11 814.050 so‘m

increase

11.860

13 482.190 so‘m

decrease

-45.480

139.930 so‘m

increase

0.060

11 814.050 so‘m

increase

11.860

1 soat avval
Texnologiya
50

Meta 100 grammli VR-koʻzoynak va kamerasiz Ray-Ban’ni taqdim etdi

Meta Connect 2026 konferensiyasida kompaniya 100 grammli Meta VR Glasses, kamerasiz Ray-Ban Meta Audio va Muse sunʼiy intellekt agenti uchun alohida qurilmani namoyish qildi. Yangi VR-koʻzoynak 2027 yil bahorida 1 300 dollardan sotuvga chiqariladi.

Meta 100 grammli VR-koʻzoynak va kamerasiz Ray-Ban’ni taqdim etdi
Foto: AI/Pinkod.uz

Meta virtual reallik qurilmalarini anʼanaviy koʻzoynak shakliga olib keldi. Meta VR Glasses’ning ogʻirligi 100 grammni tashkil etadi — bu 2023 yilda chiqarilgan Meta Quest 3’dan qariyb besh baravar yengil.

Koʻzoynak alohida kontrollersiz boshqariladi. Foydalanuvchining nigohi kursor, barmoq harakati esa bosish vazifasini bajaradi. Ovozli buyruqlar uchun Meta’ning Muse sunʼiy intellekt agenti ishlatiladi.

Biroq hisoblash quvvati, xotira va batareya koʻzoynakning oʻzida emas. U sim orqali tashqi ixcham qurilmaga ulanadi. Meta shu yoʻl bilan qurilma ogʻirligini kamaytirgan.

Koʻzoynakda filmlar va sport translyatsiyalarini immersiv formatda tomosha qilish, virtual monitorlar yaratish hamda Mac yoki Windows kompyuteriga ulanish mumkin. Istalgan tekis yuzada virtual klaviatura ochiladi. Meta qurilma sotuvga chiqqan paytda 100 dan ortiq jonli sport translyatsiyasi va qoʻl harakatlari bilan boshqariladigan 75 dan ziyod oʻyin mavjud boʻlishini bildirgan.

Undan tashqari, koʻzoynak foydalanuvchining fotorealistik raqamli nusxasini yaratib, gologramma koʻrinishida video-qoʻngʻiroq qilish imkonini beradi. Meta VR Glasses 2027 yil bahorida 1 300 dollardan sotuvga chiqarilishi rejalashtirilgan.

Kamerasiz Ray-Ban Meta Audio

Meta kamerasiz Ray-Ban Meta Audio koʻzoynagini ham namoyish qildi. Qurilmada ekran va video yozish imkoniyati yoʻq, biroq undan musiqa tinglash, qoʻngʻiroq qilish va Meta AI bilan suhbatlashish mumkin.

Ochiq turdagi dinamiklar foydalanuvchiga atrofdagi tovushlarni eshitgan holda musiqa tinglash imkonini beradi. Bir martalik quvvat bilan ishlash muddati 12 soatgacha yetadi. Ray-Ban Meta Audio oktabr oyida 349 dollardan sotuvga chiqadi.

Kompaniya koʻzoynaklarga yengil va oʻrta darajadagi eshitish qobiliyati pasayishini qoplashga yordam beruvchi funksiyani ham qoʻshmoqda. AQShda tibbiy tasdiqdan oʻtgan bu imkoniyat alohida 150 dollar yoki Meta One obunasi orqali taklif qilinadi.

Ayni paytda uchinchi avlod Ray-Ban Meta koʻzoynaklari ham 449 dollardan sotuvga chiqarildi. Ular avvalgi modellarga nisbatan yupqaroq korpus va uzaytirilgan batareya muddatiga ega.

Muse endi alohida qurilmada ishlaydi

Meta Muse sunʼiy intellekt agenti uchun kaft hajmidagi Muse Charm qurilmasini ham tayyorlamoqda. Uni kalit ilgichi kabi olib yurish va telefon yoki kompyutersiz AI agent bilan muloqot qilish mumkin.

Muse sayohatni rejalashtirish, joy band qilish, mahsulot buyurtma berish va elektron pochta qutisini boshqarish kabi vazifalarni bajara oladi. Meta buning uchun OpenTable, Spotify va Ticketmaster kabi servislar bilan hamkorlik qilmoqda.

Muse Charm’ni dekabr oyida chiqarish rejalashtirilgan, biroq uning narxi hozircha ochiqlanmadi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+