. Kompaniya avval IPO doirasida 1 trln dollargacha baholanishni koʻzlagan, soʻnggi investitsiya muzokaralarida esa uning qiymati 1,25 trln dollar atrofida muhokama qilinmoqda.

OpenAI prezidenti va hammuassisi Greg Brokman 4 noyabr kuni Kaliforniyada boʻlib oʻtgan The Wall Street Journal texnologiya konferensiyasida kompaniyaning birjaga chiqish rejalari haqida gapirdi. Bu haqda Reutes xabar bermoqda.
Undan OpenAI 2027 yilda birlamchi ommaviy aksiyalar taklifini (IPO) oʻtkazishga tayyor boʻladimi, deb soʻralganida, Brokman “Menimcha, ha”, deya javob bergan. Biroq kompaniya IPOning aniq sanasi va shartlarini hozircha eʼlon qilmagan.
OpenAI 2026 yil iyunida AQShda birjaga chiqish uchun maxfiy ariza topshirganini tasdiqlagan edi. Oʻsha paytda Reuters kompaniya IPO davomida 1 trln dollargacha baholanishni maqsad qilganini xabar qilgan.
Shu bilan birga, OpenAI’ning xususiy investitsiyalar bozoridagi bahosi sezilarli oshgan. Kompaniya mart oyida 122 mlrd dollarlik investitsiya majburiyatlarini jalb qilib, 852 mlrd dollarga baholangan.
Oktabr oxirida esa Financial Times OpenAI navbatdagi moliyalashtirish bosqichida 20 mlrd dollar jalb qilishni koʻzlayotganini xabar qildi. Dastlab kompaniya 1,4 trln dollarlik baholash asosida 30 mlrd dollar yigʻishni rejalashtirgan, biroq investorlar qiziqishi pasayishi ortidan maqsadli summa 10 mlrd dollarga, baholash esa 1,25 trln dollargacha qisqartirilgan.
Bu raqamlar IPOning yakuniy bahosi emas. Kompaniyaning birjaga chiqishdagi qiymati bozor sharoiti va investorlar talabiga qarab oʻzgarishi mumkin.
Ayni paytda OpenAI daromadlari tarkibida ham muhim oʻzgarish yuz bermoqda. Brokmanning soʻzlariga koʻra, korporativ mijozlar kompaniya tushumining yarmidan koʻpini taʼminlay boshlagan. Taqqoslash uchun, aprel oyida biznes mijozlari ulushi 40 foizdan oshgani maʼlum qilingan edi.
Kompaniya bu yoʻnalishda, xususan, dasturlash jarayonlarini avtomatlashtiruvchi Codex sunʼiy intellekt agentini faol rivojlantirmoqda. OpenAI korporativ AI bozorida Claude modeli yaratuvchisi Anthropic bilan raqobatlashmoqda.
Brokmanning taʼkidlashicha, 2026 yilning uchinchi choragida OpenAI’ning yillik hisobga keltirilgan daromadi chorak davomida 70 foizga oʻsgan, korporativ segmentdagi koʻrsatkich esa ikki baravarga oshgan.
Avvalroq OpenAI bosh direktori Sem Altman kompaniya 2026 yilda birjaga chiqmasligini bildirgan edi. U buni sunʼiy intellekt xavfsizligi bilan bogʻliq masalalar va xususiy kompaniya maqomida qolishning afzalliklari bilan izohlagan.









