Mark Sukerberg bitta mutaxassisni ishga olish uchun $15 mlrd sarflagan boʻlishi mumkin
Meta sunʼiy intellekt sohasidagi yirik startaplardan biri — Scale AI kompaniyasining 49 foiz ulushini $15 mlrdga sotib oldi.
Bu rasman strategik hamkorlik va investitsiya sifatida qayd etilgan boʻlsa-da, OAVga koʻra, kelishuvning asosiy maqsadi kompaniya asoschisi Aleksandr Vangni Meta jamoasiga jalb qilish boʻlgan.

Meta sunʼiy intellekt sohasidagi yirik startaplardan biri — Scale AI kompaniyasining 49 foiz ulushini 15 milliard dollarga sotib oldi. Rasmiy bayonotda bu strategik hamkorlik va investitsiya deb qayd etilgan. Biroq, Business Insider yozishicha, bu bitim ortidagi asosiy maqsad — kompaniyaning asoschisi va bosh direktori Aleksandr Vangni Meta jamoasiga jalb qilish boʻlishi mumkin.
28 yoshli Vang Scale AI’ning bosh direktori va asoschilaridan biri. Yangi kelishuvga koʻra, u Meta’ga oʻtib, kompaniyaning “superintelligence” tashabbuslari ustida ishlaydi.
Meta bayonotida shunday deyiladi:
“Scale AI bilan hamkorligimizni yanada chuqurlashtiramiz va Aleksandr Vang Meta’dagi sunʼiy intellekt yoʻnalishlarida biz bilan birga ishlaydi”.
Texnologiya tahlilchisi Ben Tompson buni “juda qimmatga tushgan acquihire” deb atadi. Acquihire — bu startap yoki kompaniyani asosan uning isteʼdodli xodimlari uchun sotib olishni anglatadi. Bunday holatlarda mahsulot ikkinchi oʻringa tushadi, asosiy maqsad esa inson kapitali boʻladi.

Vang yuqori darajadagi AI tadqiqotchisi emas, balki texnikadan xabardor, biroq asosan kompaniyasini ilgari surish va investorlarni jalb qilishda oʻzini koʻrsatgan biznes yetakchi sifatida tanilgan. Financial Times’ning taʼkidlashicha, u jamoani boshqarish yoki fundamental ilmiy ishlanmalardan koʻra koʻproq marketing va tashabbuslarni ilgari surishda samarali.
Meta ilgari ham Instagram va WhatsApp kabi platformalarni yirik mablagʻga sotib olib, asoschilarini tez orada yoʻqotgan. Masalan, Instagram’ning asoschilaridan biri Mayk Kriger hozirda Meta raqobatchilaridan biri boʻlgan Anthropic kompaniyasida ishlamoqda.
Bunday xavflarga qaramay, sunʼiy intellekt kelajagiga ishonayotgan Meta kabi kompaniyalar inson kapitali uchun milliardlab dollar sarflashdan qaytmayapti. Agar Aleksandr Vang haqiqatan ham Meta’ning AI boʻyicha ustunlik sari harakatida muhim rol oʻynay olsa, bu sarmoya oʻzini oqlashi mumkin.