OKMK sof foydasi birinchi chorakda 4,72 trln soʻmga yetdi
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati 2026 yilning birinchi choragida 4,72 trln soʻm sof foyda koʻrdi. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 3,3 barobarga koʻp. Oʻsishga daromadning 14,03 trln soʻmgacha oshgani va sotilgan mahsulot tannarxining pasaygani taʼsir qilgan.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati 2026 yilning birinchi choragida 4,72 trln soʻm sof foyda koʻrdi. Bu 2025 yilning mos davridagi 1,44 trln soʻmga nisbatan qariyb 3,3 barobarga koʻp. Kombinatning sof tushumi ham sezilarli oshib, 14,03 trln soʻmni tashkil etdi.
Kompaniya daromadi bir yil ichida 4,97 trln soʻmga yoki 54,8 foizga koʻpaygan. 2025 yilning birinchi choragida OKMK mahsulot va xizmatlarni sotishdan 9,06 trln soʻm sof tushum olgan edi. 2026 yilning shu davrida esa bu koʻrsatkich 14,03 trln soʻmga yetgan.
Foydaning keskin oshishida faqat tushumning koʻpayishi emas, balki tannarxning pasaygani ham muhim rol oʻynagan. Hisobotga koʻra, sotilgan mahsulot tannarxi 4,4 trln soʻmdan 4,21 trln soʻmga kamaygan. Natijada yalpi foyda 4,66 trln soʻmdan 9,82 trln soʻmga chiqib, ikki barobardan koʻproqqa oshgan.
Bu kompaniyaning rentabelligida ham yaqqol koʻrinadi. 2025 yil birinchi choragida yalpi marja taxminan 51,5 foiz boʻlgan boʻlsa, 2026 yilning mos davrida bu koʻrsatkich qariyb 70 foizga yetgan.
Shu bilan birga, davr xarajatlari ham oshgan. Kompaniyaning davr xarajatlari 1,54 trln soʻmdan 2,3 trln soʻmga koʻtarilgan. Bunda asosiy ulush boshqa operatsion xarajatlarga toʻgʻri keladi — ular 2,13 trln soʻmni tashkil etgan.
OKMKning asosiy faoliyatdan olgan foydasi 9,11 trln soʻmga yetgan. Taqqoslash uchun, oʻtgan yilning mos davrida bu koʻrsatkich 3,24 trln soʻm boʻlgan.
Kompaniya toʻlashi kerak boʻlgan foyda soligʻi esa 1 trln soʻmdan 3,75 trln soʻmga oshgan.









