Moody’s Oʻzbekiston kredit reytingi prognozini “ijobiy” darajaga koʻtardi
Agentlik bayonotida qanday asosiy fikrlar ilgari surildi va prognozning “ijobiy” darajaga koʻtarilishiga nima sabab boʻldi?

Xalqaro reyting agentligi Moody’s Ratings Oʻzbekiston Respublikasining uzoq muddatli suveren kredit reytingini “Ba3” (Fitch reyting tizimida “BB-”) darajasida tasdiqladi. Shu bilan birga, reyting prognozi “barqaror” darajadan “ijobiy” darajaga koʻtarildi.
Agentlikning bildirishicha, boshqaruv va institutsional baza sifatini yaxshilashga qaratilgan islohotlar vaqt oʻtishi bilan davlat siyosatining samaradorligi va institutlarning faoliyat sifatini oshirishi mumkin. Ayniqsa, hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan xususiylashtirish dasturi muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, bu iqtisodiy oʻsishni jadallashtiradi.
“Yuqori moliyaviy ehtiyotkorlik bilan birgalikda olib borilayotgan islohotlar oʻrta muddatli istiqbolda iqtisodiyotning barqarorligini mustahkamlashi va mamlakatning oʻsish salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarishi mumkin”, — deyiladi Moody’s bayonotida.
Reytingning tasdiqlanishiga Oʻzbekiston iqtisodiyotining diversifikatsiyalashganligi, barqaror oʻsish surʼatlari, qulay demografik koʻrsatkichlar hamda tashqi qarz yukining oʻrtacha darajada ekani asos boʻldi. Xususan, tashqi qarzlarning asosiy qismi imtiyozli shartlar asosida jalb qilingan.
Biroq, bu kuchli jihatlar bilan bir qatorda ayrim zaif tomonlar ham mavjud. Moody’s qayd etishicha, aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan daromadning pastligi, raqobatbardoshlikning yetarli darajada emasligi, institutsional tizimning hozircha zaifligi (garchi u asta-sekin yaxshilanayapti) va oʻrtacha darajadagi siyosiy xatarlar mamlakatning reyting salohiyatini cheklab turibdi.
Oʻzbekistonning milliy valyutadagi majburiyatlari boʻyicha chegaraviy reytingi “Ba1”, xorijiy valyutadagi majburiyatlari boʻyicha esa “Ba3” darajasida saqlanib qolgan. Bu farq mamlakat iqtisodiyotidagi davlat ishtirokining yuqoriligi va siyosiy prognozning noaniqligi bilan izohlanadi. Shu bilan birga, bu holat moʻʼtadil tashqi xatarlar bilan muvozanatlashgan.
“Milliy va xorijiy valyutadagi reytinglar oʻrtasidagi ikki pogonali tafovut Oʻzbekistonning nisbatan zaif monetar va fiskal tizimlarini, shuningdek, bosim yuzaga kelgan holatlarda kapital harakati, pul oʻtkazmalari va valyuta konvertatsiyasiga qoʻshimcha cheklovlar joriy etilishi ehtimolini aks ettiradi”, — deyiladi Moody’s tahlilida.
Eslatib oʻtamiz, 2025 yil may oyining oxirida S&P Global Ratings ham Oʻzbekistonning suveren kredit reytingini xorijiy valyutada “BB-” darajasida tasdiqlagan va reyting prognozini “barqaror”dan “ijobiy” darajaga koʻtargan edi.