12 012.120 so‘m

increase

32.290

13 935.260 so‘m

increase

30.270

166.120 so‘m

increase

1.130

12 012.120 so‘m

increase

32.290

2 soat avval
Iqtisodiyot
42

Oliy taʼlim bitiruvchilarining oʻrtacha maoshi 5,1 mln soʻmni tashkil etdi

Oʻzbekistondagi 114 ta oliygohning 242,6 ming nafar bitiruvchisi boʻyicha oʻtkazilgan dastlabki baholashda ularning 75 foizi ish bilan taʼminlangani, oʻrtacha oylik ish haqi esa 5,1 mln soʻmni tashkil etgani aniqlandi. Eng yuqori maosh biznes va boshqaruv, huquq hamda AKT yoʻnalishlari bitiruvchilarida qayd etildi.

Oliy taʼlim bitiruvchilarining oʻrtacha maoshi 5,1 mln soʻmni tashkil etdi
Foto: AI/Pinkod.uz

Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi 2025 yil bitiruvchilari boʻyicha Bitiruvchilar sifati indeksining dastlabki natijalarini eʼlon qildi.

Tadqiqot 2025 yil 1 avgustdan 2026 yil 31 martgacha boʻlgan sakkiz oylik davrni qamrab olgan. Unda 114 ta oliygohni tamomlagan 242 ming 602 nafar bitiruvchining mehnat bozoridagi holati tahlil qilingan.

Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, bitiruvchilarning 75 foizi ish bilan taʼminlangan. Ularning oʻrtacha oylik ish haqi 5,1 mln soʻmni, oliygohni tugatgandan keyin ishga joylashish uchun ketgan oʻrtacha vaqt esa 2 oy 1 kunni tashkil etgan.

Shu bilan birga, bitiruvchilarning 60,1 foizi kamida toʻrt oy davomida bir ish joyida barqaror faoliyat olib borgan. Barcha koʻrsatkichlar asosida hisoblangan oʻrtacha Bitiruvchilar sifati indeksi 100 balldan 60,1 ball boʻlgan.

Huquq bitiruvchilari maosh boʻyicha ikkinchi oʻrinda

Yoʻnalishlar kesimida eng yuqori oʻrtacha ish haqi biznes va boshqaruv sohasi bitiruvchilarida kuzatilgan — oyiga 8,5 mln soʻm.

Keyingi oʻrinlarni:

  • huquq — 7,3 mln soʻm;
  • AKT — 6,8 mln soʻm;
  • transport xizmatlari — 6,3 mln soʻm;
  • ijtimoiy va xulq-atvor fanlari — 6,2 mln soʻm egallagan.

Eng past oʻrtacha ish haqi biologik va turdosh fanlar bitiruvchilarida qayd etilib, 3,2 mln soʻmni tashkil qilgan. Veterinariya yoʻnalishida bu koʻrsatkich 3,4 mln soʻm, fizika va tabiiy fanlarda esa 3,5 mln soʻm boʻlgan.

Matematika bitiruvchilari tezroq va barqarorroq ish topgan

Umumiy indeks boʻyicha eng yuqori natija matematika va statistika yoʻnalishida qayd etilgan — 69,6 ball. Ushbu yoʻnalish bitiruvchilarining 69 foizi kamida toʻrt oy davomida barqaror ishlagan, oʻrtacha ishga joylashish muddati esa 62 kunni tashkil etgan.

Indeks boʻyicha keyingi oʻrinlarda taʼlim yoʻnalishi — 66,7 ball hamda biznes va boshqaruv — 63,9 ball bilan joylashgan.

Eng past indeks transport xizmatlari yoʻnalishida qayd etilgan — 46,7 ball. Gigiyena va mehnat muhofazasi yoʻnalishida koʻrsatkich 48,6 ball, qishloq xoʻjaligida ham 48,6 ball boʻlgan.

Agentlik maʼlumotiga koʻra, yakuniy reytingda eng yaxshi natija koʻrsatgan Top-20 oliy taʼlim tashkilotining karera markazlari 500 mln soʻmdan ragʻbatlantiriladi.

Hozirgi koʻrsatkichlar sakkiz oylik kuzatuv asosidagi dastlabki modellashtirish natijasi hisoblanadi. Bitiruvchilarning 12 oylik mehnat faoliyati asosida shakllantiriladigan yakuniy indeks 2026 yil avgust oyida eʼlon qilinishi rejalashtirilgan.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+