Oltin narxi tarixda ilk bor 4 700 dollardan oshdi
Jahon bozorida oltin narxi yangi tarixiy choʻqqiga chiqdi. 20 yanvar kungi savdolarda bir unsiya oltin 4 700 dollardan oshdi.

Oltin narxi 2026 yilda ham rekordlarni yangilashda davom etmoqda. 20 yanvar kuni jahon bozoridagi savdolarda oltinning bir unsiyasi narxi tarixda ilk bor 4 700 dollardan oshdi.

Savdolar chogʻida qimmatbaho metall narxi maksimal darajada 4 717 dollargacha koʻtarildi. Xabar tayyorlanayotgan paytda esa oltin 4 715 dollar atrofida savdo qilinmoqda.
Oʻzbekistonda oltin narxlari
Jahondagi rekord oʻsish hozircha Oʻzbekiston bozorida toʻliq aks etgani yoʻq. Biroq yaqin kunlardagi savdolarda mahalliy bozorda ham yangi rekordlar qayd etilishi kutilmoqda.
Ayni paytda Oʻzbekistonda oltin quymalarining narxlari quyidagicha:
Ogʻirligi | Sotish narxi | Qaytarib sotib olish narxi | |
| qadogʻi but holatda | qadogʻi buzilgan yoki texnik talablarga mos kelmaydigan holatda. | ||
5 gramm | 9 244 000 soʻm | 8 885 000 soʻm | 8 795 000 soʻm |
10 gramm | 18 488 000 soʻm | 17 770 000 soʻm | 17 590 000 soʻm |
20 gramm | 36 975 000 soʻm | 35 540 000 soʻm | 35 181 000 soʻm |
50 gramm | 92 439 000 soʻm | 88 849 000 soʻm | 87 951 000 soʻm |
100 gramm | 184 877 000 soʻm | 177 698 000 soʻm | 175 903 000 soʻm |
Oltin narxi nega oshmoqda?
Mutaxassislar oltin narxining keskin oshishini bir nechta omillar bilan izohlamoqda. Xususan, AQSh hukumati va Donald Tramp tomonidan Federal zaxira tizimi (FED) mustaqilligiga nisbatan bildirilayotgan bosimlar investorlar orasida xavotirni kuchaytirmoqda. Ayni paytda FED raisiga nisbatan jinoiy ish ochilgani ham bozorlardagi beqarorlikni oshirgan.
Bundan tashqari, AQSh va Venesuela oʻrtasidagi keskinlashayotgan munosabatlar, shuningdek Donald Trampning Grenlandiyani qanday boʻlmasin AQSh tarkibiga qoʻshib olish haqidagi bayonotlari ham geosiyosiy risklarni kuchaytirmoqda. Ushbu omillar investorlarni xavfsiz aktiv sifatida oltin tomon yoʻnaltirib, uning narxini yuqoriga tortmoqda.









