12 102.390 so‘m

decrease

-33.370

13 990.360 so‘m

decrease

-77.410

153.080 so‘m

decrease

-0.320

12 102.390 so‘m

decrease

-33.370

14 daqiqa avval
Texnologiya
39

Kiberxavfsizlik autsorsingi, antifishing va qoʻngʻiroqlarni bloklash: Oʻzbekiston kiberxavfsizlik strategiyasi nimalar belgilanmoqda?

 

Oʻzbekistonda kiberxavfsizlikni kuchaytirishga qaratilgan yangi strategiya qabul qilindi.

Hujjat davlat tizimlarini himoya qilish, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish hamda internet va telefon orqali firibgarliklarning oldini olish uchun yangi mexanizmlarni joriy etishni nazarda tutadi.

Pinkod mazkur strategiyaning asosiy jihatlarini tahlil qiladi.

Kiberxavfsizlik autsorsingi, antifishing va qoʻngʻiroqlarni bloklash: Oʻzbekiston kiberxavfsizlik strategiyasi nimalar belgilanmoqda?
Foto: AI/Pinkod.uz

Prezidentning 2026 yil 10 martdagi PF-38-sonli farmoni bilan mamlakatning 2026–2030 yillarga moʻljallangan Kiberxavfsizlik strategiyasi tasdiqlandi. Mazkur hujjat kibermakonda shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini ishonchli himoya qilish, shuningdek kiberjinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashish tizimini yangi bosqichga olib chiqishni koʻzda tutadi.

Pinkod strategiyaning asosiy yoʻnalishlarini tahlil qildi.

Asosiy strategik maqsadlar va ustuvor yoʻnalishlar

Yangi strategiya faqat kibertahdidlardan himoyalanishni emas, balki kiberhududda faol va innovatsion siyosat yuritishni ham nazarda tutadi. Hujjatda bir qator muhim strategik maqsadlar belgilangan:

  • davlat organlari, xususiy sektor va fuqarolarning raqamli xavfsizlik darajasini oshirish, kiberxavflarni tizimli ravishda kamaytirish;
  • kiberjinoyatchilikka qarshi kurash mexanizmlarini kuchaytirish va tezkor javob berish tizimini takomillashtirish;
  • raqamli innovatsiyalar hamda sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish orqali mamlakatning texnologik mustaqilligini mustahkamlash.

Davlat idoralarida qatʼiy nazorat va yangi tuzilmalar

Strategiya doirasida davlat organlarida kiberxavfsizlikni taʼminlash boʻyicha masʼuliyat sezilarli darajada kuchaytirilmoqda.

  • 2026 yil 1 apreldan boshlab Adliya vazirligi, Energetika vazirligi hamda Soliq qoʻmitasi tizimida kamida 4 ta shtat birligidan iborat maxsus Kiberxavfsizlikni taʼminlash boʻlimlari tashkil etiladi.
  • Shuningdek, Migratsiya agentligi, Yoshlar ishlari agentligi, “Oʻzbekgidroenergo” AJ va yana oʻndan ortiq tashkilotlarda kiberxavfsizlik uchun masʼul tarkibiy boʻlinmalar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
  • Mazkur jarayonlarni muvofiqlashtirish va nazorat qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi raisligida Kiberxavfsizlikni taʼminlash va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi milliy kengash faoliyat boshlaydi.

Xususiy sektor integratsiyasi va “Bug Bounty” platformasi

Strategiyaning muhim yangiliklaridan biri — davlat tizimlari kiberxavfsizligini taʼminlash jarayoniga xususiy sektorni keng jalb etishdir.

Yetarli mutaxassis yoki texnik imkoniyatga ega boʻlmagan davlat idoralariga kiberxavfsizlik xizmatlarini autsorsing asosida jalb qilishga ruxsat beriladi. 

Bunda Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan maxsus reyestr yuritiladi va davlat tashkilotlari faqat ushbu roʻyxatga kiritilgan ishonchli kompaniyalar bilan hamkorlik qilishi mumkin boʻladi.

Shuningdek, davlat axborot tizimlari va muhim infratuzilmalardagi zaifliklarni aniqlash maqsadida “Bug Bounty” dasturlari ham yoʻlga qoʻyiladi. 

Maxsus elektron platforma orqali mustaqil ekspertlar — “oq qalpoqli xakerlar” davlat tizimlaridagi zaifliklarni aniqlab, buning uchun mukofot olishi mumkin boʻladi. Bu usul xalqaro tajribada kiberxavfsizlikni mustahkamlashning samarali mexanizmlaridan biri hisoblanadi.

Hodisalarga tezkor munosabat va raqamli kriminalistika

Kiberhujumlar yuz berganda tezkor javob choralarini koʻrish hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shu bois strategiya doirasida axborot infratuzilmasini doimiy kuzatib boruvchi zamonaviy monitoring tizimlarini joriy etish rejalashtirilgan.

Xususan, kiberxavfsizlik hodisalarini aniqlash va ularga tezkor javob qaytarish uchun Kiberxavfsizlik hodisalarini monitoring qilish va boshqarish milliy tizimi (SOC) markazlari tashkil etiladi.

Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi tizimida tezkor faoliyatni axborot-texnik jihatdan qoʻllab-quvvatlashga moʻljallangan maxsus kiberlaboratoriya tashkil etiladi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlarda raqamli kriminalistika yoʻnalishi ham rivojlantirilib, raqamli dalillarni yigʻish, saqlash va tahlil qilish boʻyicha zamonaviy metodikalar joriy etiladi.

Telefon va internet firibgarliklariga qarshi choralar

Soʻnggi yillarda aholining plastik kartalaridan pul yechib olish va turli onlayn firibgarliklar keng tarqalmoqda. Strategiyada bunday tahdidlarga qarshi bir qator aniq choralar belgilangan.

Antifishing platformasi. Firibgar veb-saytlarni avtomatik aniqlash va ularni tezkor bloklash uchun maxsus antifishing platformasi yaratiladi.

Spam va soxta qoʻngʻiroqlarni bloklash. 

Mobil aloqa operatorlari va internet provayderlariga potensial firibgar qoʻngʻiroqlarni aniqlash, ularni bloklash yoki foydalanuvchilarga ogohlantirish yuborish majburiyati yuklatiladi. Shuningdek, reklama va spam qoʻngʻiroqlarni cheklash imkoniyatlari ham kengaytiriladi.

Banklar masʼuliyati. Banklar, kredit tashkilotlari hamda toʻlov tizimlari operatorlari uchun kiberxavfsizlik barqarorligi boʻyicha qatʼiy talablar joriy etiladi. Moliya tashkilotlari mijozlarni ijtimoiy muhandislik orqali amalga oshiriladigan firibgarliklar haqida muntazam ogohlantirib borishi shart boʻladi.

Yoshlar va taʼlim

Yoshlar va taʼlim Kelajak avlodni raqamli tahdidlardan himoya qilish strategiyaning diqqat markazida turibdi. Yuqori sinf oʻquvchilari uchun tarbiyaviy soatlar doirasida kibergigiyena va kibermadaniyat mashgʻulotlari tashkil etiladi. 

Maktab oʻquvchilari va talabalar uchun kiberxavfsizlik asoslarini oʻrgatuvchi bepul onlayn kurs platformalari yaratiladi. 

Respublika hududlarida iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash uchun kiberxavfsizlik klublari ochiladi.

Mutaxassislarning CISSP, CISM, CEH kabi nufuzli xalqaro sertifikatlarni qoʻlga kiritishlari uchun sharoit yaratilib, oʻqish xarajatlarini qoplash mexanizmi joriy etiladi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+