Markaziy bank asosiy stavkasi nima va u qanday belgilanadi?
Agar asosiy stavkaga bir soʻz bilan taʼrif berish kerak boʻlsa, buni pul-kredit siyosatini boshqarish, deb ham atash mumkin.
Asosiy stavka oʻzi nima?
Markaziy bank asosiy stavkasi — bu Markaziy bank tomonidan tijorat banklariga beriladigan qisqa muddatli kreditlar uchun belgilangan foiz stavkasi. U iqtisodiyotdagi pul-kredit siyosatining asosiy vositalaridan biridir.
Asosiy stavka nima uchun muhim?
- Inflyatsiyani nazorat qilish: pulning qiymatini barqarorlashtirish orqali narxlarning haddan tashqari oʻsib ketishining oldi olinadi.
- Iqtisodiy oʻsishni ragʻbatlantirish: kredit olish shartlarini oʻzgartirib, iqtisodiyotning rivojlanishiga taʼsir qiladi.
- Valyuta kursini boshqarish: milliy valyutaning barqarorligini taʼminlash uchun ishlatiladi.
Ana endi bu yerda savol tugʻiladi: asosiy stavka yuqori boʻlgani yaxshimi yoki past? Javob mamlakatning iqtisodiy holatiga bogʻliq. Asosiy stavka koʻtarilishi yoki tushishi esa bevosita talab va taklifning oʻzgarishiga olib keladi. Quyida buni batafsil koʻrib chiqamiz.
Asosiy stavka koʻtarilsa nima boʻladi?
Qimmat kreditlar: banklar uchun kredit olish qimmatlashadi, bu esa tijorat banklarining kredit stavkalarini oshiradi. Masalan, uy-joy yoki avtomobil sotib olish uchun olingan kreditlar boʻyicha toʻlovlar ortadi.
Kam investitsiyalar: korxonalar va aholi kamroq qarz oladi, chunki kredit foizlari yuqori boʻladi. Masalan, yangi zavod qurmoqchi boʻlgan kompaniya yuqori foiz stavkasi sababli loyihani kechiktirishi mumkin.
Inflyatsiyaning pasayishi: iqtisodiyotdagi pul massasi kamayadi va inflyatsiya bosimi pasayadi. Bu oziq-ovqat va xizmatlarning narxlari barqarorlashishiga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, bu jarayonda milliy valyutaning qadri ham yaxshilanishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tarixidagi eng yuqori asosiy stavka 1994 yil 5 fevralda kuzatilgan boʻlib, 300 foizni tashkil qilgan.
Asosiy stavka tushirilsa nima boʻladi?
- Arzon kreditlar: banklar uchun kredit olish arzonlashadi, bu esa tijorat banklarining kredit stavkalarini pasaytiradi, natijada biznes va jismoniy shaxslar koʻproq kredit oladi.
- Koʻproq investitsiyalar: korxonalar va aholining kredit olish faolligi ortadi, bu iqtisodiy oʻsishni ragʻbatlantiradi, yangi ish oʻrinlari yaratiladi.
- Inflyatsiya yuqorilashi: pul koʻpaygani sababli narxlar oshishi mumkin, bu esa nazoratsiz qolsa, inflyatsiyaga olib kelishi ehtimoli mavjud. Masalan, oziq-ovqat yoki xizmatlarning narxlari tez koʻtarilishi mumkin. Tabiiyki bu milliy valyuta qadrining tushishiga olib keladi.
Oʻzbekistonda eng past stavka 2015 yilda kuzatilgan boʻlib, oʻsha vaqtda 9 foizni tashkil qilgan.
Maʼlumot uchun, hozirgi kunda Oʻzbekistonda markaziy bank asosiy stavkasi 13,5 foizni tashkil qilmoqda.