NVIDIA bozor qiymati bir kunda $270 mlrdga kamaydi
2025 yil boshida $3,66 trln boʻlgan NVIDIA kompaniyasining bozor qiymati hozirda $2,47 trlnga tushdi. Bu esa $1,19 trlnlik yoʻqotish kuzatilganini anglatadi.

17 aprel kuni NVIDIA (NVDA) aksiyalari qariyb 3 foizga arzonlashdi. Bu pasayish kompaniya aksiyalari seshanba kuni 7 foizga tushganidan keyingi davomiy jarayon boʻldi.
Pasayishning asosiy sababi — AQSh hukumati tomonidan sunʼiy intellekt chiplarini Xitoyga eksport qilishga qoʻyilgan qatʼiy cheklovlardir.
NVIDIA 15 aprel kuni bergan rasmiy bayonotida, AQShning tobora keskinlashayotgan savdo cheklovlariga rioya etish maqsadida, aynan Xitoy bozori uchun ishlab chiqilgan H20 chiplarining savdosi toʻxtatilganini bildirdi. Kompaniya bu cheklovlar tufayli birinchi chorakda $5,5 mlrdgacha zarar koʻrishini prognoz qilmoqda.

17 aprel kungi aksiyalar tushishi natijasida NVIDIA’ning bozor kapitallashuvi Bloomberg maʼlumotlariga koʻra $2,47 trlnga tushdi. Bu esa yangi savdo siyosati eʼlon qilingandan beri kompaniya umumiy hisobda $266 mlrd yoʻqotganini anglatadi.
JPMorgan tahlilchisi Harlan Sur chorshanba kuni bergan izohida, bu oʻzgarishlar NVIDIA’ning butun yil davomida maʼlumotlar markazi daromadlari va aksiyadorlik foydasini 8–10% ga kamaytirishi mumkinligini taʼkidladi. Unga koʻra, kompaniya yil yakunida $15–16 mlrdgacha daromad yoʻqotishi ehtimoli mavjud.

Oʻtgan yil davomida aksiyalari rekord darajada oʻsgan NVIDIA’ning bozor qiymati 2025 yil 6 yanvar holatiga koʻra $3,66 trlnni tashkil qilgan edi. Biroq yil boshlangandan beri kompaniya $1,19 trlnlik bozor qiymatini yoʻqotdi. 17 aprel holatiga koʻra bu koʻrsatkich $2,47 trlnga baholanmoqda.