Markaziy bank bir oyda 180 dan ortiq moliya tashkilotlarini jarimaga tortdi
Mart oyida qonunchilik talablariga rioya qilmaganligi uchun 20 ta bank, shuningdek 89 ta mikromoliya tashkiloti va 79 ta lombard jarimaga tortildi. Bundan tashqari, prudensial normativ talablarini buzgan yana 17 ta bank ogohlantirildi.

Markaziy bank Bank nazorati qoʻmitasi joriy yilning mart oyida oʻtkazilgan yigʻilishlarda 29 ta masalani koʻrib chiqib, ular boʻyicha tegishli qarorlar qabul qildi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati maʼlum qildi.
Roʻyxatga olish va ruxsat berish yoʻnalishida 17 ta masala muhokama qilindi. Jumladan:
- kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan oʻzgartirishlarni roʻyxatdan oʻtkazish — 4 ta;
- kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushga egalik qilish uchun ruxsat berish — 3 ta;
- banklarda audit oʻtkazish huquqini berish uchun auditorlik malaka sertifikatini taqdim etish — 1 ta;
- banklar kuzatuv kengashi va boshqaruvi aʼzolari hamda muhim ahamiyatga ega xodimlar nomzodlarini koʻrib chiqish — 9 ta.
Shuningdek, kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 12 ta masala ham koʻrib chiqildi. Unda Markaziy bank talablarining bajarilishi, oʻtkazilgan inspeksiya natijalari hamda moliyaviy xizmatlarni “tartibga solish qumdoni”da sinovdan oʻtkazish bilan bogʻliq masalalar muhokama qilingan.
Qoʻmita qaroriga koʻra, qonunchilik talablariga rioya qilmaganligi hamda tekshiruvlar davomida aniqlangan kamchiliklar sabab 20 ta bank, 89 ta mikromoliya tashkiloti va 79 ta lombardga nisbatan jarima sanksiyalari qoʻllanildi.
Bundan tashqari, prudensial normativ talablariga rioya etmagani hamda faoliyatini qonunchilikka muvofiq tashkil etmagani uchun yana 17 ta bank ogohlantirildi.









