My.gov.uz orqali bank kartalarini boshqarish va reklama qoʻngʻiroqlarini bloklash mumkin boʻladi
2026 yil sentabr–noyabr oylaridan My.gov.uz orqali virtual karta ochish, oʻz nomidagi bank kartalari va telefon raqamlarini boshqarish, shaxsiy maʼlumotlarni avtomatik yangilash hamda reklama qoʻngʻiroqlarini cheklash imkoniyatlari bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi uchun davlat xizmatlarini takomillashtirish hamda fuqarolarga qoʻshimcha qulayliklar yaratishga qaratilgan qarorni imzoladi. Hujjat bilan koʻchmas mulkni rasmiylashtirish, bank kartalarini boshqarish, shaxsiy maʼlumotlarni yangilash, reklama qoʻngʻiroqlarini cheklash va kredit shartlarini oshkor qilish boʻyicha yangi tartiblar belgilanmoqda.
My.gov.uz’da bank kartalarini boshqarish mumkin boʻladi
2026 yil 1 oktabrdan boshlab My.gov.uz’da fuqarolarga tegishli telefon raqamlari va bank kartalarini boshqarish imkoniyatlari yaratiladi.
Foydalanuvchilar My.gov.uz orqali oʻz nomiga rasmiylashtirilgan va foydalanayotgan telefon raqamlari haqida maʼlumot olishi, ishlatilmayotgan raqamlarga xizmat koʻrsatishni toʻxtatish boʻyicha ariza yuborishi mumkin boʻladi. Shuningdek, telefon raqamiga ulangan pulli xizmatlarni koʻrish va bank kartasiga bogʻlangan SMS-xabarnoma raqamini almashtirish imkoniyati paydo boʻladi.
My.gov.uz orqali fuqaro oʻz nomiga rasmiylashtirilgan bank kartalari haqida maʼlumot olishi, ularni bloklashi yoki yopishi ham mumkin boʻladi.
Bundan tashqari, fuqaro nomiga yangi notarial harakat rasmiylashtirilsa, bu haqda unga My.gov.uz orqali avtomatik xabarnoma yuboriladi.
Davlat xizmatlari uchun virtual karta ochiladi
Vazirlar Mahkamasi va Markaziy bank 2026 yil 1 sentabrga qadar My.gov.uz’da davlat xizmatlari uchun virtual toʻlov kartasini ochish boʻyicha tajriba loyihasini boshlaydi.
Fuqaro My.gov.uz orqali tijorat bankini tanlab, oʻz nomiga virtual karta ochishi va uni mavjud plastik kartalaridan biri bilan bogʻlashi mumkin boʻladi. Ushbu karta davlat xizmatlari uchun toʻlovlarni amalga oshirishda ishlatiladi.
Ortiqcha yoki notoʻgʻri undirilgan davlat boji va boshqa toʻlovlar ham avtomatik tarzda mazkur kartaga qaytarilishi rejalashtirilgan.
Shaxsiy maʼlumotlar avtomatik yangilanadi
2026 yil 1 oktabrdan boshlab fuqaroning familiyasi, ismi yoki otasining ismi oʻzgarganda, davlat organlari axborot tizimlaridagi birlamchi maʼlumotlar avtomatik yangilanadi.
Maʼlumot oʻzgargani haqida tegishli idoralarga elektron xabar yuboriladi. Fuqarolar esa My.gov.uz orqali oʻz maʼlumotlari qaysi tashkilotlarda yangilangani haqida real vaqt rejimida maʼlumotnoma olishi mumkin boʻladi.
Shaxsni tasdiqlovchi ayrim hujjatlarni yangi maʼlumotlar asosida ortiqcha arizalarsiz qayta rasmiylashtirish imkoniyati ham yaratiladi.
Reklama qoʻngʻiroqlari faqat rozilik bilan amalga oshiriladi
2026 yil 1 noyabrdan boshlab mobil aloqa orqali tovar va xizmatlarni reklama qiluvchi SMS-xabarlar hamda qoʻngʻiroqlar faqat fuqaroning yozma yoki elektron roziligidan keyin amalga oshirilishi mumkin boʻladi.
Fuqaro reklama xabarlarini olishga bergan roziligini bekor qilsa, uning maʼlumotlari maxsus reyestrga kiritiladi. Shundan keyin unga tegishli reklama xizmatlarini koʻrsatishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Shuningdek, mobil aloqa orqali soat 18:00 dan 09:00 gacha reklama qoʻngʻiroqlari va SMS-xabarlarini tarqatish taqiqlanadi. Mobil operatorlar foydalanuvchilarga reklama xabarlari va qoʻngʻiroqlarini toʻliq yoki qisman bloklash imkoniyatini taqdim etishi kerak boʻladi.
Kreditning toʻliq qiymati oldindan koʻrsatiladi
Markaziy bank 2026 yil 1 sentabrga qadar kredit, mikroqarz, muddatli toʻlov va boʻlib toʻlash xizmatlarini reklama qilishga oid yangi talablarni ishlab chiqadi.
Unga koʻra, kredit shartnomasining dastlabki sahifasida qarzdor qaytarishi kerak boʻlgan umumiy summa, toʻlovlarning miqdori va ularni toʻlash muddatlari koʻrsatilishi shart boʻladi.
Kredit yoki boʻlib toʻlash reklamalarida “minimal miqdordagi toʻlov”, “eng kam toʻlov” kabi isteʼmolchini chalgʻitishi mumkin boʻlgan iboralardan foydalanish taqiqlanadi.
Koʻchmas mulk yoki avtomobil garovi asosida olingan kredit toʻliq soʻndirilganda, garov va ipoteka boʻyicha taqiq bank tomonidan avtomatik ravishda bekor qilinishi ham nazarda tutilgan.
Davlat xizmatidagi kechikish uchun toʻlov qaytariladi
Davlat organi xizmatni belgilangan muddatda koʻrsatmasa yoki asossiz rad etsa, fuqaro toʻlagan davlat boji va boshqa yigʻimlarni avtomatik qaytarish mexanizmi joriy etiladi.
Davlat xizmatlarining maʼmuriy reglamentlari My.gov.uz’da eʼlon qilinadi. Xizmatdan foydalangan fuqaro davlat organi faoliyatiga baho berishi, fikr qoldirishi va boshqa foydalanuvchilarning baholarini koʻrishi mumkin boʻladi.
My.gov.uz’da elektron navbat, sunʼiy intellektga asoslangan tushuntirish va hayotiy vaziyatlardan kelib chiqib xizmatlarni tavsiya qilish imkoniyatlarini ham yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.









