Oltin narxi $3 000 dan pastga tushib ketishi mumkin — Citibank
Citibank oltinning oʻsish davri yakuniga yetayotganini taʼkidlab, narxlar $3 000 dan pastga tushishini kutmoqda.
Bank geosiyosiy xavflar va AQShdagi byudjet muammolari narxni qisqa muddatda yuqorida ushlab turishini aytmoqda.
2026 yildan boshlab talabning kamayishi va iqtisodiy tiklanish narxlarni pasaytirishi mumkin.

Citibank’ning soʻnggi prognoziga koʻra, global iqtisodiy oʻsish istiqbollari yaxshilanib, investitsion talab susayishi fonida oltin narxi 2025 yil oxiri yoki 2026 yil boshlarida bir unsiya uchun $3,000 darajasidan pastga tushishi mumkin.
Bank qisqa muddatli (0–3 oy) prognozini $3,500 dan $3,300 ga, oʻrta muddatli (6–12 oy) prognozini esa $3,000 dan $2,800 ga tushirdi. Shuningdek, Citi oltin narxlari 2025 yilning uchinchi choragiga qadar $3,100–$3,500 oraligʻida boʻlishini kutmoqda. Bunga geosiyosiy xavflar, AQSh boj siyosatidagi noaniqliklar va byudjet masalalari taʼsir koʻrsatadi.
Shundan soʻng esa narxlarning pasayish tendensiyasi boshlanishi mumkin.
“Bizning fikrimizcha, 2025 yil oxiri va 2026 yilda oltinga investitsion talab pasayadi, chunki aynan shu vaqtlarda Trampning mashhurligi va AQSh oʻsish istiqbollari kuchayib boradi — ayniqsa, AQShdagi oraliq saylovlar yaqinlashar ekan” ,— deyiladi Citibank’ning eslatmasida.
Bankning prognoziga koʻra, oltin narxlari 2026 yilning ikkinchi yarmida bir unsiya uchun $2,500–$2,700 oraligʻiga qaytishi mumkin.
Bankning 60 foizlik ehtimoli boʻlgan asosiy holatida, oltin keyingi chorakda bir unsiya uchun 3000 dollardan yuqori darajada barqarorlashib, soʻngra pasayishi kutilmoqda.
Boshqa optimistik holatda, agar tariflar, siyosiy tanglik yoki iqtisodiy muammolar kuchaysa, narx yana oshib, rekord darajaga chiqishi mumkin.
Yana bir pessimistik ssenariyga koʻra esa, agar tariflar muammosi tez hal boʻlsa, bozor tinchlanadi va narx keskin tushib ketadi.
Citi har ikki — optimistik va pessimistik — prognozning amalga oshish ehtimolini 20 foiz deb hisoblamoqda.
Oltinning ehtiyotkor prognozlariga zid tarzda, Citi kumush narxlarining keyingi 6–12 oy ichida bir unsiya uchun $40 ga koʻtarilishini kutmoqda(ayni vaqtda narx $37). Bunga kumush mavjudligining cheklanishi va talabning kuchliligi sabab boʻladi.
Bankning qoʻshimcha qilishicha, optimistik ssenariyda 2025 yilning uchinchi choragida AQSh–Xitoy savdo urushi tezroq hal boʻlib, Federal rezerv siyosati yanada qattiqroq boʻlsa, kumush narxi $46/unsiyaga yetishi mumkin.