Milliy hisobotda foyda, MHXSda zarar: ayrim banklarning 2025 yilgi moliyaviy natijalari keskin pasaydi
Oʻzbekiston banklari 2025 yilni milliy hisob standartlari boʻyicha rekord darajadagi foyda bilan yakunlagan boʻlsa-da, auditdan oʻtgan xalqaro moliyaviy hisobotlar ayrim banklarda ancha past natijalarni koʻrsatmoqda. Xususan, Aloqabank MHXS boʻyicha foydadan zararga oʻtgan, Tenge Bankning sof foydasi esa qariyb 98 foizga qisqargan.

Oʻzbekistondagi banklarning 2025 yildagi jami sof foydasi 15,2 trln soʻmdan oshgan. Bu 2024 yilga nisbatan 2,22 baravar koʻp. Milliy standartlar boʻyicha faqat Yangi Bank yilni zarar bilan yakunlagan, qolgan banklarda foyda qayd etilgan.
Biroq banklar eʼlon qilayotgan Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS) boʻyicha auditlangan natijalar milliy hisobotlardagi raqamlardan sezilarli farq qilmoqda.
“Aloqabank” foydadan zararga oʻtdi
“Aloqabank” 2025 yilda milliy hisob standartlari boʻyicha 251,5 mlrd soʻm sof foyda olgan. Bu 2024 yildagi 190 mlrd soʻmlik natijadan 32,4 foizga koʻp.
MHXS boʻyicha esa bank 193,9 mlrd soʻm sof zarar qayd etgan. Taqqoslash uchun, 2024 yilda bankning xalqaro standartlar boʻyicha sof foydasi 252,9 mlrd soʻmni tashkil etgan edi. Shunday qilib, bir yil ichida moliyaviy natija qariyb 447 mlrd soʻmga yomonlashgan.
Bankning kredit yoʻqotishlari uchun zaxiralar ajratilgandan keyingi sof foiz daromadi 276,1 mlrd soʻmdan 158,3 mlrd soʻmgacha kamaygan. Natijada 2024 yilda 295 mlrd soʻmni tashkil etgan soliqdan oldingi foyda 2025 yilda 305,3 mlrd soʻmlik zararga aylangan.
“Tenge Bank”ning MHXS boʻyicha foydasi 4 mlrd soʻmgacha tushdi
“Tenge Bank”ning 2025 yildagi milliy hisob standartlari boʻyicha sof foydasi 52,1 mlrd soʻmni tashkil etgan. Deloitte auditidan oʻtgan MHXS hisobotida esa bankning sof foydasi 3,975 mlrd soʻm deb koʻrsatilgan. Yaʼni xalqaro standartlar boʻyicha natija milliy hisobotdagi koʻrsatkichdan 48,1 mlrd soʻm yoki 92,4 foizga kam — qariyb 13 baravar past.
Bank 2024 yilda MHXS boʻyicha 167,347 mlrd soʻm sof foyda olgan edi. Shu tariqa, xalqaro standartlar boʻyicha sof foyda bir yil ichida 163,4 mlrd soʻm yoki 97,6 foizga qisqargan.
Pasayishga, avvalo, foizli daromadlar va kredit tavakkalchiligi boʻyicha zaxiralar taʼsir qilgan. Kredit yoʻqotishlari uchun zaxiralar hisobga olinishidan oldingi sof foiz daromadi 343,3 mlrd soʻmdan 284,9 mlrd soʻmgacha kamaygan. Bundan tashqari, 2024 yilda kreditlar boʻyicha avval ajratilgan zaxiralarning 111,9 mlrd soʻmi qayta tiklangan boʻlsa, 2025 yilda aksincha, 20,8 mlrd soʻmlik qoʻshimcha zaxira ajratilgan.
Natijada zaxiralardan keyingi sof foiz daromadi 455,2 mlrd soʻmdan 264,1 mlrd soʻmgacha, operatsion daromad esa 579,4 mlrd soʻmdan 417 mlrd soʻmgacha kamaygan. Shu bilan birga, operatsion xarajatlar 357 mlrd soʻmdan 392,8 mlrd soʻmgacha oshgan. Bankning soliqdan oldingi foydasi 222,4 mlrd soʻmdan 24,2 mlrd soʻmgacha qisqargan.
Ipak Yuli Banki
Ipak Yuli banki 2025 yilni milliy hisob standartlari boʻyicha 929,3 mlrd soʻm sof foyda bilan yakunlagan. KPMG auditidan oʻtgan konsolidatsiyalashgan MHXS hisobotida esa sof foyda 886,3 mlrd soʻmni tashkil etgan. Shu tariqa, xalqaro standartlar boʻyicha natija milliy hisobotdagidan qariyb 43 mlrd soʻm yoki 4,6 foizga past boʻlgan.
MHXS boʻyicha sof foyda 2024 yildagi 886,916 mlrd soʻmdan 2025 yilda 886,309 mlrd soʻmgacha kamaygan. Yillik pasayish atigi 607 mln soʻm yoki 0,07 foizni tashkil etgan.
“Ipoteka-bank”da MHXS foydasi milliy hisobotdagidan yuqori chiqdi
“Ipoteka-bank” 2025 yilni milliy hisob standartlari boʻyicha 399,9 mlrd soʻm sof foyda bilan yakunlagan. Auditdan oʻtgan konsolidatsiyalashgan MHXS hisobotida esa sof foyda 2,047 trln soʻmni tashkil etgan — bu milliy hisobotdagi natijadan qariyb 5,1 baravar koʻp.
MHXS boʻyicha foyda 2024 yildagi 1,287 trln soʻmdan 2025 yilda 2,047 trln soʻmgacha oshgan. Yillik oʻsish 59 foizni tashkil etgan. Biroq koʻrsatkichlarni toʻgʻridan-toʻgʻri solishtirishda MHXS hisoboti bankning shoʻba korxonalarini ham qamrab olishini hisobga olish lozim.
Nega milliy va xalqaro hisobot natijalari farq qiladi?
MHXS bankning kredit portfelidagi xavflarni, aktivlarning haqiqiy qiymatini va kelajakda yuz berishi mumkin boʻlgan yoʻqotishlarni kengroq hisobga oladi. Xususan, IFRS 9 standarti banklardan kredit boʻyicha zarar yuz berganidan keyingina emas, balki kelajakda kutilayotgan kredit yoʻqotishlari uchun ham oldindan zaxira shakllantirishni talab qiladi.
Shuningdek, xalqaro hisobotda aktivlarni adolatli qiymatda baholash, kechiktirilgan soliqlar, shoʻba korxonalar natijalarini konsolidatsiya qilish va ayrim daromadlarni tan olish muddatlari milliy standartlardan farq qilishi mumkin. Shu sabab bank milliy hisobotda foyda koʻrsatgani holda, MHXS boʻyicha pastroq foyda yoki zarar qayd etishi mumkin.









