Oʻzbekiston banklari 2025 yilda qancha sof foyda oldi?
2025 yilda Oʻzbekiston bank tizimi rekord darajada — jami 15,5 trln soʻm sof foyda oldi. Eng yuqori moliyaviy natijalar Oʻzmilliybank, SQB va Kapitalbank hissasiga toʻgʻri keldi. Shu bilan birga, 2024 yilda katta zarar koʻrgan MK Bank, BRB va Ipotekabank 2025 yilda foydaga qaytgan boʻlsa, TBC Bank sof foydasi sezilarli pasayib, deyarli nolga tushdi.

2025 yilda Oʻzbekiston bank tizimi jami 15 trln 502 mlrd soʻm sof foyda qayd etdi.
Bu koʻrsatkich 2024 yilga nisbatan ikki barobardan, aniqrogʻi 122,5 foizga yuqori hisoblanadi. Maʼlumot uchun, 2024 yilda banklar jami 6,96 trln soʻm sof foyda olgan edi. Banklar kesimidagi sof foyda haqida Bankers.uz operativ maʼlumotlarga tayanib xabar berdi.

2025 yilda ham eng yuqori sof foyda Oʻzmilliybank hissasiga toʻgʻri keldi — bank yilni 1,92 trln soʻm sof foyda bilan yakunladi. Bu 2024 yilga nisbatan 196,8 mlrd soʻmga koʻp. Keyingi oʻrinlarda SQB (1,88 trln soʻm) va Kapitalbank (1,79 trln soʻm) joylashdi. Shuningdek, Hamkorbank va Orient Finans Bank ham 1 trln soʻmdan ortiq sof foyda koʻrsatdi.
Davlat banklari
| Bank nomi | 2025 yil yakuni | Oʻzgarish |
| NBU | 1 919,0 | +196,8 |
| SQB | 1 880,1 | +576,9 |
| Xalq Banki | 702,5 | +434,0 |
| Biznesni Rivojlantirish Banki | 503,0 | +2 734,1 |
| Asakabank | 254,2 | +212,6 |
| Aloqabank | 251,5 | +61,5 |
| MKBANK | 160,8 | +1 864,6 |
| Agrobank | 97,7 | +28,6 |
| Turonbank | 24,9 | +1,8 |
Davlat banklari 2025 yil yakunida jami 5 trln 793,7 mlrd soʻm sof foyda oldi. Muhim jihati shundaki, yilni birorta ham davlat banki zarar bilan yakunlamadi. 2024 yilda katta zarar koʻrgan Mikrokreditbank (−1,7 trln soʻm) va Biznesni rivojlantirish banki (−2,2 trln soʻm) 2025 yilda mos ravishda 160,8 mlrd soʻm va 503,0 mlrd soʻm sof foyda qayd etdi.
Davlat banklari orasida Oʻzmilliybank va SQB yetakchilikni saqlab qoldi. Xalq banki, Biznesni rivojlantirish banki va Asakabankda ham sezilarli oʻsish qayd etildi.
Xususiy va xorijiy kapital ishtirokidagi banklar
2025 yilda sof foyda boʻyicha TOP–10 bankning yettitasi davlat ulushiga ega boʻlmagan banklar boʻldi. Ushbu banklar yil davomida jami 9,7 trln soʻm sof foyda oldi. Davlat ulushi boʻlmagan banklar orasida Kapitalbank yetakchi boʻlib qoldi. Undan keyingi oʻrinlarni Hamkorbank (1,71 trln soʻm) va Orient Finans Bank (1,04 trln soʻm) egalladi.
| Bank nomi | 2025 yil yakuni | Oʻzgarish |
| Kapitalbank | 1 788,3 | +632,4 |
| Hamkorbank | 1 705,0 | +278,4 |
| OFB | 1 044,1 | +143,0 |
| Ipak Yo‘li Bank | 929,3 | +18,8 |
| Trastbank | 865,2 | +57,7 |
| KDB Bank Uzbekistan | 691,1 | +164,2 |
| Davrbank | 631,5 | +241,6 |
| Asia Alliance Bank | 505,6 | +105,0 |
| Ipotekabank | 399,9 | +640,1 |
| Anorbank | 302,8 | +112,5 |
| Octobank | 255,9 | +105,3 |
| Universalbank | 240,9 | +84,7 |
| InfinBANK | 112,7 | −129,1 |
Ipak Yuli Bank, Trastbank va KDB Bank Uzbekistan ham yuqori moliyaviy natijalar qayd etdi. 2024 yilda va 2025 yilning birinchi yarmida zarar bilan ishlagan Ipotekabank yil yakuniga kelib foydaga chiqdi va 399,9 mlrd soʻm sof foyda bilan yilni yopdi.
Shu bilan birga, xususiy banklar orasida InfinBANKda pasayish kuzatildi. Bankning sof foydasi 2024 yilga nisbatan 129,1 mlrd soʻmga kamayib, 112,7 mlrd soʻmni tashkil etdi.
| Apexbank | 95,6 | +170,6 |
| Uzum Bank | 62,7 | −23,2 |
| Ziraat Bank | 62,2 | −17,2 |
| Tenge Bank | 54,9 | +18,9 |
| Hayot Bank | 41,2 | +63,7 |
| Bank Saderat Tashkent | 25,9 | +0,9 |
| MyBank | 8,9 | +1,9 |
| Openbank | 8,2 | +6,2 |
| AVO Bank | 6,6 | +99,8 |
| Garant Bank | 5,2 | +69,5 |
| Poytaxt Bank | 0,7 | −14,4 |
| TBC Bank | 0,6 | −340,4 |
| Yangi Bank | −136,7 | −104,7 |
2025 yilda faqat ikki bank — Poytaxt bank (684 mln soʻm) va TBC Bank (628 mln soʻm) yilni 1 mlrd soʻmdan kam sof foyda bilan yakunladi. 2024 yilda 341 mlrd soʻm sof foyda koʻrsatgan TBC Bank’ning moliyaviy natijasi bir yil ichida keskin pasayib, deyarli nol darajaga tushdi.
Yanvar oyida litsenziyasi chaqirib olingan Yangi Bank esa 2025 yil yakunida 136,7 mlrd soʻm sof zarar qayd etdi.









