Ochiq va yopiq bitimlar: 2025 yilda Oʻzbekistonda nimalar xususiylashtirildi?
Yil davomida toʻlov tizimlari, sanoat korxonalari, infratuzilma obʼektlari va davlatga tegishli binolar yuzlab million dollarga sotildi.
Ayrim bitimlar shaffoflik masalasida savollar uygʻotgan boʻlsa, ayrimlari iqtisodiyotda yangi oʻyinchilarning paydo boʻlishiga zamin yaratdi.
Pinkod 2025 yil davomida xususiylashtirilgan korxona va obʼektlar, shuningdek davlat ixtiyoriga qayta qaytgan aktivlarni esga oladi..

Paynet Humo toʻlov tizimini 65 mln dollarga sotib oldi
Yil boshida “Milliy banklararo protsessing markazi” AJ (HUMO toʻlov tizimi) ustav kapitalidagi 100 foiz davlat aksiyalar paketini Paynet AJ 65 million dollarga sotib oldi.

Qizigʻi shundaki, 2024 yilda Paynet’ning oʻzidagi 100 foiz davlat ulushi yashirincha (bu haqda ommaga rasmiy maʼlumot berilmasdan) “New Industrial Technologies” MChJga sotilgan edi.
Paynet’ning hozirgi bosh direktori Anvar Isamuxamedov bir vaqtlar kompaniya asoschisi va sobiq egasi Botir Arifdjanovning kompaniyalarida turli yuqori lavozimlarda ishlagan. Bundan tashqari, jamoaning boshqa aʼzolari ham Arifdjanov bilan aloqadorlikka ega ekanligi maʼlum boʻlgan edi.
Humoʼni sotib olishga daʼvogarlar orasida Qozogʻistonning fintex giganti Kaspi ham bor edi, biroq kompaniya keyinchalik jarayondan chiqishini maʼlum qilgan.
“Trest-12”: strategik obʼektlar quruvchisining sotilishi
Fevral oyida amalga oshirilgan bu bitim nafaqat summasi, balki sotib olgan shaxsning kimligi va kompaniyaning portfelidagi obʼektlar bilan ham juda muhimdir.
“Trest-12” oddiy qurilish firmasi emas. Kompaniya yillar davomida davlat buyurtmalarini (koʻpincha tendersiz) bajarib kelgan asosiy pudratchilardan biridir. Uning hisobida Toshkentning "tashrif qogʻozi"ga aylangan eng muhim binolar bor:

- Maʼmuriy: Oliy Majlis Senati binosi, Vazirlar Mahkamasi binosi, Moliya vazirligi.
- Madaniy-maʼrifiy: Islom sivilizatsiyasi markazi (yirik loyiha), “Humo Arena” muz saroyi.
- Boshqalar: Toshkentdagi "Zangori ekran" va "Fayzobod" turar-joy majmualari, Oʻzbekistonning Qozogʻistondagi elchixonasi binosi, "Jizzax" EIZdagi avtomobil zavodi.

Davaktiv fevral oyida “Trest-12” qurilish kompaniyasidagi davlat ulushi sotilganini maʼlum qildi. Unga koʻra, 111 mlrd soʻm taklif qilgan Delta Global Dynamics savdo gʻolibi deb topildi.
Delta Global Dynamics (tijorat faoliyati va boshqaruv boʻyicha konsalting) 2022 yil yanvar oyida roʻyxatdan oʻtgan. Uning rahbari Vladimir Teplov, taʼsischisi esa sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning oʻgʻli Doniyor Komilov (99 foiz) hisoblanadi.
Ushbu tadbirkor avvalroq ham yirik davlat aktivlarini, xususan, "UNG Petro" (sobiq Oʻzbekneftgaz yoqilgʻi quyish shoxobchalari tarmogʻi, hozirgi "Carvon"), Chinaz neftni qayta ishlash zavodi va sobiq MXX binosini (hozirda hashamatli mehmonxona qurilishi ketmoqda) xususiylashtirgan edi.
Anadolu Isuzu SamAuto’ning 75,2% ulushini $80 mlnga sotib oldi
Turkiyaning “Anadolu Group” xoldingi tarkibiga kiruvchi “Anadolu Isuzu” kompaniyasi “Samarqand avtomobil zavodi” (SamAuto)dagi 75,2% davlat ulushini 80 million dollar evaziga xarid qildi.

Bitim shartlariga koʻra, kompaniya loyihaning texnik-iqtisodiy baholashiga asosan korxonani kengaytirish va elektrobuslar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish uchun qoʻshimcha 80 million dollar investitsiya kiritadi.
9 dekabr kuni Xususiylashtirishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobiga 80 million dollar kelib tushgan boʻlsa, 10 dekabrda ushbu jamgʻarmadan respublika byudjetiga 1 trillion soʻm oʻtkazib berilgan.
Zomindagi mashhur mehmonxona sotildi
24 dekabr kuni Jizzax viloyati Zomin tumanidagi “New Zomin Plaza” MChJ (mashhur “Wynham Gardens Zomin”) mehmonxonasi auksion orqali sotildi.
“SQB Capital” mehmonxonadagi 99,9 foiz ulushini savdoga qoʻygan edi. Kimoshdi savdosida 175 milliard soʻm taklif qilgan “Zafaron Premium Hotel Zomin” MChJ gʻolib deb topildi. Gʻolib ushbu summani 1 oy ichida toʻlashi belgilangan.
Kapitalbank “Yoshlik” sport majmuasini qariyb 300 mlrd soʻmga sotib oldi
23 may kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Yoshlik” sport majmuasini boshqaruvchi “Invest Group Centre” ustav kapitalidagi davlat ulushi xususiylashtirilganini eʼlon qildi.
Avval “Oʻzmilliybank”ka tegishli boʻlgan kompaniyaning 100% davlat ulushi uchun ochiq savdoda 3 nafar talabgor kurashdi. Yakunda 297,9 milliard soʻmlik (Markaziy bank kursi boʻyicha qariyb 23 million dollar) eng yuqori narxni taklif qilgan Kapitalbank gʻolib boʻldi.
Kapitalbank aktiv va uning balansidagi sport-sogʻlomlashtirish majmuasining faoliyat turini 10 yil muddat saqlab qolish majburiyatini oladi.
Majmua hududida sport-sogʻlomlashtirish faoliyatiga toʻgʻri kelmaydigan bino-inshootlarning qurilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Taʼmirlash-tiklash ishlari qatʼiyan arxitektura-shaharsozlik kengashining ruxsati bilan amalga oshiriladi.
Anorbank va davlat binolari
Anorbank yil davomida umumiy qiymati 439,5 milliard soʻm (34 million dollar) boʻlgan ikkita yirik davlat binosini xarid qildi:
- Energetika vazirligi binosi. Bank kuzatuv kengashi 26 dekabrda vazirlik joylashgan binolarni 254,5 milliard soʻmga sotib olish boʻyicha qaror qabul qilgan (maʼlumot 2025 yil yanvarida eʼlon qilindi).
- “Oʻztransgaz” binosi. Vazirlik yaqinida joylashgan ushbu bino 185 milliard soʻmga sotib olingan.
Qurilish vazirligi binosi 182 mlrd soʻmga sotildi

Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Abay koʻchasi 6-uy manzilida joylashgan binosi auksionda 182,5 milliard soʻmga sotildi. Umumiy maydoni 11 725 kv. metr (0,5 gektar) boʻlgan binoda xaridor ofis va xizmat koʻrsatish faoliyatini tashkil etishi shart.
“Oʻzavtoyoʻl” binosi 242 mlrd soʻmga sotildi
Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi (“Oʻzavtoyoʻl”)ning Toshkent markazida “Hamid Olimjon” metro bekati yonida joylashgan ofis binosi elektron savdolarda 242,09 mlrd soʻmga sotildi.

E-auksion platformasidagi auksion 18 dekabr kuni boʻlib oʻtdi va 15 daqiqadan kamroq vaqt davom etdi. Boshlangʻich narxdan 5 foizga yuqori boʻlgan yagona taklifni Qobiljon Mamadiyorovich Norbekov kiritdi. Obʼektning boshlangʻich narxi 230,56 mlrd soʻmni tashkil qilgan.
Bino va inshootlarning umumiy maydoni 19,3 ming kv. metr, tutash hudud maydoni esa 1 gektardan ortiq. Obʼekt barcha zarur muhandislik kommunikatsiyalari — gaz taʼminoti, elektr energiyasi, suv taʼminoti va kanalizatsiya bilan taʼminlangan.
UzBAT’dagi davlat ulushi 270 mlrd soʻmga sotildi
6-oktabr kuni Toshkent fond birjasining Nego maydonchasida tamaki ishlab chiqaruvchi UzBAT AJ aksiyalari boʻyicha yirik bitim oʻtkazildi. Davlatga tegishli boʻlgan 2,6 foiz ulush (641 661 dona aksiya) 269,8 milliard soʻmga sotildi. Ushbu bitim natijasida kompaniyaning bozor kapitallashuvi 10,36 trillion soʻmga (qariyb 855 million dollar) yetdi.
UzPost mojarosi: Uzum vs Wildberries
2025 yilning eng shov-shuvli voqealaridan biri pochta operatori UzPost atrofida kechdi. Oktabr oyida kompaniya Rossiyaning Wildberries marketpleysiga sotilgani haqida xabarlar tarqaldi.
Gazeta.uz maʼlumotlariga koʻra, bitimdan avval kompaniya ustav kapitali 38,06 mlrd soʻmdan 52,56 mlrd soʻmgacha oshirilgan. Bu oʻsish Munitsipal aktivlarni boshqarish markazidan olingan 50 ta pochta binosining (77,3 mlrd soʻm qiymatda) ustav kapitaliga kiritilishi hisobiga amalga oshirilgan.
UzPost xususiylashtirilishi ehtimoliga oid xabarlar fonida Uzum kompaniya rivojlanishiga sarmoya kiritishga tayyorligini maʼlum qildi.
Keyinchalik Uzum UzPost’ni xususiylashtirish boʻyicha savdolarda ishtirok etish niyatida va Davlat aktivlariga ariza topshirgan. Kompaniya pochtani boshqarish “nafaqat biznes, balki milliy manfaatlarni” hisobga olgan holda amalga oshirilishi kerak, deb hisoblashini maʼlum qilgan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Davaktiv agentligiga xususiylashtirish jarayonida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash yuzasidan taqdimnoma kiritdi.
Bu voqealar fonida Habikatura tomonidan mavzuga oid karikatura ham eʼlon qilingan.
Dehqonobod kaliy zavodi rasmiy xabar berilmasdan xususiylashtirildi
128,2 mln AQSh dollariga qurilgan Dehqonobod kaliy zavodi ustav kapitalining 100 foizi 2024 yil noyabrida tashkil etilgan Asian Chemical Group’ga oʻtkazildi.
Ustav fondi 19,6 mln soʻm boʻlgan kompaniyaning 51 foizi OV Industrial Investments L.L.C-FZ’ga, 49 foizi esa New Industrial Technologies MChJga tegishli.

Ikkinchi kompaniya egasi Paynet va Humo toʻlov tizimlari hamda Asia Alliance Bank’ning yirik ulushiga egaligi bilan tanilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni transformatsiya qilish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida Dehqonobod kaliy zavodidagi davlat ulushini professional konsulʼtantlar ishtirokida, 2025 yil oxirigacha xalqaro bozor orqali ommaviy savdoga chiqarish koʻzda tutilgan edi.
Chevrolet komponentlarini ishlab chiqaruvchi kompaniya 18,2 mln dollarga sotildi
Avto Climate Control avtomobillarga isitish va sovitish tizimlarini ishlab chiqaruvchi korxonadagi davlat ulushi Best Pipe and Parts kompaniyasiga 230 mlrd soʻmga sotildi. Xaridor kamida 10 yil davomida faoliyat profilini saqlab qolish va GM bilan hamkorlik shartlariga rioya qilish majburiyatini olgan.
Best Pipe and Parts AJ (2023 yilgacha Uz-Dongwong Co) bozorda 1996 yildan buyon faoliyat yuritib keladi va avtomobillar uchun butlovchi qismlar va aksessuarlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
“Avtooyna” kompaniyasi 200,5 mlrd soʻmga sotildi
Davaktiv may oyida Avtooyna mobil oyna ishlab chiqaruvchisidagi 100 foizlik davlat ulushi sotilganini maʼlum qilgan edi. Unga koʻra, xaridor kompaniyaning asosiy faoliyatini kamida 10 yil davomida saqlab turishga, General Motors bilan litsenziya shartnomalariga va boshqa tegishli talablarga rioya qilishga rozi boʻlgan.
Xususiylashtirilgan “Kvars” yana davlatga qaytdi
2025 yilning eng noodatiy iqtisodiy voqeasi Oʻzbekistondagi eng yirik shisha va banka ishlab chiqaruvchisi boʻlgan “Kvars” aksiyadorlik jamiyatining xususiy sektordan yana davlat balansiga qaytarilishi boʻldi.
2023 yilning fevral oyida zavodning 89,78 foiz davlat aksiyalari “Quvasoysement” AJga sotilgan edi. Bitim qiymati 265 milliard soʻm etib belgilangan.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (Davaktiv)ning 2025 yilgi bayonotidan maʼlum boʻldiki, oʻshanda toʻlov biratoʻla emas, balki 3 yil davomida boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan kelishilgan ekan (2023-yilgi xabarlarda bu tafsilot ochiqlanmagan edi).
“Quvasoysement” moliyaviy qiyinchiliklar tufayli belgilangan toʻlovlarni amalga oshira olmagan va shartnomani bekor qilishni oʻzi soʻrab murojaat qilgan. 2025 yil 14 fevraldagi oʻzaro kelishuvga asosan zavod yana davlatga oʻtdi.
Xususiylashtirishdan oldin zavod daromad bilan ishlayotgan edi, biroq xususiy qoʻlga oʻtgach, uning moliyaviy koʻrsatkichlari keskin yomonlashdi:
- 2021 yil (davlat qoʻlida): 54,7 mlrd soʻm sof foyda.
- 2022 yil (davlat qoʻlida): 64,3 mlrd soʻm sof foyda.
- 2024 yil (xususiy boshqaruvda): Zavod 142 milliard soʻm zarar bilan chiqdi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bu holatga quyidagicha izoh bergan:
“Jamiyatning 89,78% aksiyalar paketini davlat ixtiyoriga qaytarilishi oldi-sotdi shartnomasi shartlari toʻliq bajarilmaganligi natijasida yuz bergan va shartnomaviy-huquqiy munosabatlar doirasida amalga oshirilgan boʻlib, ushbu holat xususiylashtirish natijalarini qayta koʻrib chiqish yoxud milliylashtirish hisoblanmaydi”, — deyiladi agentlik xabarida.









