Markaziy bank zaxiralarni boshqarish boʻyicha Goldman Sachs, BlackRock va JPMorgan maslahatini olmoqchi — Bloomberg
Oʻzbekiston Markaziy banki xalqaro zaxiralarni boshqarishning yangi yoʻnalishlarini koʻrib chiqish uchun yirik xalqaro moliya kompaniyalarini jalb qilmoqchi. Bloomberg’ga koʻra, sentabr oʻrtalarida Goldman Sachs, BlackRock va JPMorgan vakillari bilan davra suhbati oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Hozir mamlakat zaxiralarining qariyb 87 foizi oltin hissasiga toʻgʻri keladi.

Markaziy bank xalqaro zaxiralarni investitsiya qilishning ehtimoliy yangi yoʻnalishlarini oʻrganmoqda. Bu haqda regulyator raisi Timur Ishmetov Toshkentda bergan intervyusida maʼlum qildi, deya xabar bermoqda Bloomberg.
Uning aytishicha, Markaziy bank sentabr oʻrtalarida Goldman Sachs Group, BlackRock va JPMorgan Chase vakillari bilan davra suhbati oʻtkazishga tayyor. Uchrashuvda mamlakat zaxiralarini qaysi aktivlarga va qanday shaklda investitsiya qilish mumkinligi muhokama qilinadi.
Oʻzbekistonning xalqaro zaxiralari yil boshidagi 66,3 mlrd dollardan iyul oyida 64,3 mlrd dollargacha kamaygan. Zaxiralarning 87 foizini oltin tashkil etadi.
World Gold Council maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston 2026 yilning birinchi yarmida sof hisobda 41 tonna oltin sotib olgan va shu davrda dunyodagi ikkinchi yirik xaridorga aylangan.
“Oltin hozirgacha eng yaxshi investitsiya boʻlib chiqdi. Umuman olganda, hozirgi holatdan qoniqamiz, biroq bu doim ham shunday boʻlmaydi, narxlar faqat koʻtarilib boravermaydi”, — dedi Ishmetov.
Shu bilan birga, Markaziy bank joriy yilda oltinning bir qismini sotishni ham rejalashtirmoqda. Ishmetovga koʻra, bundan asosiy maqsad shunchaki narxlar oʻsishidan foyda olish emas, biroq regulyator oltinni qulay narxlarda sotishga intiladi.
Ishmetov, shuningdek, Markaziy bank milliy valyuta kursi boʻyicha ichki bozorga yoʻnalish berish amaliyotini toʻxtatganini aytdi. Regulyator valyuta kursining bozor omillari taʼsirida mustaqilroq shakllanishini maqsad qilgan.
Bundan tashqari, Markaziy bank valyuta bozoridagi oʻz ishtirokini bozor qatnashchilari uchun oldindan tushunarliroq qilishga qaratilgan intervensiya strategiyasini eʼlon qilishni rejalashtirmoqda.









