Nizomiy universitetining Toshkentdagi asosiy kampusi 886,6 mlrd soʻmga sotuvga qoʻyildi
Chilonzor tumanida joylashgan 5,64 gektarlik universitet kampusi “E-auksion” orqali xususiylashtiriladi. Auksion gʻolibi obʼekt negizida nodavlat taʼlim muassasasini tashkil etishi va uning faoliyat yoʻnalishini saqlab qolishi lozim.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Nizomiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy pedagogika universitetining Toshkent shahridagi asosiy kampusini auksion savdolariga chiqardi.
Lot maʼlumotlariga koʻra, obʼekt Chilonzor tumani, “Naqqoshlik” mahallasi, Bunyodkor shohkoʻchasi, 27-uyda joylashgan. Koʻchmas mulkka tegishli yer uchastkasining umumiy maydoni 5,6426 gektarni, bino va inshootlar maydoni esa 25,8 ming kvadrat metrni tashkil etadi.
Lot tarkibiga universitetning oʻquv binolari, sport zali va boshqa yordamchi inshootlar kiradi. Obʼekt Bunyodkor shohkoʻchasi hamda Kichik halqa avtomobil yoʻli kesishmasida, “Chilonzor” metro bekati yaqinida joylashgan. U elektr energiyasi, gaz, suv va kanalizatsiya tarmoqlari bilan taʼminlangan.
Kampusning boshlangʻich narxi 886,6 mlrd soʻm etib belgilangan. Auksion savdolari 2026 yil 20 iyul kuni soat 10:00 da oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Savdo shartlariga koʻra, auksion gʻolibi obʼekt negizida shaharsozlik normalariga muvofiq nodavlat taʼlim muassasasini tashkil etishi hamda taʼlim faoliyati yoʻnalishini saqlab qolishi kerak. Aktivni muddatli toʻlov asosida xarid qilish imkoniyati ham koʻzda tutilgan.
Xaridor oldi-sotdi shartnomasi tuzilganidan keyin bir oy ichida toʻlovni toʻliq amalga oshirsa, unga shartnoma tuzilgan sanadagi Markaziy bankning yillik qayta moliyalashtirish stavkasiga teng miqdorda chegirma beriladi.
Mazkur kampus 2025 yil uchun tasdiqlangan xususiylashtirish dasturiga kiritilgandi. Hujjatda Bunyodkor koʻchasi, 27-uydagi 1-, 2- va 3-oʻquv korpuslarini sotuvga chiqarish belgilangan. Obʼektlarni sotishdan tushgan mablagʻlar xarajatlar chegirilganidan keyin Yangi Toshkentda universitetning yangi kampuslarini qurishga yoʻnaltiriladi.









