Markaziy bank Mustaqillikning 35 yilligiga bagʻishlangan oltin tangalarni sotuvga chiqardi
Markaziy bank Oʻzbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bagʻishlangan esdalik oltin tangalarni sotuvga chiqardi. 999,9 asillikdagi sof oltindan zarb etilgan har bir tanganing vazni 31,1 gramm, nominal qiymati esa 100 ming soʻmni tashkil etadi. Tangalarni uch donalik kolleksiya toʻplamida yoki alohida xarid qilish mumkin.

Markaziy bank Oʻzbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan yangi esdalik oltin tangalarini sotuvga chiqardi.
Tangalar 999,9 asillikdagi sof oltindan tayyorlangan. Har birining vazni 31,1 gramm boʻlib, tangalarda 100 000 soʻm nominal qiymat koʻrsatilgan.

Kolleksiya uch xil dizayndagi tangadan iborat. Birinchi tangada 1991–2026 yillar va “35” raqami aks ettirilgan. Uning ikkinchi tomonida Oʻzbekiston davlat madhiyasidagi “Olamni mahliyo aylagan diyor!” satri, shuningdek, madhiyaning 1992 yil 10 dekabrda qabul qilingani qayd etilgan.

Ikkinchi tangada Mustaqillik monumenti tasvirlangan. Unda 1991 va 2026 yillar hamda monument tasviri joylashtirilgan.
Yana bir tangada Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi aks ettirilgan. Tanganing ikkinchi tomonida Oʻzbekiston davlat gerbi hamda uning qabul qilingan sanasi — 1992 yil 2 iyul koʻrsatilgan.

Shuningdek, Markaziy bank 999,9 asillikdagi sof kumushdan zarb etilgan esdalik tangalarni ham sotuvga chiqardi. Har bir tanganing vazni 31,1 grammni tashkil etadi.

Markaziy bank maʼlumotiga koʻra, tangalarda Oʻzbekiston Respublikasining davlat ramzlari timsollaridan foydalanilgan. Ularni uch donalik kolleksiya sifatida yoki alohida holda xarid qilish mumkin.











