Larri Ellison qanday qilib dunyoning ikkinchi eng boy odamiga aylandi?
2025 yil iyulida Oracle kompaniyasi asoschilaridan biri Larri Ellison Mark Sukerbergni ortda qoldirib, 257 milliard dollarlik boylik bilan dunyodagi ikkinchi eng boy insonga aylandi. Sunʼiy intellekt va bulutli texnologiyalar orqali yuksalgan Ellison qanday qilib bu darajaga yeta oldi?

Larri Ellison 2025 yil iyul oyida shu paytgacha ikkinchi oʻrinda turgan Mark Sukerbergni ortda qoldirib dunyoning ikkinchi eng boy insoniga aylandi.
Lerri Ellison dunyodagi eng yirik texnologik kompaniyalardan biriga aylangan Oracle Corp. asoschilaridan biridir. Bloomberg nashri milliarder qanday qilib dunyoning eng boy ikkinchi odamiga aylangani haqida maqola eʼlon qildi.
Larri Ellison kim va u qancha boylikka ega?
Larri Ellison Oracle Corp. kompaniyasining hammuassisi va eng yirik aksiyadoridir. Ushbu dasturiy taʼminot kompaniyasi oʻzining nomi bilan atalgan maʼlumotlar bazasi orqali mashhurlikka erishgan boʻlib, dunyodagi yirik korporativ tizimlar faoliyatining asosi hisoblanadi. Soʻnggi yillarda kompaniya sunʼiy intellektga asoslangan bulutli hisoblash xizmatlari bozorida ham muvaffaqiyat qozonib, Amazon kabi yetakchilar bilan raqobat qilishga harakat qilmoqda.

80 yoshli Ellison Austin, Texasda joylashgan Oracle’ning 40% dan ortiq ulushiga egalik qiladi. Shuningdek, u Tesla kompaniyasida ham ulushga ega, shuningdek yelkanli sport jamoasi, Indian Wells tennis musobaqasi, Gavayidagi Lanai oroli kabi koʻplab koʻchmas mulklariga egalik qiladi.
2025 yil 17 iyul holatiga koʻra, Ellisonning boyligi 257 milliard dollarni tashkil etgan (Bloomberg Billionaires Index maʼlumotlariga koʻra) va u Elon Maskdan keyin dunyodagi ikkinchi eng boy odam boʻlgan. Uning boyligining katta qismi Oracleʼdagi ulushidan keladi.
Ellison Oracle orqali boylikni qanday topdi?
Chikagoning janubiy tomonida voyaga yetgan Ellison 9 oyligida onasining xolasi va uning turmushi oʻrtogʻi asrab olingan. U Illinoys universiteti va Chikago universitetida oʻqishni boshlagan boʻlsa-da, ikkala oliygohni ham tugatmasdan tashlab ketgan. Soʻng Berkli (Kaliforniya)ga koʻchib, Ampex kompaniyasida dasturchi boʻlib ishlagan. U yerda AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi (CIA) uchun Oracle nomli maʼlumotlar bazasi ustida ishlagan.

Keyin esa, ikki sherigi bilan birga, 1977 yilda Oracle kompaniyasiga asos solgan. Kompaniya oʻz aksiyalarini birinchi bor 1986 yil 12 martda ommaga taklif qilgan — bu Microsoft IPOsidan atigi bir kun oldin boʻlgan. Ellison 2014 yil sentabr oyida Oracle’ning bosh direktori lavozimini tark etib, kompaniya raisi va texnologiya boʻyicha direktori sifatida faoliyatini davom ettirgan.
Nega Oracle hozirda yuksalmoqda?
Oracle soʻnggi yillarda bulutli infratuzilma (cloud infrastructure) sohasiga katta sarmoyalar yoʻnaltirdi — bu esa sunʼiy intellekt rivojlanishi tufayli katta daromad keltirmoqda. AI startaplari va kompaniyalar koʻproq hisoblash quvvatiga muhtoj boʻlayotgan bir vaqtda, Oracle bu ehtiyojni qondirishga qodir boʻlmoqda.
ChatGPT ommaga taqdim etilganidan beri (2022 yil noyabr) Oracle aksiyalari qiymati deyarli uch baravar oshgan. Joriy yil 15 iyulda AQSh hukumati Biden davridagi baʼzi cheklovlarni yumshatganidan soʻng, Oracle aksiyalari yana 5.7% ga koʻtarildi — bu esa Nvidia va AMD kabi chip ishlab chiqaruvchilariga Xitoyga maʼlum chiplarni eksport qilishga yoʻl ochdi. Bu esa global chip zanjiridagi tanglikni yumshatishi mumkin va Oracle uchun yaxshi xabar, chunki kompaniya AI chiplarining yirik xaridoridir.

Bunga qoʻshimcha ravishda, Oracle OpenAI bilan hamkorlik qilmoqda — Bloomberg xabariga koʻra, OpenAI Oracle’dan misli koʻrilmagan miqdorda hisoblash quvvatini ijaraga olgan.
Ellison, shuningdek, AQSh prezidenti Donald Tramp bilan yaqin aloqada. U Tramp tarafdori va Respublikachilar partiyasiga donor boʻlib, Tramp prezidentlikka qaytgach, Oracle’ni bir necha bor ragʻbatlantirgan.
Shuningdek, Ellison va Oracle kompaniyasi “Stargate” nomli sunʼiy intellekt infratuzilmasiga oid 500 milliard dollarlik loyiha tarkibiga kiradi. Tramp, shuningdek, Oracleʼning TikTok’ning AQShdagi biznesidan ulush sotib olish niyatini ham qoʻllab-quvvatlagan.
Ellison yana qanday bizneslarga egalik qiladi?
Soʻnggi oʻn yillikda u hashamatli koʻchmas mulklar uchun yuzlab million dollar sarflagan. Bunga Kaliforniyadagi Malibu va Rancho Mirage, Rod-Aylend shtatidagi Beechwood saroyi hamda San-Fransisko atrofidagi, 16-asr Yaponiya feodal meʼmorchiligi uslubida qurilgan hashamatli uy kabilar kiradi.
Ellison Tesla kompaniyasining yirik aksiyadorlaridan biri boʻlgan va 2022 yildagi hisoboti boʻyicha kompaniyaning taxminan 1,5 foiz ulushiga egalik qilgan. U 2022 yil iyun oyida Tesla boshqaruv kengashidan isteʼfoga chiqqan, shundan beri uning ulushi haqida maʼlumot berilmagan. U, shuningdek, Ilon Maskning Twitter’ni sotib olishiga moliyaviy yordam koʻrsatgan eng yirik tashqi sarmoyadorlardan biri boʻlgan.
Texnologiyadan tashqari Ellisonning qiziqishlari nimalardan iborat?
Uning dabdabali hayotga qiziqishi uzoq yillardan beri kuzatiladi. 2002 yilda yozilgan bir elektron xatda buxgalter Ellisonga uning xarajatlari haddan oshayotganini va “byudjet tuzib, moliyaviy rejalar” qilishi lozimligini tavsiya qilgan.
Ellison oʻzining hayot tarzini qarzlar va Oracle aksiyalaridan tushgan foyda hamda dividendlar orqali moliyalashtirib keladi. Bloomberg maʼlumotlariga koʻra, 2003 yildan beri u bu manbalardan 12 milliard dollardan ortiq daromad olgan.
Ellison faol yelkanli sport ishqibozi ham hisoblanadi. U BMW Oracle Racing jamoasiga qisman homiylik qilgan va bu jamoa 2010 yil fevral oyida America’s Cup musobaqasida gʻolib boʻlgan. Oʻsha yili u 138 metrlik hashamatli Rising Sun yaxtasidagi ulushini milliarder Devid Geffenga sotgan. Uning Oracle Team USA jamoasi 2013 yil oktabr oyida Yangi Zelandiyalik raqiblarini magʻlub etib, America’s Cup’ni himoya qilgan.
U 2010 yilda The Giving Pledge tashabbusiga qoʻshilgan va oʻz boyligining kamida 95 foizini xayriya maqsadlariga bagʻishlashga vaʼda bergan.
Ellisonning Gavayiga boʻlgan mehr-muhabbati bolalik yillaridan boshlanib, 2012 yilda Lanai orolining 98 foizini 300 million dollarga sotib olishi bilan yakun topdi. U yerda Ellison oʻzining marhum doʻsti Stiv Jobsning shifokori boʻlgan Devid Agus bilan hamkorlikda Sensei nomli sogʻlom turmush va uzoq umr koʻrishga yoʻnaltirilgan hashamatli dam olish markazlari tarmogʻini yoʻlga qoʻygan.

Ellisonning shaxsiy aloqalari orqali bu ilgari sokin orolga Ilon Mask, Tom Kruz, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu kabi mashhur shaxslar tashrif buyurgan.
Ellison tarafdorlari uning sarmoyalari Lanai orolini jonlantirishga yordam berganini taʼkidlamoqda, ammo tanqidchilarga koʻra, bu oʻzgarishlar orolni super-boylar uchun qulay maskanga aylantirgan va avlodlar davomida u yerda yashab kelgan mahalliy oilalar uchun yashash sharoitini yomonlashtirgan.