11 821.180 so‘m

increase

14.210

13 419.400 so‘m

decrease

-11.030

140.440 so‘m

increase

0.580

11 821.180 so‘m

increase

14.210

8 soat avval
Iqtisodiyot
104

NKMK 6 oyda $2,38 mlrd sof foyda oldi — oʻsish 57%

NKMKning 2026 yil birinchi yarim yilligidagi tushumi 49,9 foizga oshib, 7,07 mlrd dollarga yetdi. Oltin ishlab chiqarish hajmi 1,8 foizga kamayganiga qaramay, sof foyda 2,38 mlrd dollarni tashkil etdi. Moliyaviy natijalarning yaxshilanishiga, asosan, jahon bozorida oltin narxining koʻtarilishi taʼsir qildi.

NKMK 6 oyda $2,38 mlrd sof foyda oldi — oʻsish 57%

Navoiy kon-metallurgiya kombinati 2026 yilning yanvar–iyun oylarida 7,07 mlrd dollar tushum oldi. Bu 2025 yilning mos davridagi 4,72 mlrd dollarga nisbatan 49,9 foiz koʻp.

Tushum ishlab chiqarish hajmidan ancha tez oʻsgan. Olti oyda NKMK 1,51 mln troy unsiyasi oltin ishlab chiqardi. Bir yil avval bu koʻrsatkich 1,54 mln unsiyani tashkil etgan. Shu tariqa, jismoniy ishlab chiqarish 1,8 foizga kamaygan boʻlsa-da, tushum qariyb yarmiga koʻpaygan.

Kompaniya oʻsishning asosiy omili sifatida London qimmatbaho metallar bozori — LBMAda oltin narxining koʻtarilishini koʻrsatgan.

NKMKning sotilgan mahsulot tannarxi 32,4 foizga oshib, 2,41 mlrd dollarni tashkil etdi. Biroq tushum xarajatlarga nisbatan tezroq oʻsgani sababli yalpi foyda 2,89 mlrd dollardan 4,66 mlrd dollarga koʻtarildi.

Koʻrsatkich2026 yil I yarim yillik2025 yil I yarim yillikOʻzgarish
Tushum$7,07 mlrd$4,72 mlrd+49,9%
Yalpi foyda$4,66 mlrd$2,89 mlrd+60,9%
Operatsion foyda$4,51 mlrd$2,81 mlrd+60,5%
Sof foyda$2,38 mlrd$1,52 mlrd+57,2%
Eʼlon qilingan dividendlar$1,73 mlrd$1,1 mlrd+57,3%

Natijada yalpi foyda marjasi 61,4 foizdan 65,9 foizga chiqdi.

Operatsion foyda 60,5 foizga oshib, 4,51 mlrd dollarga yetdi. Soliq toʻlangunga qadar foyda esa 2,73 mlrd dollardan 4,4 mlrd dollarga koʻtarilgan.

Daromad soligʻi boʻyicha xarajatlar 1,22 mlrd dollardan 2,02 mlrd dollarga oshdi. Shunga qaramay, sof foyda 1,52 mlrd dollardan 2,38 mlrd dollarga yetgan. Sof foyda marjasi 32,1 foizdan 33,7 foizga yaxshilandi.

Bu NKMK har 100 dollar tushumdan qariyb 34 dollar sof foyda olganini anglatadi.

Davlatga 1,7 mlrd dollar dividend

Oʻzbekiston hukumati NKMKning yagona aksiyadori hisoblanadi. Kompaniya olti oy davomida 1,73 mlrd dollar dividend eʼlon qilgan. Bu 2025 yilning shu davridagi 1,1 mlrd dollarga nisbatan 57,3 foiz koʻp va yarim yillik sof foydaning qariyb 73 foiziga teng.

Bundan tashqari, iyul–sentabr oylarida yana 310 mln dollar dividend eʼlon qilinib, toʻliq toʻlangan. Shu tariqa, 2026 yilda sentabr oxirigacha eʼlon qilingan dividendlar hajmi 2,04 mlrd dollarga yetgan.

Dividend va soliqlarning koʻpayishi pul oqimida ham koʻrinadi. Operatsion faoliyatdan olingan sof pul oqimi foyda keskin oshganiga qaramay, 3,4 foizga kamayib, 2,51 mlrd dollarni tashkil etdi. Bunga daromad soligʻi uchun toʻlovlarning 358 mln dollardan 2,07 mlrd dollarga oshgani taʼsir qilgan.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+