11 881.600 so‘m

decrease

-55.290

13 749.390 so‘m

decrease

-19.810

151.050 so‘m

decrease

-0.510

11 881.600 so‘m

decrease

-55.290

1 kun avval
Bozor
73

Nega Bitcoin narxi tushmoqda? Soʻnggi pasayishning 5 ta asosiy sababi

Soʻnggi haftalarda Bitcoin narxining keskin pasayishi kriptovalyuta bozorida xavotirlarni kuchaytirdi. Tahlilchilar bu holatni bir nechta makroiqtisodiy va ichki bozor omillari bilan izohlab, asosiy 5 ta sababni ajratib koʻrsatmoqda.

Nega Bitcoin narxi tushmoqda? Soʻnggi pasayishning 5 ta asosiy sababi
Foto: AI / Pinkod.uz

Bitcoinʼning oktabr oyi boshidagi maksimal koʻrsatkichlardan keskin pasayishi bu yil davomida toʻplangan oʻsishning katta qismini yoʻqqa chiqardi. Kriptovalyuta 21 noyabr kuni taxminan 80 000 dollargacha tushib ketdi va keyinchalik 86 000 dollar atrofida nisbatan barqarorlashdi.

Deutsche Bank maʼlumotlariga koʻra, mazkur pasayish makroiqtisodiy va bozor omillarining birlashuvi natijasidir. Bu jarayon yil oʻrtalarida yuzaga kelgan ijobiy impulsni deyarli butkul yoʻqqa chiqardi va kriptovalyuta bozorining umumiy kapitallashuvidan qariyb 1 trillion dollar miqdoridagi mablagʻning likvidatsiya qilinishiga olib keldi.

Tahlilchilar Marion Labur va Kamilla Siazon Bitcoinning soʻnggi korreksiyasiga olib kelgan beshta asosiy sababni ajratib koʻrsatishdi:

1. Aksiyalar bozoridagi pasayish va xavfga munosabatning oʻzgarishi

Bitcoin global xavfli aktivlar bilan bir qatorda tushib ketdi. Bunga AQSh hukumati faoliyatining toʻxtab qolish ehtimoli, AQSh va Xitoy oʻrtasidagi savdo urushining kuchayishi hamda sunʼiy intellekt kompaniyalari baholanishi bilan bogʻliq xavotirlar sabab boʻldi.

Bitcoinning AQSh fond bozori bilan bogʻliqligi (korrelyatsiyasi) kuchaydi: Nasdaq 100 bilan 46% va S&P 500 bilan 42% gacha yetdi.

“Oktabr oyidan beri Bitcoin oʻzini mustaqil aktiv kabi emas, balki xuddi oʻsishga moyil texnologik aksiya kabi tutmoqda”, – deb yozadi tahlilchilar.

2. AQSh pul-kredit siyosatidagi noaniqlik

Garchi oktabr oyida foiz stavkasi 25 bazaviy punktga pasaytirilgan boʻlsa-da, Federal Rezerv Tizimi vakillarining qatʼiy va noaniq ohangdagi bayonotlari bozorga bosim oʻtkazdi.

Jerom Pauell dekabr oyida foiz stavkasini yana pasaytirish masalasi hali muhokama qilinmaganini bildirganidan keyin Bitcoin 1,22% ga tushdi. Boshqaruv kengashi aʼzosi Liza Kukning ham pasayish kafolatlanmaganligi haqidagi izohlari bu jarayonni tezlashtirdi.

3. Regulyator noaniqligi va CLARITY qonunining toʻxtab qolishi

Yoz oylarida kriptovalyuta bozorida sezilgan ijobiy impuls Senatda CLARITY qonun loyihasi muhokamasining toʻxtatilishi ortidan susaydi.

Bu kechikish siyosiy tortishuvlar va regulyator mavhumlikni yanada kuchaytirib, investor ishonchi va likvidlikka salbiy taʼsir koʻrsatdi. Natijada Bitcoinning oʻzgaruvchanligi avgustdagi 20% darajadan 39% gacha koʻtarildi. AQShda chakana investorlar faolligi ham iyuldagi 17% dan oktabr oyida 15% gacha kamaydi.

4. Institutsional investorlar chiqimi va likvidlikning qisqarishi

10 oktabrdagi ommaviy sotuv paytida birjalarda likvidlik keskin kamaydi. Ayrim daqiqalarda esa taklif tomoni deyarli yoʻq boʻlgan. Yaʼni odamlar faqat sotgan, sotib olmagan.

Yirik investitsiya fondlari va institutsional investorlarning Bitcoin-instrumentlari hamda ETF lardan mablagʻlarini chiqarib olishi kripto bozorining umumiy kapitallashuvini choʻqqidan qariyb 24% ga tushishiga sabab boʻldi.

5. Uzoq muddatli egalarning foyda qayd etishi

Soʻnggi bir oy ichida uzoq muddatli investorlar 800 mingdan ortiq Bitcoin sotgan. Bu 2024 yil yanvar oyidan beri eng yuqori koʻrsatkich hisoblanadi.

Kuchaygan oʻzgaruvchanlik va umumiy bozor pasayishi hatto tajribali investorlarni ham xavflarni qisqartirishga majbur qildi. Natijada “Qoʻrquv va ochkoʻzlik” indeksi 21 noyabr kuni 11 darajagacha tushib, yil davomida eng past koʻrsatkichni qayd etdi.

Bitcoin bozori ancha “yetilgan” boʻlishiga qaramay, yaqinda kuzatilgan keskin pasayish uzoq muddatli investorlarni ham ehtiyot choralarini koʻrishga majbur qildi. Ular xavfni kamaytirish uchun oʻz aktivlarining bir qismini sota boshlashdi. Bu esa bozorga qoʻshimcha bosim berib, qisqa muddatda narxning yanada tushishiga (ayiq trendiga) sabab boʻldi.

Bundan tashqari, qarz mablagʻlari (kredit yelkasi) hisobiga savdo qilgan koʻplab investorlar narx pasayishi sabab zarar koʻrib, majburiy ravishda pozitsiyalarini yopishga majbur boʻlishdi. Bu holat ham umumiy bozor kayfiyatini yanada yomonlashtirdi va tushishni tezlashtirdi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2025 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+