12 694.970 so‘m

increase

40.840

14 878.500 so‘m

increase

60.510

161.600 so‘m

increase

0.420

12 694.970 so‘m

increase

40.840

21-iyun, 14:37
Texnologiya

“Made in USA” deya taqdim etilgan Tramp telefoni Xitoyda ishlab chiqarilishi mumkin

Donald Trampga tegishli kompaniya “AQShda ishlab chiqarilgan” deya T1 smartfonini taqdim etdi. Ammo mutaxassislar telefonning asosiy qismlari chet eldan keltirilishini va AQShda bunday qurilmalarni toʻliq ishlab chiqarish uchun infratuzilma yoʻqligini taʼkidlashmoqda.

“Made in USA” deya taqdim etilgan Tramp telefoni Xitoyda ishlab chiqarilishi mumkin
Foto: AI / Pinkod.uz

AQSh prezidenti Donald Trampga tegishli boʻlgan Tramp Organization yaqinda oʻzining yangi smartfoni — T1 modelini taqdim etdi. Oltin rangdagi ushbu qurilma $499 turadi va Google’ning Android operatsion tizimida ishlaydi.

Kompaniya telefon “AQShda ishlab chiqariladi” deb eʼlon qilgan boʻlsa-da, texnologiya sohasi mutaxassislari bu daʼvoga shubha bilan qaramoqda. IDC kompaniyasi vitse-prezidenti Fransisko Jeronimoning taʼkidlashicha, smartfonni butunlay AQShda ishlab chiqarish yoki noldan loyihalashtirish amalda deyarli imkonsiz.

Sababi, koʻplab texnologik mahsulotlar boshqa mamlakatlarda ishlab chiqarilib, keyin brend tomonidan oʻz nomi bilan sotuvga chiqariladi. Bunday ishlab chiqaruvchilar “ODM” (Original Design Manufacturer) deb ataladi. T1 modeli ham, katta ehtimol bilan, aynan shunday tarzda tayyorlanadi.

Counterpoint Research tahlilchilari ham bu fikrni qoʻllab-quvvatlaydi. Ularning aytishicha, telefon “AQSh mahsuloti” sifatida reklama qilinayotgan boʻlsa-da, aslida u Xitoydagi zavodlarda yigʻilishi ehtimoldan xoli emas. Kompaniya vakillaridan biri shunday deydi: 

“AQShda bu darajadagi smartfonlarni toʻliq ishlab chiqarish uchun zarur infratuzilma hali mavjud emas”.

Chet eldan qismlar keltirilishi shart

Hatto telefonning ayrim qismlari AQShda yigʻilsa ham, butun dunyo boʻylab tarqalgan taʼminot zanjirini hisobga olganda, koʻplab ehtiyot qismlar baribir boshqa mamlakatlardan keladi.

T1 ham bundan mustasno emas. Masalan, 6.8 dyumli AMOLED ekranni Samsung, LG (Janubiy Koreya) yoki Xitoydagi BOE kompaniyalari yetkazib beradi.

Chip masalasiga kelsak, bu narxdagi model, katta ehtimol bilan, Tayvanning MediaTek protsessoridan foydalanadi. Hatto Qualcomm chiplari tanlansa ham, uning ishlab chiqarilishi yana Tayvanga toʻgʻri keladi.

50 megapiksellik kamera uchun zarur boʻlgan tasvir datchiklarini esa asosan Yaponiya kompaniyasi Sony yetkazib beradi. Boshqa kichik ishlab chiqaruvchilar ham bor, lekin Sony bozorda yetakchi.

Xotira boʻyicha esa AQShning Micron kompaniyasi variant sifatida koʻriladi. Lekin bu yerda ham Samsung kabi raqobatchilar mavjud.

Global taʼminot zanjiri mavjud boʻlgan bir paytda, telefonni butunlay AQSh mahsuloti sifatida koʻrsatish haqiqatdan yiroq boʻlishi mumkin.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2025 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+