12 603.520 so‘m

increase

25.310

14 676.800 so‘m

increase

43.310

160.940 so‘m

increase

0.630

12 603.520 so‘m

increase

25.310

17 soat avval
Bozor

Oltin narxi yil boshidan buyon 26 foizga koʻtarilib, 26 marta yangi tarixiy rekordni yangiladi

Jahon oltin kengashi hisobotiga koʻra, joriy yilning dastlabki olti oyida oltin narxi 26 foizga oshdi va shu davr mobaynida 26 marta yangi tarixiy rekordni yangiladi. 

Kengashning baholashicha, yilning qolgan qismida ham bozor barqarorligini saqlab qoladi va hatto salbiy ssenariylarda ham oltin narxi 3 000 dollar/unsiyadan pastga tushmaydi.

Oltin narxi yil boshidan buyon 26 foizga koʻtarilib, 26 marta yangi tarixiy rekordni yangiladi
Foto: AI / Pinkod.uz

Jahon oltin kengashining (WGC) yil oʻrtasida eʼlon qilgan hisobotiga koʻra, 2025 yilning dastlabki olti oyida oltin narxi 26 foizga oshdi va shu davr mobaynida 26 marta yangi tarixiy rekordni yangiladi. 

Bu koʻrsatkich oltinni barcha asosiy investitsiya yoʻnalishlari orasida eng samarali aktivga aylantirdi.

Narxlarning keskin oshishiga bir necha omillar, jumladan AQSh dollarining zaiflashuvi, obligatsiyalar daromadining pastligi hamda global miqyosda geosiyosiy tangliklarning kuchayishi sabab boʻldi.

“Oltin barcha yirik valyutalarda qimmatlashdi va global beqarorlik sharoitida oʻzining ishonchli aktiv ekanini yana bir bor isbotladi”, — deyiladi WGC hisobotida.

Oltin savdolari

2025 yilning birinchi yarmida kunlik oltin savdosi oʻrtacha 329 milliard dollarga yetib, rekord darajani koʻrsatdi. Bu hajmga banklararo savdolar, fond birjalari orqali amalga oshirilgan operatsiyalar hamda oltin bilan taʼminlangan birja fondlariga (ETF) boʻlgan talab sabab boʻldi.

ETF’lar portfeli yil boshidan beri 41 foizga kengayib, umumiy qiymati 383 milliard dollarga yetdi. Ular tomonidan saqlanayotgan oltin zaxirasi esa 397 tonnaga oshib, 3616 tonnani tashkil etdi — bu koʻrsatkich 2022 yil avgustidan beri eng yuqori darajadir.

Markaziy banklar ham oltin xarid qilishni davom ettirdi. Garchi xaridlar 2022 yildagi rekord darajadan past boʻlsa-da, AQSh dollaridan qochish va valyuta zaxiralarini diversifikatsiya qilish harakatlari saqlanib qolmoqda.

WGC tahliliga koʻra, AQSh dollarining zaiflashuvi va past foiz stavkalari oltinning daromadliligiga 7 foiz, global xavf va noaniqliklar esa 4 foiz daromad qoʻshgan.

2025 yil AQSh dollarining eng zaif boshlanishlaridan biri boʻldi. Bu holat, asosan, mamlakatning savdo siyosatidagi noaniqliklar va ichki siyosiy tangliklar bilan bogʻliq xavotirlar fonida yuzaga keldi. Shu sababli koʻplab investorlar ishonchli aktiv sifatida oltinga murojaat qilmoqda.

“Savdo bilan bogʻliq geosiyosiy xavflar nafaqat toʻgʻridan-toʻgʻri, balki dollar kursi, foiz stavkalari va bozor barqarorligiga ham taʼsir koʻrsatib, oltinga boʻlgan talabni kuchaytirmoqda”, — deyiladi WGC bayonotida.

2025 yilning qolgan qismida oltin narxi 

Hisobotda oltinning yilning qolgan qismida qanday harakatlanishi boʻyicha prognozlar ham berilgan. 

Bozor tahlillariga koʻra, yilning keyingi oylarida global iqtisodiyot oʻsishi sust boʻladi, inflyatsiya esa yuqori boʻlib qoladi. AQShda inflyatsiya darajasi yil oxiriga borib 2,9 foizga yetishi mumkin.

Shuningdek, AQSh Federal Rezervi yil yakunigacha foiz stavkalarini 50 bazaviy punktga kamaytirishi kutilmoqda. Bu holat oltin bozorini barqarorlashtiradi va kichik oʻsish uchun imkon yaratadi.

Hozirgi sharoit saqlanib qolsa, narx yana 0 dan 5 foizgacha oʻsishi mumkin. Biroq, agar jahon iqtisodiyotida yangi muammolar, jumladan stagflyatsiya yoki moliyaviy inqiroz xavfi yuzaga kelsa, narx 10–15 foizgacha koʻtarilishi ehtimoli mavjud. Aksincha, geosiyosiy mojarolar yumshab, iqtisodiy faollik tiklansa, oltin narxi 12–17 foizgacha pasayishi mumkin.

Shunga qaramay, WGC fikriga koʻra, hatto salbiy ssenariyda ham oltin uchun 3000 dollar/unsiya atrofida narx “tabiiy qoʻllab-quvvatlash” darajasi boʻlib qoladi. Narxlar tushsa, isteʼmolchi talabi ortib, bozorda qayta ishlangan oltin miqdori kamayadi.

Jahon oltin kengashi hisobotini quyidagicha yakunlagan: 

“Jahon iqtisodiyotini oldindan aniq bashorat qilish qiyin, ammo oltin asosiy iqtisodiy koʻrsatkichlar va global xavfsizlik muhitini hisobga olgan holda, hali ham strategik va taktik investitsiya qarorlarida muhim oʻrin egallaydi”.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2025 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+