12 074.280 so‘m

increase

37.070

14 218.670 so‘m

increase

147.170

160.860 so‘m

increase

1.240

12 074.280 so‘m

increase

37.070

Yaqin 8 daqiqa ichida
Bank
17

Markaziy bank endilikda jarimaga tortilgan bank rahbarlarining ism-sharifini ochiqlashi mumkin

Markaziy bank banklar va nobank moliya tashkilotlariga nisbatan sanksiyalar qoʻllash tartibini yangiladi. Endilikda jarimalar tashkilotning moliyaviy holati va faoliyat koʻlamidan kelib chiqib belgilanadi, regulyator esa isteʼmolchilardan ortiqcha yoki asossiz undirilgan mablagʻlarni qaytarishni talab qilishi mumkin. Shuningdek, jarimaga tortilgan bank rahbarlarining ism-sharifi Markaziy bank saytida ochiqlanishi mumkin.

Markaziy bank endilikda jarimaga tortilgan bank rahbarlarining ism-sharifini ochiqlashi mumkin
Foto: AI/Pinkod.uz

Markaziy bank banklar, shuningdek, nobank moliya tashkilotlariga nisbatan sanksiyalar va boshqa choralarni qoʻllash tartibiga oʻzgartirishlar kiritdi. Tegishli buyruq 2-may kuni Adliya vazirligi tomonidan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.

Oʻzgarishlarga koʻra, nizomning amal qilish doirasi soʻnggi yillarda Oʻzbekiston qonunchiligida paydo boʻlgan yangi turdagi moliya institutlariga ham tatbiq etiladi. Xususan, mikromoliya banklari, faktoring va kafillik tashkilotlari hamda kredit byurolari ham ushbu tartib doirasiga kiritilmoqda.

Sanksiyalarni qoʻllash tartibi ham qayta koʻrib chiqildi. Endilikda huquqbuzarliklar uchun jarima miqdorini belgilashda moliya tashkilotining moliyaviy holati va faoliyat koʻlami inobatga olinadi.

Shuningdek, sanksiyalar va boshqa choralarni qoʻllash bilan bogʻliq ayrim protsessual muddatlar uzaytirilmoqda. Jumladan, Markaziy bank tegishli qarordan koʻchirmani moliya tashkilotiga yoki uning rahbariga 7 ish kuni ichida yuborishi mumkin boʻladi. Amaldagi tartibda bu muddat 3 ish kunini tashkil etadi.

Agar tashkilot qaror ustidan Apellyatsiya kengashiga shikoyat qilsa, kengash shikoyatni 15 kun ichida koʻrib chiqishi lozim. Biroq batafsil oʻrganish va tekshirish zarur boʻlganda yoki qoʻshimcha hujjatlar soʻralganda ushbu muddatni 1 oygacha uzaytirishga ruxsat beriladi.

Markaziy bank tomonidan berilishi mumkin boʻlgan koʻrsatmalar roʻyxati ham kengaytirildi. Endilikda regulyator moliyaviy xizmatlar isteʼmolchilarining huquqlarini tiklash boʻyicha choralar koʻrishni talab qilishi mumkin. Jumladan, moliya tashkilotiga qayta hisob-kitob qilish, ortiqcha yoki asossiz undirilgan mablagʻlarni mijozlarga qaytarish majburiyati yuklatilishi mumkin.

Bundan tashqari, Markaziy bank ayrim hollarda banklar va boshqa moliya tashkilotlarining ayrim operatsiyalarini cheklash huquqiga ega boʻladi. Bunday choralar, xususan, bank ustav kapitalining eng kam miqdoriga doir talablar bajarilmaganda yoki kiberxavfsizlik tahdidlarining, jumladan, bank kartalaridan mablagʻ oʻgʻirlanishining oldini olish va bartaraf etish boʻyicha talablar buzilganda qoʻllanilishi mumkin.

Hujjatda Markaziy bank bank rahbariyatini jarimaga tortishi mumkin boʻlgan qoidabuzarliklar roʻyxati ham aniqlashtirilgan. Ular qatoriga bank faoliyatini qonunchilikka muvofiq tashkil etmaslik, tavakkalchiliklarni boshqarish va ichki nazorat tizimini taʼminlamaslik, qonunga zid qarorlar qabul qilish yoki bunday qarorlarni qoʻllab-quvvatlash kiradi.

Shuningdek, rahbarlar oʻz vakolatlari doirasida qoidabuzarliklarning oldini olish choralarini koʻrmagani, isteʼmolchilarga yetkazilgan zararni kamaytirish yoki bartaraf etish boʻyicha harakat qilmagani, qoidabuzarliklar va ularning sabablarini yashirishga uringani yoki faoliyatida manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻygani uchun ham javobgarlikka tortilishi mumkin.

Yana bir muhim oʻzgarish, Markaziy bank oʻz rasmiy saytida bank rahbarlariga nisbatan qoʻllanilgan sanksiyalar haqidagi maʼlumotlarni ularning toʻliq ism-shariflarini koʻrsatgan holda eʼlon qilish huquqiga ega boʻladi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+