Mamlakatlararo savdo urushi boshlandi
AQSh tomonidan belgilangan yangi bojlarga javoban Kanada, Meksika va Xitoy qarshi choralarini qoʻllaydi.
AQSh prezidenti Donald Tramp Meksika, Kanada va Xitoydan import qilinadigan mahsulotlarga katta tariflar joriy etilishini eʼlon qildi. 4 fevraldan boshlab, Kanada va Meksikadan keladigan mahsulotlarga 25% hamda Xitoy mahsulotlariga 10% boj solinadi. Bundan tashqari, Kanada energetika mahsulotlari, jumladan, neft, tabiiy gaz va elektr energiyasiga 10% tarif qoʻllanadi.
“Ushbu chora-tadbirlar noqonuniy immigratsiya va giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurash strategiyasining bir qismi sifatida joriy etilmoqda”, deb aytib oʻtdi Tramp.
Shuningdek, bunday shakldagi bojlar, kelajakda Yevropa Ittifoqiga ham joriy etilishi mumkin.
Mazkur xabarlar jahon bozorlarida sezilarli beqarorlikni keltirib chiqardi. Fond birjasi fyucherslari (kelishuv shartnomalari) keskin pasaydi: Nasdaq 2 foizdan koʻproqqa, S&P 500 1,6 foizga tushdi va Dow Jones fyucherslari taxminan 1,1 foizga kamaydi.
Tahlilchilar bu tariflar taʼminot zanjirlarini izdan chiqarishi, isteʼmol narxlarini oshirishi va iqtisodiy oʻsishni sekinlashtirishi mumkinligini taxmin qilishmoqda. Dunyo boʻylab AQSh dollari asosiy valyutalarga nisbatan mustahkamlandi, oltin va neft kabi tovarlarning narxi esa oshdi.
General Motors, Ford va Tesla kabi avtomobil ishlab chiqaruvchilar hamda sanoat kompaniyalari aksiyalarining tushib ketishi kuzatildi. Bu esa ishlab chiqarish xarajatlari oshishi va taʼminot zanjirlarining buzilishi borasidagi xavotirlarni kuchaytirdi.
Davlatlar AQShga qanday javob qaytarmoqchi?
Kanada
Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo Kanada AQSh bilan har doim doʻst va hamkor boʻlib kelganligini, bu tariflar nega amalga oshirilayotganini tushunmayotganini aytib oʻtdi. U Kanada aholisi va iqtisodiyotini himoya qilish uchun 155 mlrd dollarlik mahsulotlarga 25% lik qarshi boj tariflarini joriy etilishini eʼlon qildi. Bu choralar alkogol, oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak, poyabzallar, maishiy texnika, mebel, yogʻoch materiallari va boshqa tovarlarni oʻz ichiga oladi. Bosh vazir bu tariflarning ikki tomonlama ishchi kuchiga jiddiy zarar yetkazishini taʼkidlab, Kanadaliklarni mahalliy mahsulotlarni qoʻllab-quvvatlashga chaqirdi.
Meksika
Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum AQShga javoban oʻzining B rejasini qoʻllashini aytib oʻtdi. Ammo bu reja qanday shartlarni qamrab olishini aniqlashtirmadi. Mamlakat prezidenti muammolarni bojlar bilan emas, muzokaralar orqali hal qilish mumkin ekanligini aytib oʻtgan.
Xitoy
Xitoy raisi Si Szinpin savdo urushlarida gʻoliblar boʻlmasligini taʼkidlab, Xitoy va AQSh oʻrtasidagi hamkorlik muhimligini qayd etdi. U tariflar va texnologik urushlar iqtisodiy tamoyillarga va tarixiy tendensiyalarga zid ekanini aytib, kelishmovchiliklarni boshqarish va barqaror ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish uchun muloqotga chaqirdi. Bundan tashqari, Xitoy ham qarshi boj tariflarini joriy etishi va Jahon savdo tashkilotiga murojaat qilishini aytib oʻtdi.
Shunday qilib, Donald Tramp hokimiyatga qaytganiga hali ikki hafta boʻlmasidan AQShning bir necha oʻn yillik hamkorlari bilan savdo urushini boshladi.