12 531.780 so‘m

increase

75.530

14 538.120 so‘m

increase

76.410

159.820 so‘m

increase

1.460

12 531.780 so‘m

increase

75.530

18-iyun, 19:41
Bozor

Nega Qozogʻistonning Magnum kompaniyasi Oʻzbekistondagi supermarketlar tarmogʻini qisqartirmoqda?

Oʻzbekiston bozorida jadal kengayishni maqsad qilgan Qozogʻistonning Magnum supermarketlar tarmogʻi 2024 yilning oʻzida Oʻzbekistondagi doʻkonlari sonini 17 taga yetkazmoqchi edi. Biroq doʻkonlarning ketma-ket yopilishi ortidan 2025 yil iyun holatiga kelib, faqatgina uchta doʻkon faoliyat yuritmoqda.

Nega Qozogʻistonning Magnum kompaniyasi Oʻzbekistondagi supermarketlar tarmogʻini qisqartirmoqda?
Foto: AI / Pinkod.uz

Qozogʻistonning Magnum riteyl tarmogʻi Oʻzbekiston bozorida kengayish rejalari haqidagi keng rejalariga qaramasdan, soʻnggi ikki yildagi amaliy rivojlanish bu ambitsiyalarning barbod boʻlganidan darak bermoqda.

EastFruit tahlilchilarining qayd etishicha, 2025 yil iyun holatiga koʻra, Magnumning Oʻzbekistondagi savdo nuqtalari soni atigi uchta doʻkonga qisqargan. Bu esa avval eʼlon qilingan doʻkonlar sonini 17 taga yetkazish rejasidan ancha yiroq natija hisoblanadi.

Magnum Cash&Carry — bu Qozogʻistonda 200 dan ortiq savdo nuqtasiga ega boʻlgan, har kuni yuz minglab mijozlarga xizmat koʻrsatadigan yirik tarmoqdir. Oʻzbekistonga ilk marta 2021 yil dekabr oyida kirib kelgan kompaniya dastlab Toshkentda ikki gipermarket ochgan edi. 2023 yil avgustida esa u Majid Al Futtaim LLC Uzbekistan kompaniyasining biznesini sotib olib, fransuz Carrefour tarmogʻining sobiq doʻkonlarini oʻz balansiga oʻtkazdi. Bu orqali savdo nuqtalari soni yettiga yetdi.

Ushbu bosqich kompaniya uchun xalqaro bozorga chiqish yoʻlida muhim qadam sifatida baholangan. Yaqin mintaqadagi, madaniy va menta­litet jihatdan oʻxshash boʻlgan mamlakatga kirish, potensial jihatdan boshqa xorijiy bozorlar uchun tramplin sifatida koʻrilgan edi.

Kompaniyaning logistika boʻyicha direktori Mixail Filippov 2023 1 noyabr kuni Olmaotada oʻtkazilgan “Tradex” savdo forumida 2024 yilda Oʻzbekistonda yana 10 ta Magnum supermarketlari ochilishini aytib oʻtgan edi. 

Ammo 2024 yil boshidayoq salbiy oʻzgarishlar kuzatila boshladi: 23 fevral kuni Magnum Qoratosh doʻkoni yopildi. Yil oxirigacha esa birorta yangi doʻkon ochilmadi.

Bundan tashqari, 2025 yil may oyida yana ikki doʻkon — Magnum Yunusobod va Magnum Atlas Chilonzor yopilgani haqida xabarlar paydo boʻldi. Rasmiy ravishda bu “boshqa manzilga koʻchirilishi” sifatida eʼlon qilindi (Toshkent shahri, Bunyodkor koʻchasi, 52-uy), biroq bu manzilda tarmoq doʻkoni 2021 yildan buyon ishlayotgani sababli bu amalda yopilish hisoblanadi.

Oradan bir oy oʻtgach, 2025 yil 16 iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda yana bir doʻkon — Magnum Samarqand Darvoza (Toshkent, Karatosh koʻchasi, 5A) yopilgani haqida xabar paydo boʻldi. Pinkod nashri jurnalisti ham 5 iyun kuni ushbu manzilga tashrif buyurib, doʻkon yopiq ekanini tasdiqladi.

Bundan tashqari, Uzbekskiy Riteyl Telegram-kanali maʼlumotiga koʻra, qolgan doʻkonlarda assortiment sezilarli darajada qisqarayotgan boʻlib, bu koʻpincha yopilish oldidan kuzatiladigan holatdir. Shunga qaramay, hozirgacha Magnum vakillaridan bu borada rasmiy bayonot berilmagan.

Shu tariqa, 2025 yil iyun holatiga koʻra, Magnum Oʻzbekistonda faqat poytaxtda joylashgan uchta manzilda faoliyat yuritmoqda.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2025 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+